Italiya
Italiya (Italia), Italiya Respublikasi (Repubblika Italiana) — Yevropa Janubda, O’rta dengiz havzasida joylashgan davlat. Apennin yarim oroli, Sitsiliya, Sardiniya va boshqa kichik orollarni o’z ichiga olgan. Maydoni 301,2 ming km2. Aholisi 57,679 million kishi (2001). Ma’muriy jihatdan 20 viloyat (regione)ra bo’linadi. Poytaxti — Rim shahri. Davlat tuzumi. Italiya — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1947 yil 22 dekabrda qabul qilingan va 1948 yil 1 yanvardan kuchga kirgan. Davlat boshligi — Prezident (1999 yil maydan K. A. Champi). U parlament ikkala palatasining qo’shma majlisida viloyatlar vakillari ishtirokida 7 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi organ deputatlar palatasi va Senatdan iborat parlament. Ijrochi hokimiyatni Vazirlar Kengashi amalga oshiradi. Prezident Vazirlar Kengashi raisi va uning taklifiga binoan vazirlarni tayinlaydi. Tabiati. Mamlakatning qirg’oq chizig’i (7,5 ming kilometr) Apennin yarim orolining Janubda pasti-baland bo’lsa, boshqa qismida deyarli tekis. Hududining 4/5 qismi tog’ va qirlardan iborat. Italiyaning shimolda Alp tog’lari joylashgan: G’arbiy Alp tog’lari (Monblan cho’qqisi, 4807 metr — Italiyaning eng baland nuqtasi)ning yon bagirlari tik. Sharqiy Alp tog’lari (eng baland nuqtasi — Ortles tog’i, 3899 metr) asta-sekin pasaya borib, Sharqda Karst platosiga tutashib ketgan. Alp tog’lari Janubda joylashgan Padan tekisligi Sharqda Adriatika dengiziga tomon pasayib boradi. Po daryosining vodiysi botqoqli pasttekislik. Alennin yarim oroli bo’ylab 1200 kilometr masofada Apennin tog’lari joylashgan. Bir necha so’ngan va so’nmagan vulkanlar (Amiata — 1734 metr, Vezuviy — 1277 metr) bor. Italiya orollarining relefi, asosan, tog’lik, orollarda Etna (3340 metr), Stromboli, Vulkano vulkanlari bor. Italiyaning o’rta va Janubiy qismlarida tez-tez kuchli zilzila bo’lib turadi. Italiyada toshko’mir, bitumli slanes, neft, gaz, qo’rg’oshin, rux, temir rudalari, boksit, oltingugurt va osh tuzi konlari bor. Italiya simob rudasi zaxirasi bo’yicha dunyoda yetakchi o’rinda. Toskanada Mar-Mar qazib olinadi. Ma’danli va issiq (temperaturasi 100-200°) buloq ko’p. Iqlimi O’rta dengizga xos subtropik, Padan tekisligida mo’tadilroq. Alp tog’lari shimoldan keladigan sovuq shamolni to’sib turadi. Yozi issiq va quruq. Iyulning o’rtacha temperaturasi tog’ etaklari va tekisliklarda 20-28°, ba’zan issiq shamol esganda 40-45° ga ko’tariladi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Alp tog’lari etaklari va Padan tekisligida 0°, Apennin yarim oroli va orollarda 1 — 12°. Sharqiy Alp va shimoliy Apennin tog’lari Italiyaning eng seryog’in (yiliga 3000 mm) joylaridir. Mamlakat ichkarisida yiliga 600-800 mm, Sisiliya va Sardiniya orollarida 500 mm yog’in yog’adi. Alp tog’larining Italiya hududidagi qismida 800 dan ortiq muzlik bor. Eng yirik daryosi — Po va uning irmoqlarida kema qatnaydi. Daryolar Italiyaning shimoliy qismida ko’proq. Daryolari yomg’ir, qor va muzliklardan suv oladi. Ulardan sug’orish va gidroenergiya olishda foydalaniladi. Yirik ko’llari: garda, Komo, Lago-Majore, Bolsena va boshqalar. Ularda kema qatnaydi, sohillarida kurort ko’p. Alp tog’larining 1800 metr balandlikkacha bo’lgan qo’ng’ir-o’rmon tuproqli yon bag’rida keng bargli va igna bargli o’rmonlar, undan yuqoridagi tog’-o’tloqi tuproqlarda butazorlar, subalp va Alp o’tloqlari bor. Apennin yarim oroli, Sitsiliya va Sardiniya orollarida (tuprog’i jigarrang) 500-600 metr balandlikda doim yashil tosh dub va po’kak dublari, piniya, Halab qarag’aylari, butalar o’sadi. 1500 metr balandlikkacha jigarrang va qo’ng’ir tog’tuproqli yerlarda dub, qora qayin va kashtan o’rmonlari, 2000 metrdan balandda igna bargli, keng bargli o’rmonlar, tog’ tepalarida subalp o’tloqlari bor. Italiyada yovvoyi hayvonlar, asosan, tog’larda uchraydi. Alp va Apennin tog’larida Serna, yovvoyi mushuk, tog’va o’rmon suvsari, sassiqko’zan, qo’ng’ir ayiq, quyon, tiyin yashaydi. Qushlarning 400 ga yaqin turi, sudraluvchilar bor. Ovlanadigan baliq turi ko’p. Italiyada noyob o’simlik, hayvon va geologik ob’yektlarni saqlash uchun qo’riqxonalar tashkil etilgan. Milliy bog’lari: Stelvio, Granparadizo, Abrusso, Kalabriya, Chir-Cheo va boshqalar — jami maydoni 200 ming gektar. Aholisining 98% dan ko’prog’i italyanlar; qolgan qismi retoromanlar, tirollar, frantsuzlar, sloven va xorvatlar, shuningdek, albanlar, katalonlar va boshqalar. Rasmiy tili — italyan tili. Asosiy din — katolik dini. Aholining 67% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Rim, Milan, Neapol, Turin, Genuya, Palermo. Tarixi. Italiya hududida paleolit davrida odamlar yashagan. Apuliyaning Kastro shahri yaqinidagi Romanelli goridan, Liguriyaning Grimaldi qishlog’i yaqinidagi Barma-Grande g’oridan, Emiliyaning savinyano manzilgohidan topilgan arxeologiya yodgorliklari shundan dalolat beradi. Shimoliy Italiyada jez davriha mansub arxeologiya madaniyati, o’rta Italiyada unga turdosh bo’lgan madaniyatlar nishonalari juda ko’p. Temir davrida Italiya hududida paydo bo’lgan bir qancha madaniyatlar ko’pgina arxeologiya yodgorliklarini qoldirgan. Ular orasida villanlar madaniyati yetakchi bo’lgan. Miloddan avvalgi 2—1-ming yilliklarda hozirgi Italiya hududida ligurlar, etrusklar yashagan, asta-sekin italiklar (shu jumladan, lotinlar) ko’chib kelib joylasha boshlagan. Italiklar guruhiga mansub bo’lgan sabinlar bilan birga lotinlar Rimga asos solganlar (miloddan avvalgi 754-53-yillar). Miloddan avvalgi 5-3- asrlarda Italiya hududi qadimgi Ashning asosiy qismi bo’lgan. Milodiy 5-asrgacha, ya’ni Italiya Rim davlati tarkibiga kirgan davrgacha bo’lgan. Milodiy 3-asrda, asosan, Italiya hududidan iborat bo’lgan Rim imperiyasida quldorlik tuzumi inqirozga uchragan. Quldorlik jamiyati zamirida feodalizm unsurlari vujudga kela boshladi: yirik yer egaligi bilan birga mayda xo’jalikning mavjudligi, natural xo’jalik hukmronligi Rim imperiyasi davrida butunlay barxam topmagan yer egalarining siyosiy hokimiyati oshib borgan edi. 4-5-asrda Italiyaga bostirib kirgan german qabilalari va boshqa varvar qabilalar Rim imperiyasiga sezilarli zarba berdilar. 5-asr boshlarida Italiyaga kirib kelgan vestgotlar 413 yilda Rimni ishg’ol qildilar. 455 yilda Rim vandallar tomonidan tor-mor qilindi. Milodiy 5-asrda german, vestgot, vandal va boshqa qabilalarning hujumi, qullar hamda kolonlarning qo’zg’olonlari natijasida G’arbiy Rim imperiyasi yemirilgach, 476 yil Odoakr boshchiligida Qirollik hokimiyati o’rnatildi. 488 yilda Teodorix boshchiligida ostgotlar qirolligi bunyod etildi. 554 yil Italiyani Vizantiya, bosib oldi va Vizantiya imperatori Yustinian I 554 yil Pragmatik sanktsiya chiqardi, bu hujjat Rim imperiyasining ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarini qayta tiklashga qaratilgan edi. 568 yilda shimoliy Italiyaga langobardlar kelishdi. Langobardlarning istilosi quldorlik tartibiga uzil-kesil zarba berdi. Ular quldorlarning aksari qismini qirib tashladilar va haydab yubordilar. Ulardan musodara qilingan yerlar istilochi zamindorlar o’rtasida taqsimlandi. Erkin dehqon vaqtincha asosiy ishlab chiqaruvchi kuchga aylandi. Ammo Rimdagi yirik yer egaligining bir qismi (qullar va kolonlar bilan birga) baribir saqlanib qolgan edi. Rim xususiy mulkchiligi ta’sirida langobardlar jamoasining parchalanishi kuchaydi, karam dehqonlar sinfi va zamindorlar sinfining shakllanish jarayoni tezlashdi. Ilk feodal davlati vujudga keldi. Italiyaning bir qismi Vizantiya hukmronligi ostida qola berdi. 751 yilda langobardlar Ravenna ekzarxatini bosib oldi, so’ngra Franklar uni langobardlardan tortib olishdi. 556 yilda franklar qiroli Pipin Pakana Ravenna ekzarxati, Rim dukati va Pentapolisni papaga sovg’a qilgach, papalarning teokratik davlati (Papa viloyati) tarkib topdi. 773-74 yillarda Italiyani franklar qiroli Buyuk Karl bosib oldi. Italiyaning franklarga tobe bo’lishi unda zamindorlik munosabatlarining rivojlanishini tezlashtirdi. 781 yilda Italiya qirolligi tashkil topdi. Buyuk Karlning o’g’li Pipin uning qiroli bo’ldi. Franklar istilosidan so’ng Italiyada mulkdorlik munosabatlari tez rivojlana boshladi. 887 yil Buyuk Karl sulolasidan bo’lgan Karl III ag’darilgach, yirik zodagonlar o’rtasida Italiya taxti uchun kurash avj oldi. 9-asrda Italiyaga Janubdan arablar, shimoldan vengerlar hujum qildi. 10-asrning 2-yarmidan 12-asr boshlarigacha Italiyaning ko’p qismi german imperatori Otton I ta’sirida bo’ldi. 10-11-asrlarda Italiyaning Milan, Venesiya, Genuya, Piza va boshqa shaharlari episkopsenorlar iskanjasidan qutulib, mustaqil shaharlarga aylandi. 11 — 12-asrlarda Italiya shaharlarida hunarmandlar va savdogarlar korporatsiyalari—tsexlar vujudga keldi. Kommunalar g’alaba qozongach, hokimiyat senordan konsullar hay’ati qo’liga o’tdi, shahar zodagonlarining, boy savdogarlarning namoyandalari shu hay’at tarkibiga kirardi. Hunarmandlar bilan mayda savdogarlar hokimiyatga yo’latilmas edi. Xalq yig’inining ahamiyati unchalik katta emas edi. Siyosiy va iqtisodiy huquqlarning kommunaga o’tishi zamindorlarning qudratini puturdan ketkazdi va Italiya iqtisodiyotining rivojlanishi hamda atrofdagi mayda shahar va qishloqlar hududida bo’ysundirish yo’li bilan shahar-davlatlarning tashkil topishi uchun turki bo’ldi, bu shahar-davlatlarda o’sha davr uchun g’oyat ilg’or bo’lgan yangi davlat shakli — respublika tuzumi o’rnatildi. Shaharkommunalar tovar-pul munosabatlari rivojlangan qudratli markazlarga aylandi; salib yurishlari esa bu yerda port shaharlar (Venetsiya, Genuya, Piza, Ankona) ravnaq topishiga, ularni Yevropa bilan Sharq o’rtasidagi asosiy savdo vositachilariga aylantirdi. Shimoliy va O’rta Italiyadagi shaharlarning iqtisodiy ustunligi Italiyaning shu qismida 11 —12-asrlarda yirik zamindorlarning erlarni dehqonlar, ritsarlar, savdogarlar va ba’zan shaharlarning yuqori tabaqasiga ijaraga berishiga olib keldi. 12-13-asrlarda Italiya shaharlarining qo’llab-quvvatlashi bilan qishloq kommunalari vujudga kela boshladi, ular o’zini o’zi boshqarish huquqi berilishini talab qildilar. Qishloq kommunalari zamindorlar hukmronligidan ozod bo’lishlari bilanoq qo’shni shaharlarga qaram bo’la bordilar. 12-13-asrda Paviya, Milan va boshqa shaharlarda hunarmand, savdogar va mayda ritsarlar yirik zodagonlarga qarshi kurashdilar. Shu davrdagi shaharlar aholisi Italiyaga bostirib kirgan german zamindorlariga qarshi qahramonlarcha kurashdi. 1158 yilda imperator chiqargan Ronkal qaroriga binoan Italiya kommunalari siyosiy mustaqillikdan mahrum bo’ldi. German zamindorlariga qarshi kurash davrida Italiya shaharlarida gvelflar va Gibellinlarning siyosiy partiyalari vujudga keldi. 1162 yilda german bosqinchilariga qarshilik ko’rsatishning asosiy markazi bo’lgan Milan vayron qilindi. 1167 yilda shimoliy Italiya shaharlari birlashib, “Muqaddas Rim imperiyasi” imperatorlariga zarba berish uchun Lombardiya ligasini tuzdilar. German zamindorlariga qarshi kurash italyan xalqining milliy o’zligini anglash unsurlari paydo bo’lishiga ko’maklashdi. 1183 yil Konstantsa sulhiga binoan Italiya shaharlari imperatordan haqiqiy mustaqillikni yana tiklab oldilar. 11-asrda Janubiy Italiya va Sitsiliyani normannlar bosib olgan edi, bu yerlarda zamindorlik munosabatlari shimoliy va O’rta Italiyadagidan sustroq rivojlandi. 13-asrda ham yarim dehqonlarning katta qatlami bor edi. Sitsiliya qiroli va “Muqaddas Rim imperiyasi” imperatori Fridrix II Shtaufen Sitsiliyani markazlashgan byurokratik monarxiyaga aylantirdi, o’z hukmronligini butun Italiyaga yoyishga behuda urindi. 13-asr 60-yillarda Janubiy Italiya o’ziga Anjuy sulolasini bo’ysundirib oldi. 1282 yildagi xalq qo’zg’oloni tufayli Sitsiliya kirolligi parchalandi. 13-asr oxiri — 14-asr boshlarida Sitsiliyani, 15-asr o’rtalarida Janubiy Italiyani ham Aragon sulolasi qo’lga kiritib oldi. Shu tariqa Italiya Janubiy ispanlar hukmronligi ostiga o’tdi. 13-asrda Italiya shaharlarining ilk rivojlanishi tufayli shimoliy va O’rta Italiyadagi ilg’or shahar-davlatlarda dastlabki tovar-pul munosabatlari nishonalari vujudga keldi: bank ishi rivojlandi, dengiz orti savdosi, movut to’qish ravnaq topdi (Florentsiya, Venesiya, Genuya, Piza, Bolonya). Bank va savdo sarmoyasidan sanoatni rivojlantirish uchun foydalanildi. Hunarmandchilikning kengayishi shahar-davlatlarning o’ziga qarashli hududlarda dehqonlarning servaj (krepostnoy qaramlik) dan ozod qilishiga imkon berdi. Dehqonlarning ko’pchiligi shaharlarga ko’chib, ustaxonalardagi yollanma ishchilar safini to’ldirdi. Shimoliy va O’rta Italiya shaharlarida savdogar-hunarmandlar bilan zamindorlar o’rtasida shiddatli kurash natijasida zamindorlar siyosiy huquqlaridan mahrum bo’ldilar. Shimoliy va O’rta Italiya shahar va qishloklarida ishlab chiqarish kuchlarining jadal rivojlanishi tufayli 14-16-asrlarda dunyoda birinchi marta ilk tovar-pul munosabatlari paydo bo’lishi va rivojlanishiga olib keldi. 14-asr Shimoliy va O’rta Italiyaning ayrim yirik shaharlarida yollanma ishchilar necha o’n minglab kishiga yetdi, asosan movut to’qimachiligida manufaktura paydo bo’ldi. 14-15-asrlarda xalq qo’zg’olonlari kuchayib borishidan cho’chigan “semiz” popolanlar shaxarlarda respublika idora usulini tiraniya bilan almashtirdilar. 15-asrda Florentsiya, Milan, Bolonya, Ferrara, Urbino va boshqa joylarda tiraniya mustahkam qaror topdi. 16-asr 2-yarmida Italiyada reaktsiya kuchayishi, mulkdorlik munosabatlarining inqirozi va savdo-sanoat munosabatlarining keng ildiz otishi Italiyada ma’rifatparvarlik oqimini keltirib chiqardi. Savdo-sanoatning rivojlanishi va ma’rifatparvarlik harakati Italiya tarixida yangi davr — chet el hukmronligiga qarshi kurash boshlanishiga sabab bo’ldi. 1789 — 94 yillarda Frantsiyada bo’lib o’tgan inqilob Italiyadagi inqilobchilar faoliya-tini kuchaytirdi. Frantsiyadagi kabi Italiyada ham yakobinchilar harakati paydo bo’ldi. 1796-97 yillardagi Napoleon yurishidan so’ng Italiya Respublikasi (1797) tuzildi. 1799 yil A. V. Suvorov armiyasi frantsuz armiyasini Italiyadan surib chiqardi. Lekin 1800 yil Napoleon armiyasi Italiyaga yana bostirib kirdi. Pemont, Liguriya, Toskana, Papa viloyatlari Frantsiyaga qo’shib olindi, Tsizalpin (1802 yildan Italiya) Respublikasi Italiya qirolligiga aylantirildi (Napoleonning o’zi imperator edi). Shunday qilib, butun Italiya (Sardiniya va Sisiliya orollaridan tashkari) Frantsiya qo’l ostida birlashtirildi. 1814 yildan Italiyada Frantsiya hukmronligiga qarshi kurashuvchi tashkilotlar tuzila boshladi. Napoleon imperiyasi yemirilgach, Vena kongressi (1814-15) mamlakatning Avstriyaga qaramligi va ko’plab qirolliklarga bo’linganligini rasmiylashtirdi. 19-asr 40-yillaridan Lombardiya, so’ngra Pemontda sanoat inqilobi boshlandi. 1848-49 yillarda inqilob sodir bo’ldi. Frantsiya, Avstriya hamda Italiya zamindorlari til biriktirib, inqilobni bostirdi, oldingi tartiblarni tikladi. 1860 yil may oyida J. Garibaldi uyushtirgan harbiy yurish Italiyani birlashtirishda muhim rol o’ynadi. Avstriya zulmidan ozod qilingan yerlar Pemontga birlashtirildi, 1861 yildan Pemont Birlashgan Italiya qirolligi deb yuritildi. 1870 yilga kelib Italiya birlashtirib bo’lindi va u bosqinchilik yo’lini tuta boshladi. Italiya Germaniya va Avstriya-Vengriya bilan birga Uchlar ittifoqini tuzdi (1882). Italiya qo’shinlari 1889-90 yillarda Somali va Eritreyani bosib oldi, lekin Efiopiyada qaqshatqich zarbagaduch keldi. 1911 — 12 yillardagi Italiya Turkiya urushi natijasida Italiya Liviyani bosib oldi. 1916 yil 27 avgustda Italiya Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi. Urush mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar keltirdi. Urushning og’ir oqibatlari va iqtisodiy tanglik Italiyada g’alayonlar boshlanishiga olib keldi. Ayniqsa, Turin ishchilarining qo’zg’oloni juda kuchli bo’ldi. Inqilobiy kuchlarning tarqoqligidan foydalangan aksilinqilobchi unsurlar hokimiyat tepasiga 1922 yil 31 dekabrda B. Mussolinini keltirib qo’ydi. Mussolini hukumati demokratik kuchlarga qarshi kurash boshladi. 1929-33 yillardagi jahon iqtisodiy bo’hroni Italiya iqtisodiyotini mushkul ahvolga solib qo’ydi. Shunga qaramay, Mussolini hukumati mamlakatni harbiylashtiraverdi va yangi urushga hozirlik ko’ra boshladi. 1935 yil 3 oktabrda Italiya urush e’lon qilmasdan Efiopiyaga hujum boshlab, 1936 yilning may oyida uni va 1939 yilda Albaniyani bosib oldi. Italiya Millatlar Ittifoqidan chiqib, “Antikomintern pakti”ga qo’shildi (1937) va gitlerchilar Germaniyasining asosiy ittifoqchisiga aylandi. 1940 yil oktabrda Italiya Gretsiyaga, 1941 yil aprelda Yugoslaviyaga hujum qildi. 1941 yil 22 iyunda Italiya sobiq SSSRga urush e’lon qildi, sharqiy frontga italyan ekspedision korpusi (1942 yildan armiya)ni yubordi. Lekin 1943 yil Italiya qo’shinlari sobiq sovet armiyasi tomonidan tor-mor qilindi. Sitsiliyaga Angliya-Amerika qo’shinlari bostirib kirdi. Bu voqealar Mussolini siyosatining inqirozga uchrashiga va hukumatning marshal P. Badolo qo’liga o’tishiga sabab bo’ldi (1943 yil 25 iyul). Badolo Angliya-Amerika qo’mondonligi bilan yarash (so’zsiz taslim bo’lish) shartnomasiga yashirincha imzo chekdi. Bundan xabardor bo’lgan Germaniya Italiyaning katta qismini bosib olib, Mussolini boshliq qo’g’irchoq hukumat tuzdi. 1943 yil kuzidan italyan xalqi ozodlik uchun kurash boshladi. Nihoyat, 1944 yil aprelda barcha anti-fashist partiyalarning vakillaridan iborat yangi hukumat (Badolo boshliq) tuzildi. Umumxalq qurolli qo’zg’oloni natijasida 1945 yil aprelda mamlakat fashistlardan ozod bo’ldi. 1946 yil 2 iyunda respublika e’lon qilindi. Italiya-1945 yildan BMT a’zosi. 1992 yil 10 yanvarda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi va o’sha yil 24 martda diplomatiya munosabati o’rnatdi. Milliy bayrami — 2 iyun — Respublika e’lon qilingan kun (1946); 1977 yildan 2000 yilgacha iyunning birinchi yakshanbasida nishonlangan. Trir shahri devorlarining shimoliy darvozasi (qurilish 180 yilda boshlangan, ammo nihoyasiga yetmagan). Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. “Olg’a, Italiya” partiyasi, 1993 yil siyosiy uyushma sifatida tuzilgan, 1996 yil partiyaga aylantirilgan; Italiya Liberal partiyasi, 1848 yilda asos solingan, 1944 yilda qayta tiklangan, 1994 yil martida o’zini o’zi tugatgan va o’sha yil iyulda qayta tashkil etilgan; Italiya Xalq partiyasi, tugatilgan xristian-demokratik partiya negizida 1994 yil 18 yanvarda rasmiy ravishda tuzilgan; kommunistok qayta qurish partiyasi, 1991 yil tashkil etilgan; Italiya Respublikachilar partiyasi, 1832 yildan faoliyat ko’rsatadi; Italiya sotsial-demokratik partiyasi, sotsialistok partiya parchalanishi natijasida 1947 yilda tuzilgan, 1966 yilda sotsialistok partiya bilan qo’shilgan, 1969 yildan yana mustaqil partiya; Italiya sotsialistlari, Italiya sotsialistik partiyasining bo’linishi natijasida 1994 yil tuzilgan; Italiya sotsialistok partiyasi, 1892 yilda Italiya mehnatkashlar partiyasi nomi bilan tuzilgan. Italiya umumiy mehnat konfederatsiyasi, 1906 yilda tuzilgan; Italiya mehnatkashlari kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1948 yilda tashkil etilgan, xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederasiyasi a’zosi. Italiya mehnat Ittifoqi, 1950 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Italiya — yuksak rivojlangan industrial-agrar mamlakat. Dunyoda eng rivojlangan 10 davlatning biri. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 31,6%, qishloq xo’jaligi ulushi 2,9%, xizmat ko’rsatish sohasi 65,5% (1997). Italiyada 12 milliondan ziyod aholi xizmat ko’rsatish sohasida, 6,5 million kishi sanoatda, 1,5 million kishi qishloq xo’jaligida band. Sanoatida og’ir sanoat ustun. Jumladan, mashinasozlik, metallurgiya, avtomobilsozlik, to’qimachilik, elektroenergetika, neftni qayta ishlash, neft kimyosi rivojlangan. Sanoat mahsulotining anchagina qismi eksport qilinadi. Italiyada xom ashyo va energetika zaxiralari kam, borlari ham notekis joylashgan. Neft va gaz (asosan, Padan tekisligi, Po daryosi etaklari, Adriatika dengizi sohiliga yaqin joylar va Sitsiliya orolida), qo’rg’oshin, rux (asosan, Sardiniya orolida), temir rudalari (Aostada va Sardiniya orolida), boksit, kinovar (simob rudasi), pirit (Toskana viloyatida), oltingugurt, tuz (Sitsiliya orolida), qo’ng’ir ko’mir, binokorlik materiallari va boshqalar qazib olinadi. Issiqlik elektr stansiyalari elektr energetikaning asosini tashkil etadi. Atom elektr stansiyalari va geotermal stansiyalar qurilgan. Yiliga o’rtacha 222 milliard kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Metallurgiya sanoati, asosan, chetdan keltirilgan xom ashyo asosida ishlaydi. Qora metallurgiyaning eng yirik korxonalari Genuya, Neapol atrofida, shuningdek, Pombino va Tarantoda; rangli metallurgiya korxonalari Venesiya, bolsano, Mori, Milan shaharlari va Sardiniya orolida joylashgan. Neftni qayta ishlash korxonalari (chetdan keltirilgan xom ashyo asosida), asosan, dengiz sohilidagi joylar (Genuya, Neapol, Venetsiya, Spesiya, Augusta) da va neft mahsulotlari eng ko’p ishlatiladigan shaharlar (Milan va boshqalar)da. Sanoatning yetakchi sohasi bo’lgan mashinasozlik tarmoqlari: avtomobilsozlik (Turin), kemasozlik (Genuya, Livorno, Neapol, Venesiya, Triest), stanoksozlik (Milan, Breshna, Turin), priborsozlik (Ivrea), elektrotexnika (Milan, Varese, Bergamo, Turin, Genuya) va electron (Milan atrofi) sanoati rivojlangan. Neft kimyosi, plastmassa, ma’danli o’g’it, sun’iy tola, farmasevtika va rezina mahsulotlari, sintetik kauchuk ishlab chiqarish yuqori darajaga yetgan. Lombardiya va Pemont — an’anaviy to’qimachilik Markazlari. Oziq-ovqat sanoatining asosiy tarmoqlari — un, makaron, pishloq, qand-shakar, konserva, zaytun yog’i, uzum vinosi (yiliga 70 million gektolitr) ishlab chiqarishdir. Yengil sanoat, xususan, poyabzal ishlab chiqarish rivoj topgan. Hunarmandchilikka ayniqsa katta e’tibor beriladi. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmoqlari — dehqonchilik (58%) va chorvachilik (42%). Unumdor yerlarning 34,3% (19,6 million gektar) haydalib, ekin ekiladi, 11% bog’, tokzor va zaytunzor, 19,2% maysazor va yaylov. Asosiy don ekinlari — bug’doy, Makkajo’xori, suli, arpa, sholi. Qand lavlagi, uzum, zaytun, tsitrus mevalar va sabzavot ham yetishtiriladi. Vino ishlab chiqarish hajmi jihatidan Italiya dunyoda yetakchi o’rinlardan birida turadi. Italiya yiliga 6 million tonnaga yaqin turli xil ho’l meva beradi, uning salkam 60% mamlakat shim.dagi ixtisoslashgan fermer xo’jaliklarida yetishtiriladi. Janubiy viloyatlarda bodom, yong’oq, fundukzorlar ko’p. Uzum hosili yiliga 10 million tonna (uning 90% qayta ishlanib, vino qilinadi), tsitrus mevalar xrsili yiliga 3,3 million tonna, pomidor hosili 5,5 million tonna. Chorvachiliqsa qoramol (8,8 million bosh), cho’chqa (9,6 million bosh) va qo’y (12,2 million bosh) boqiladi. Mamlakat shimolda sut va go’sht chorvachiligi ustun. Baliqchilik yaxshi rivojlangan. Transporti. Yo’lovchilarning 90% dan ko’prog’i, yuklarning 80% dan ortig’i avtomobil transportida tashiladi. Avtomobil yo’llari uzunligi -304 ming kilometr, temir yo’l uzunligi — 19,6 ming kilometr. Chetga yuboriladigan va chetdan olinadigan yuklarning aksariyati dengiz transporti orqali tashiladi (eksport kjlarining 60-65%, import yuklarining 80-90%). Asosiy dengiz portlari: Genuya, Triest, Venetsiya, neapol. Italiya — xalqaro sayyohlikning eng katta markazlaridan biri (yiliga 50 milliondan ko’proq sayyoh kelib ketadi). Tashqi savdosi. Italiya iqtisodiyoti ko’p jihatdan tashqi savdoga bog’liq. Italiya chetga sanoat mashina-uskunalari, transport vositalari, yozuv va hisob mashinalari, kimyo va qishloq xo’jalik mahsulotlari, kiyim-kechak va poyabzal, neft mahsulotlari va boshqalar chiqaradi. Chetdan neft, ko’mir, temir rudasi, qora va rangli metallar, paxta, shuningdek, mashinalar, yog’och, qog’oz, oziq-ovqat keltiradi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Yevropa iqtisodiy hamja-miyati mamlakatlari, AQSh, Rossiya. Pul birligi — lira. Tibbiy xizmati. Italiyada davlat davolash muassasalaridan tashqari xususiy shifokorlik ham keng tarqalgan. Shifokorlar universitetlarning 27 tibbiyot fakultetida tayyorlanadi. Kurortlar, ayniqsa, ma’danli suv va loy-balchikdar vositasida davolovchi sanatoriy ko’p. Eng mashhurlari: Montekatini-Terme, Fyuji, Salsoma- Jore, Kastellammare-Di-Stabiya, Abano- Terme, Kapri. Maorifi, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalari. Italiyadagi zamonaviy xalq ta’limi tizimi 19-asrning 2-yarmidan tarkib topa boshlagan. 1859 yilda 6-9 yoshdagi bolalarning majburiy ta’limi to’g’risida qonun (Kazati qonuni) qabul qilingan edi. Italiyada 6-14 yoshdagi bolalar uchun majburiy 8 yillik ta’lim joriy etilgan. Davlat maktablari bilan birga, asosan, diniy tashkilotlar ta’minotidagi xususiy maktablar ham mavjud. Xalq ta’limi tizimiga quyidagilar kiradi: 3-5 yoshli bolalar uchun majburiy bo’lmagan maktabgacha tarbiya muassasalari, majburiy maktablar (6— 11 yoshli bolalar uchun 5 yillik boshlang’ich va 3 yillik quyi o’rta maktab), majburiy maktab negizida o’rta umumiy ta’lim va hunar ta’limi beradigan to’liqo’rta umumiy ta’lim maktab-litseylari (5 yil ta’lim beradigan mazkur o’quv yurtini bitirganlar universitetga kirish huquqini oladi), o’rta pedagogika o’quv yurtlari (boshlang’ich maktab muallimlarini tayyorlovchi 4 yillik o’qituvchilar institutlari va maktabgacha tarbiya muassasalari tarbiyachilarini tayyorlovchi 3 yillik pedagogika maktablari), hunar o’quv yurtlari (malakali ishchilarni tayyorlovchi 3 yillik hunar institutlari, o’rta texnika ma’lumotli xodimlarni tayyorlovchi texnika institutlari), o’rta badiiy va musiqa o’quv yurtlari, oliy o’quv yurtlari (universitet va oliy maktablar). Italiyada 27 ta universitet, 50 dan ortiq davlat va xususiy oliy maktablari hamda xususiy universitetlar bor. Yirik universitetlari: Bolonya universiteti, Rim universiteti, Neapol universiteti, Milan, bari, Genuya va boshqa shaharlardagi universitetlar. Italiyada 150 yirik kutubxona, jumladan, Rimda 31, Milanda 19, Neapolda 19, Florentsiyada 9, Turinda 6 kutubxona bor. 170 dan ortiq muzey va rasm galereyalari mavjud. Eng mashhurlari: Rimdagi Milliy muzey, Julia muzeyi va villasi, Borgeze muzeyi va galereyasi, antik san’at galereyasi, zamonaviy san’at milliy galereyasi, Florentsiyadagi Milliy muzey, arxeologiya muzeyi, rasm galereyasi (jumladan, Uffisi galereyasi), Messina, Neapol, Palermo, Peruja, Venesiyadagi muzeylar. Tadqiqotlar milliy kengashi (1923) atom energiyasi masalalaridan tashqari barcha fan sohalarini boshqaradigan va unga rahbarlik qiladigan asosiy davlat tashkilotidir. Unga ilmiy tadqiqot institut va tadqiqot markazlari, laboratoriyalar bo’ysunadi. Kengash Italiyaning xalqaro ilmiy aloqalarini amalga oshiradi. Atom energiyasi Milliy komiteti atom energiyasi sohasidagi tadqiqot ishlarini boshqaradi. Italiyada bir necha akademiya, jumladan, Dei Linnei milliy Akademiyasi, Milandagi tabiiy fanlar va adabiyot akademiyasi (1803), Palermo, Turin, Rim va boshqa shaharlarda tibbiyot Fanlar Akademiyalari bor. Universitetlar qoshida ilmiy muassasalar ishlaydi. Yadro fizikasi milliy instituti mamlakatda shu sohada olib boriladigan barcha tadqiqot ishlarini birlashtiradi. 20 dan ziyod institutda qishloq xo’jalik fanlari sohasida tadqiqot olib boriladi. Sog’liqni saklash vazirligi biologiya, kimyo, farmakologiya, gigiena va boshqa sohalardagi ishlarni nazorat qilib turadi. Italiyada ayrim xalqaro tadqiqot markazlari — Neapolda Genetika va biofizika instituti, Triestda nazariy fizika markazi, udineda Mexanika markazi, Isprada yadro tadqiqotlari markazi mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Italiyada bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Eng yiriklari: “Messajero” (“xabarchi”, kundalik gazeta, 1878 yildan), “korrere della Sera” (“kechki xabarnoma”, kundalik gazeta, 1876 yildan), “Stampa” (“matbuot”, kundalik gazeta, 1868 yildan), “Diskussione” (“bahs”, haftalik jurnal, 1953 yildan), “Mondo operayo” (“ishchi dunyosi”, haftada 2 marta chiqadigan jurnal, 1948 yildan), “Panorama” (haftalik jurnal, 1962 yildan), “unita” (“Birlik”, kundalik gazeta, 1924 yildan), “Repubblika” (“Respublika”, kundalik gazeta, 1976 yildan). Italiyada 1924 yildan radioeshittirish, 1954 yildan teleko’rsatuvlar olib boriladi. Italiya radioeshittirish va teleko’rsatuvlar xizmati — Rai-TV 1924 yilda tashkil etilgan. Ajentsiya Natsionale Stampa Assochata (ANSA) axborot agentligi 1945 yildan, Ajentsiya jornalistika Italia (aji) axborot agentligi 1950 yildan beri ishlaydi. Adabiyotining ilk namunalari o’rta asrlarda lotin tilida yaratilgan (asosan, liniy qasidalar, afsonalar, voqeiy qissalar to’qilgan). Italyan adabiyotida antik yunon va Rim adabiyoti an’analari va Sharq madaniyatining ta’siri kuchli bo’lgan. 12-13-asrlarda xalq tilida diniy va dunyoviy adabiyot namunalari (“Novellino”, “yetti donishmand kitobi” va boshqalar) yaratildi. 13-asrda tashkil topgan “yoqimli yangi uslub” falsafiy she’riyat maktabi namoyandalari (G. Gviniselli, G. Kavalkanti, Chino da Pistoya, D. Freskobaldi) chin muhabbatni kuyladilar. Italiya adabiyotining buyuk vakili Dante ijodi shu maktab ta’sirida shakllandi va rivoj topdi. Uning ijodi italyan adabiyoti va adabiy tilini rivojlantirishga katta hissa qo’shdi. Italiyada gumanistik dunyoqarash va yangi adabiyot erta vujudga keldi. F. Petrarka, J. Bokkachcho, L. Ariosto va boshqa adiblar istibdodni, diniy jaholatni fosh etdilar. U rta asrlarda Italiyada komediya janri rivojlandi. Bu janrda B. Bibbiena, N. Makiavelli, P. Aretino ajoyib asarlar yaratishdi. 16-asr boshlarida milliy adabiy til shakllandi, adabiyotda gumanistik dunyoqarash hukmronlik qildi, yangi adabiy janrlar paydo bo’ldi. Ammo 16-asr 2-yarmida mamlakatda ro’y bergan umumiy tanazzul ta’sirida reaktsiya kuchaydi. Mikelanjelo Buonarroti, J. Bruno, T. Tasso va boshqa adiblar gumanizm an’analarini davom ettirdilar. 17-asrda formalistik oqimlar, barokko uslubi qaror topdi. 18-asrda “niqoblar komediyasi”ning himoyachisi K. Gossi yangi asarlari bilan maydonga chiqdi. K. Goldoni milliy realistik komediya janri nazariyasini va o’nlab ajoyib komediyalarni yaratdi. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida Italiya adabiyotida inqilobiy klassisizm oqimi ustunlik qildi. V. Alferi jangovar tragediyalar (“Brut I”, “Brut II”, “Saul” va hokazolar) yaratdi. Napoleon yurishlari davrida vatanparvarlik ruhidagi adabiyot yuzaga keldi (U. Foskoloning roman, tragediyalari). A. Mandzoni romanlari (“Ozodlik tantanasi”, “beshinchi may” va boshqalar)da mehnatkash xalq vakillarining mardonavor kurashi, shoir J. Leopardi asarlari (“Italiyaga”, “axloqiy lavhalar” kabi to’plamlar)da Italiya xalqining musibatli hayoti tasvirlandi. 19-asr 30-yillaridan adabiyot milliy ozodlik kurashi g’oyalarining targ’ibotchisi bo’lib xizmat qildi. Budavrda, ayniqsa, tarixiy roman, romantik drama, she’riyat keng rivoj topdi. Italiya milliy mustaqillikka erishgandan so’ng ham adabiyotda milliy ozodlik uchun kurash an’analari davom etdi (R. Jovanolining “Spartak” romani va boshqalar). Verizm (Italiya naturalizmi) oqimining namoyandalari — J. Kaduchchi, J. Verga, M. Serao, G. Deledda, L. Pirandello va boshqalar o’z asarlarida mehnat-kash xalq hayotini haqqoniy aks ettirdilar. 19-asr oxirlarida Italiya adabiyotida tushkunlik ruhidagi neoromantizm, futurizm oqimlari paydo bo’ldi. 1-jahon urushidan keyin mamlakatda fashistlar diktaturasi o’rnatilgach, demokratik adabiyot va matbuot taqiqlanib, faqat “sof san’at” ruhidagi asarlar nashr etildi. 30-yillar oxiridan Italiya demokratik adabiyoti yana rivojlana boshladi. 2-jahon urushi yillarida qarshilik ko’rsatish harakati milliy madaniyat va adabiyot rivojiga madad berdi. Urushdan keyingi yillarda Italiya adabiyotida bir qator yosh shoir va adiblar (I. Kalvino, M. Venturi, J. Vassani, D. Pea va boshqalar) paydo bo’ldi. Neorealizm yetakchi oqimga aylandi. 60-90 yillarda realistik adabiyot yangi bosqichda rivojlandi. Uning yirik vakillari — V. Pratolini, A. Moravia, I. Kalvino, L. Shashi, M. Venturi, L. Malebra, S. Kvazimodo, E. Montale, D. Fo va boshqalar. Italiya adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo’shdilar. K. Goldoni (“ikki boyga bir malay”), K. Gossi (“baxtli gado”), R. Jovanoli (“Spartak”), Sh. Perro (“Qizil qalpoqcha”), J. Rodari (“Salom bolalar”), Dante, J. Bokkachcho va boshqalarning asarlari o’zbek tiliga tarjima qilingan. Me’morligi. Etrusklar va qadimgi Rim me’morlik ansambllari va uy-joy binolari Italiyaning eng qadimgi me’moriy obidalaridir. Ilk o’rta asrlardan Rimdagi bazilika (Santa-Mariya Majore, 5-asr, Santa Anessa, 7-asr) va markazi gumbazli cherkovlar (San-Stefano Rotondo, 5-asr), shuningdek, Ravenna yodgorliklari majmuasi va boshqa yodgorliklar saqlangan. 11 —13-asrlarda roman uslubida barpo qilingan binolar vujudga keldi (Milandagi Sant-Ambrojo bazilikasi, 11-asr, Aressodagi Santa-Mariya della Pove cherkovi, 12-asr va boshqalar). Ayrim inshootlarda Vizantiya me’morligining ta’siri seziladi (Venesiyadagi avliyo Mark sobori, 11-asr, Palermodagi sobor). 11 —12-asrlarda Pizadagi sobor maydoni majmuasi qadimgi me’morlik an’analari uslubida barpo etilgan. Shaharlarning tez sur’atlar bilan rivojlanishi mahobatli diniy-ma’muriy binolar bilan bir qatorda shahar devorlari, darvoza, minora, turar joy binolari, ratushalar qurishni ham taqozo etdi. 13-14-asrlarda gotika rivoj topdi (Milan, Orveto, Florentsiya soborlari). Katta shaharlar vujudga kela boshlagach, qurilishning yangi tamoyillari paydo bo’ldi (jamoat va madaniyat binolariga alohida ahamiyat bilan qarala boshladi). B. Mikelanjelo, D. Bramante, J. Vinola va boshqa atoqli me’morlar Rim va Venetsiyada mahrbatli binolar barpo qildilar. Barokko me’morlari (16-asr) ko’p shaharlarda badavlat xonadonlar uchun ulkan ansambllar, shaxsiy qo’rg’onlarni xiyobonli, kolonnadali va favvorali qilib qurdilar. Binolarning hashamiga, Salobatiga alohida ahamiyat berildi (L. Bernini, F. Borromini). Rimdagi avliyo Pyotr sobori bilan Navon maydoni (16— 17-asrlar) go’zal me’moriy ansambllardan hisoblanadi. 18-asrdan klassisizm rivoj topib, bu uslub Milan va Neapol shaharlaridagi ansambl va teatr binolarida iz qoldirdi. 20-asrda modernizm (Turindagi ko’rgazma zali), neoklassisizm (Rimdagi sport markazi), 60-yillardan esa organik me’morlik tamoyillari shakllandi. Zamonaviy ma’muriy inshoot va binolar qurishda sathning kengligi va qulayligiga, yangicha yechimlarga alohida ahamiyat berildi (Rimdagi termini vokzali, sport saroyi, Paduyadagi I. banki binosi). Tasviriy san’ati. I. hududidagi eng qadimgi yodgorliklar paleolit va neolit davrlariga mansub (Apuliyadagi qoya rasmlari, Liguriya va Emiliyadagi ayollar haykalchalari). Jez davrida (miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmi) badiiy sopol buyumlar yasaldi. Miloddan avvalgi 8— 2-asrlardan etrusklar yodgorliklari ma’lum. Miloddan avvalgi 8-6-asrlardan Italiya Qadimgi Yunon, miloddan avvalgi 5-asrdan milodiy 5-asrgacha Qadimgi Rim madaniyati va san’atini shakllantirish markazlaridan biriga aylandi. O’rta asrlarda diniy afsonalar asosidagi asarlar paydo bo’ldi. Venetsiya va Sitsiliyada Vizantiya san’atiga yaqin mozaika rasmlari yaratildi. 12-asr oxiridan boshlab diniy dastgoh rassomligi va diniy ruxdagi manzarali haykaltaroshlik tarqaldi. 13-14-asrlarda Florentsiya, Piza, Siena va boshqa shaharlar san’atida realistik tamoyillar rivoj topa boshladi. 15-asrdan Uyg’onish davri realistik san’ati taraqqiy etdi. Rassomlar tabiatga, insonga ko’proq murojaat qila boshladilar: rassom va haykaltaroshlar anatomiya va optikani ilmiy asosda o’rganib, ajoyib san’at namunalarini yaratdilar (Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, rafael, Jorjone, Tisian va boshqalar). 15-16- asrlarda moybo’yoq rassomligi, gravyura, amaliy bezak (mebel, keramika, zargarlik), teatr dekorasiyasi san’ati yuksak pog’onaga ko’tarildi. 16-asr oxiri va 18-asrda serhasham va dabdabali barokko uslubi (haykaltarosh L. Bernini, rassomlardan Petro da Kortona, L. Jordano) qaror topdi. 16-asr oxirlarida paydo bo’lgan akademizm (aka-uka karrachchi) va manerizm (haykaltarosh B. Chellini va rassomlar F. Parmijanino,.A. Bronzino) san’ati hukmronlik qildi. 18-asr Venetsiya rassomligida (J. B. Tepolo, A. Kanaletto, F. Gvardi) hayotiy kuzatishlar kuchliligi bilan ko’zga tashlanadigan mazmundor asarlar yaratildi. 18-asr 2-yarmida klassisizm (A. Kanova) va romantizm (F. Ayes, D. Morelli) vujudga keldi, keyinchalik maishiy janr va manzara rassomligi rivojlandi. Haykaltarosh V. Vela, rassomlardan J. Fattori, T. Sinorini, S. Lega, J. Segantini va boshqalar mehnatkash xalq hayoti, ozodlik uchun kurash mavzularida ijod qildilar. 2-jahon urushidan keyin syurrealizm, abstrakt san’at avj olib ketdi. Lekin didsizlik va formalizmning bu ashaddiy namunalariga qarshi kurashda realistik san’at namoyandalarining ijodi kamol topdi. Haykaltaroshlardan F. Messini, J. Mantsu, rassom R. Guttuzo, G. Mukki, K. Levi, K. Meloni va ularning izdoshlari italyan xalqining Real his-tuyg’ularini, mehnatini, hayotini ifodalovchi asarlar yaratdilar. Musiqasi. Italiya — mashhur ashulachilar, opera, zamonaviy nota yozuvi va fortepiano vatani. Uvertyura, simfoniya, kantata va boshqa musiqa janrlari Italiyada yaratilgan. Barkarola, gondolera, frotolla, vilanella kabi qo’shiq turlari, galyarda, sitsiliana, tarantella raqslari folklor asosida paydo bo’lgan. Xalq musiqasining boy manbalari cherkov va Italiya professional musiqasiga zamin bo’lgan. Uyg’onish davrida dunyoviy musiqa rivojlandi. 14-asrda are Nova maktabi, 15-16-asrlarda musiqa akademiyalari yuzaga keldi. 16-17-asrlarda vokal-cholg’u musiqaning oratoriya, kantata singari yangi turlari paydo bo’ldi. Florentsiya va Neapolda gomofoniya uslubi taraqqiyoti ta’sirida opera san’ati shakllandi. Ya. Perining “dafna” (1594) operasi mazkur janrning ilk namunasidir. K. Monteverdi tarixda birinchi bo’lib ommaviy opera teatrini ochdi (1637). 18-asrda opera va milliy ashula san’ati keng rivojlandi, belkanto uslubi paydo bo’ldi. Florentsiya, Bolonya, Neapol teatrlarida J. Pergolezi, A. Saleri, J. Paiziello va boshqalarning rang-barang operalari sahnalashtirildi. 18-asrda Buff opera shakllandi, yangi opera teatrlari ochildi. A. Vivaldi, D. Skarlatti, J. Tartini kabi sozanda kompozitorlar kontsert, Sonata janrlariga asos soldi. N. Paganini o’zining noyob ijrochilik mahorati va romantik asarlari bilan mashhur. 19-asr opera san’ati ijtimoiy-siyosiy qarashlar ta’sirida rivojlandi. J. Rossini, V. Bellini, G. Donisetti, J. Verdi operalarida xalqning ozodlikka intilishi o’z ifodasini topdi. 19- asr oxirida R. Leonkovallo, Sh. Puchchini va boshqa kompozitorlarning operalarida hayotni haqqoniy ifodalashga yo’nalgan verizm uslubi yuzaga kelgan. O. Respigi, A. Kazella va boshqalarning ijodida musiqiy impressionizm hamda neoklassisizm uslublari rivoj topgan. 2-jahon urushidan so’ng Italiya musiqasida tinchlik, ozodlik uchun, fashizmga qarshi kurash mavzulari muhim o’rin oldi. 50-yillardan Avangardizm ta’siri kuchaydi. L. Dalla-pikkola, L. Berio, L. Nono asarlarida ichki ziddiyat oxanglari yangraydi, yuksak g’oyaviy ifoda vositalarining murakkabligi, to’qimaliligi bilan qo’shilib ketadi. Zamonaviy italyan kompozitorlari orasida R. Vlad, J. F. Gedini, I. Montemessi, G. Petrassilar alohida ajralib turadi. Mashhur dirijyorlari: A. Toskanini, P. Arjento, V. De Sabata, G. Kantelli, V. Ferrero, K. Tsekki, K. Abbado; xonandalari: J. Simonato, R. Skotto, A. Stella, R. Tebaldi, J. Bekki, T. Gobbi, E. Karuzo, M. Del Monako, L. Pavarotti va b. Teatrlaridan “La Skala” (Milan), “San-Karlo” (Neapol), “Feniche” (Venesiya), Rim operasi va boshqalar jahonga mashhur. 1970-yillardan Italiya estrada san’ati namoyandalari jahon miqyosida tanilgan (T. Kutuno, A. Chelentano, A. va R. Pauer, J. Morandi, R. Kara, Pupo, R. Fogli, F. Papetti va boshqalar). Yangi musiqa korporatsiyasi (1923 yildan), Musiqashunoslar jamiyati, 14 ta konservatoriya, ko’pgina musiqa liseylari, maktablari, ilmiy institutlari (jumladan, Verdi merosini o’rganish instituti) bor. Venetsiya, Florentsiya, Verona kabi shaharlarda har yili musiqa festivallari o’tkaziladi. O’zbekiston teatrlarida Italiya kompozitorlari (J. Rossini, J. Verdi, J. Puchchini, R. Leonkavallo, V. Bellini va boshqalar)ning operalari (“Sevilya sartaroshi”, “Traviata”, “Rigoletto”, “Aida”, “Otello”, “Chiochio-San”, “Masxarabozlar”, “Luchiya de Lamermur” va boshqalar) muvaffaqiyatli sahnalashtirilgan. Teatr san’atining kurtaklari xalq marosimlari, karnaval bayramlari va o’yinlariga borib taqaladi. O’rta asrlarda katolik cherkoviga manzur bo’lgan liturgik drama, misteriya, Lauda janrlari ustun edi. Uyg’onish davrida dunyoviy pyesalar, komik janr rivojlandi. 16-18-asrlarda professional teatr vujudga keldi, sahnalarni dekoratsiya bilan bezash tartib-qoidalari ishlab chiqildi. Xalq ijodi ta’sirida “niqoblar komediyasi” rivoj topdi. 18-asrda teatr san’atiga ma’rifatparvarlik g’oyalari singdirildi. K. Goldonining dramaturgiyadagi isloqotchilik faoliyati katta rol o’ynadi. 18-asr oxirlarida inqilobiy harakatning avj olishi natijasida jahon dramaturglari ning eng yaxshi asarlari sahnalashtirildi. E. Rossi, T. Salvini, E. Duze, A. Ristori kabi atoqli artistlar yetishib chiqdi. 19-asrda va 20-asr boshlarida Italiya adabiyotidagi, ayniqsa dramaturgiyadagi oqim va tamoyillar teatrda o’z ifodasini topdi. Fashistlar diktaturasi yillarida Italiya teatri butunlay tushkunlikka uchradi. Fashizm tor-mor etilgach, demokratik kuchlar ta’sirida Italiya teatri yana jonlandi. L. Viskonti, E. De Filippe, J. Streler, L. Skuarsina gumanistik ruxdagi asarlarni sahnalashtirdi. Dastlabki doimiy teatr (“Stabile”)lar vujudga keldi. Rim, Milan, Genuya, Turin teatrlari jahon klassikasi va maxalliy mualliflarning asarlarini ko’rsata boshladi. Ko’chma truppalar ham mavjud. V. Gasman, J. Le Lullo, F. Dzefirelli kabi rejissyorlar, A. Proklamer, G. Mauri, P. Stoppa, V. Marikoni va boshqa aktyorlar mashhur. Kinosi. 1895 yil “Milan vokzaliga kelgan poezd” nomli birinchi hujjatli film (rejissyor I. Pakkoni) yaratildi. 1901 yil Florentsiya va Rimda dastlabki kinoteatrlar ochildi. Ammo 1904 yil Turinda hujjatli-xronika filmlari studiyasi ochilganidan keyin haqiqiy italyan kinematografiyasi vujudga keldi. 1905 yilda F. Alberini bilan D. Santoni Rimda o’z kinostudiyasini tashkil etdi (1906 yildan u “chines” deb atala boshladi). 1905-06 yillardan Turin va Milandagi kinofirmalar badiiy filmlar ishlab chiqarishga kirishdi. 1905 yilda “Chines” ommaviy sahnalarga boy bo’lgan birinchi italyan filmi — “Rimning ishg’ol qilinishi”, so’ngra Italiyaning birlashtirilishiga bag’ishlangan turkumli kartinalarni yaratdi. 1909-10 yillarda “Kitilina”, “Makbet”, “Anita Garibaldi”, “Don Karlos”, “Otello”, “Beatriche Chenchi” va boshqa filmlar ekranga chiqarildi. Italiya kinosi 1913 yilda yuksak pog’onaga ko’tarildi, uning 497 filmi xorijiy kino bozorini to’ldirib yubordi. Bu davrda M. Kazerini, E. Benchivenga, D. Le Liguoro, E. Guassioni, L. Maji, B. Negroni, D. Pastrone kabi rejissyorlar ijod qildilar. Fashistlar hukmronligi davrida (1922-43) Italiya kino san’ati nasizmning tashviqot vositasiga aylandi. Shunga qaramay, A. Blazetti va M. Kamerini suratga olgan filmlarda Italiya hayotidagi illatlar fosh qilindi. 2-jahon urushidan so’ng Italiya kino san’atida haqiqiy voqelikni aks ettiradigan progressiv yo’nalishdagi filmlar yaratila boshladi. L. Viskonti, J. D. Santis, P. Jermi, Ch. Dzavettini, E. de Filippo va boshqalar Italiya xalqining fashizmga qarshi kurashini, oddiy insonning hayotini kinotasmalarda real aks ettirdilar (“Rim, soat II”, “zaytunlar ostida tinchlik yo’q”, “Chochara” va boshqalar). Keyingi yillarda “Italyancha nikoh”, “Italyancha ajralish”, “har kimniki o’ziga…”, “Sakko va Van-tsetti”, “ular Sharqqa boradilar”, “Kungaboqar” kabi filmlar yaratildi. Italiyadagi 40 dan ortiq kinofirma yiliga 200 dan ziyod film ishlab chiqaradi. Kinoaktyorlar orasida A. Manyani, J. Mazina, S. Loren, J. Lol-labrijida, K. Kardinale, S. Sandrelli, M. Mastroyanni, J. M. Volonte, F. Nero, A. Sordi, U. Tonyassi, M. Vitti, M. Plachido va boshqalar mashhur. 1970-90 yillardagi eng yaxshi filmlardan “peshayvon” (rejissyor E. Skola), “gul kishining fojiasi” (rejissyor B. Bertoluchchi), “ayollar shahri” (rejissyor F. Fellini), “uch og’a-ini” (rejissyor F. Rozi) ni ko’rsatish mumkin. O’zbekiston — Italiya munosabatlari. Italiya O’zbekiston suverenitetini tan olganidan so’ng ikkala mamlakat o’rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yo’lga qo’yishga kirishildi. “O’zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o’rtasida sheriklik va hamkorlik to’g’risida” 1996 yil Florentsiyada imzolangan bitim o’zaro munosabatlarning huquqiy negizini yaratdi. 1996 yil iyunida va 2000 yil noyab.rda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning Italiyaga, 1997 yil mayda Italiya Prezidenti, 1997 yil sentabrda Italiya Bosh vazirining O’zbekiston Respublikasiga tashriflari yakunida iqtisodiy, madaniy va ilmiy sohalardagi hamkorlik, ikkiyoqlama soliq solinishiga yo’l qo’ymaslik, transport sohasidagi hamkorlik, sayyohlikni rivojlantirish, investitsiyalarni rag’batlantirish va o’zaro himoyalash to’g’risida muhim bitim va shartnomalar imzolandi. Italiya rahbarlariga hamroh bo’lib kelgan savdo-sanoat doiralarining namoyandalari O’zbekistonning iqtisodiy salohiyati bilan tanishdilar va o’zbek tadbirkorlari uchun biznes-seminar o’tkazdilar. Mazkur tadbirlarning samarasi o’laroq ikki mamlakat o’rtasida o’zaro mol yetkazib berish 1992 yilgi 19 million 461 ming 800 dollardan 2000 yilda 112,8 million dollarga yetgan. Italiya O’zbekiston bilan tovar aylanmasi hajmi jihatidan 10-o’rinda, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida Germaniya va Buyuk Britaniyadan so’ng 3-o’rinda. Eng muhimi — aksariyat yillarda O’zbekiston Italiya bilan savdoda ijobiy saldoga ega bo’lib keldi, ya’ni xarid qilganidan ko’ra ko’proq mahsulot sotdi. O’zbekiston Italiyaga paxta tolasi, rangli metallar va ulardan yasalgan buyumlar, ipak, ip gazlama, kalava ip va boshqa mahsulotlar sotsa, Italiyadan asbob-uskuna, mebel, plastmassa, go’sht va baliq mahsulotlari, sariyog’va o’simlik yog’i, kiyim-kechak va boshqalarni sotib oladi. Savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish sohasidagi qo’shma tadbirlar faol amalga oshirildi. 1994 yilda Italiya Tashqi savdo in-stituti va tashqi savdo uyushmasi rahbar va mutaxassislari O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi hamda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Farg’ona, Namangan viloyatlari rahbarlari bilan amaliy uchrashuv o’tkazdilar. 1994 yil iyunda O’zbekiston viloyatlari, shaharlari va tumanlari hokimlarining Italiyaga tashriflari chog’ida ular Italiya savdo palatalari va uyushmalari, sanoat korxonalari rahbarlari bilan uchrashdilar. Uchrashuvlarda meva-sabzavot mahsulotini qayta ishlash, tabiiy tosh qazib olish va qayta ishlash, to’qimachilik, oltinni qayta ishlash, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. O’zaro hamkorlikka Italiya firma va kompaniyalari g’oyat qiziqib qaraydi. Chunonchi, O’zbekiston va Italiya sayohatchilarini o’zaro kutib olish, jo’natish, ularga xizmat ko’rsatish sohasida shartnoma tuzilgan. “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi o’zaro qatnovni yo’lga qo’ygan. “Qoraqalpoq-qurilish materiallari” aktsiyadorlik birlashmasi “Pedrini” firmasidan marmar taxtachalar ishlab chiqaradigan liniyalar va “Ravelli” firmasidan tabiiy toshdan buyumlar ishlab chiqaradigan texnologiya liniyalari sotib oldi. “Tekint” kompaniyasi bilan “uzde-Uavto” o’rtasida yengil avtomobillar uchun yassi oyna ishlab chiqarish zavodini qayta qurish haqida bitim tuzildi. “O’zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi neft konlarini qidirib topish va ishlatish, turli texnologiya asbob-uskunalarini neft va gaz korxonalariga keltirib o’rnatish borasida italyan firmalari bilan hamkorlikni yo’lga qo’ygan. Jumladan, Sho’rtan, Ko’kdumaloq korxonalarida noyob italyan asbob-uskunalari o’rnatildi. Shahrisabz, G’azalkent konserva zavodlarida “sasib Fud” firmasining tomat pastasini yangicha qadoqlaydigan liniyalari ishga tushirildi. “O’zmevasabzavotuzumsanoatxolding” kompaniyasining “Jefit S.R.L.”kontserni bilan imzolagan bitimiga ko’ra, qo’shma ishlab chiqarish, tijorat, vositachilik, marketing, lizing ishlari o’tkazib turiladi. “O’zbekmebel” davlat aktsiyadorlik birlashmasi yangi texnologiya va asbob-uskunalar xarid qilish yuzasidan Italiya firmalari bilan yaqin aloqa o’rnatgan. 1994 yilda “Kosta” firmasidan parket va duradgorlik buyumlari ishlab chiqaruvchi texnologiya liniyasi sotib olindi. 1995 yilda “nichem”, “Fravol” firmalaridan xarid qilingan qurilmalar O’zbekistondagi mebel firmalari mahsulotining sifatini oshirdi, mehnat unumdorligini ko’tardi. O’zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi, Sog’liqni saqlash vazirliklari, “O’zoziqovqatsanoat”, “O’zeltexsanoat” uyushmalari, “O’zfarmsanoat” kontserni, “O’zbeksavdo” kompaniyasi, “Yog’moytamakisanoat” uyushmasi ham italyan firmalari bilan amaliy hamkorlikni yo’lga qo’ygan. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Italiyaning 14 banki bilan vakillik munosabati o’rnatgan. Mazkur banklar O’zbekistondagi ko’pgina qurilishlarga moliyaviy mablag’ ajratgan. O’zbekiston Respublikasida italyan kapitali ishtirokidagi 49 ta korxona va Italiya kapitali 100% bo’lgan 5 ta korxona ro’yxatga olingan. Bu korxonalar alkogolsiz ichimliklar, vino, upa-elik, trikotaj mahsulotlari, xalq iste’mol mollari, muzqaymoq ishlab chiqarish, paxta chiqitlarini qayta ishlash, savdo-sotiq va vositachilik ishlari bilan shug’ullanadi. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi huzurida 4 ta italyan firmasining vakolatxonalari ham rasmiylashtirilgan. O’zbekiston bilan Italiya o’rtasida madaniy va ma’rifiy sohalarda ham hamkorlik yo’lga qo’yilgan. 1997 yil mayda Italiya Prezidentining O’zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi vaqtida madaniy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik haqida imzolangan bitim ikkala mamlakat xalqlarining tili va adabiyotini o’rganishga, o’quv va ilmiy tadqiqot institutlari, olimlar va tadqiqotchilar o’rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga, san’at, musiqa, raqs, teatr va kino ustalarining o’zaro muloqotlariga, arxeologiya hamda badiiy merosni o’rganish va saqlash sohasidagi ko’maklashuvga yordam beradi. 1998 yil aprelda Toshkentda bo’lib o’tgan zamonaviy musiqa 3-festivalida qatnashgan italyan artistlari “Ilhom” teatrida kontsertlar berishdi va konservatoriyada namunali dars o’tkazishdi. Shu yili iyunda A. Navoiy nomidagi Katta opera va balet teatrida J. Verdining “Rigoletto” operasi Sebastyano Mariya Salvato tomonidan sahnalashtirildi, noyabr.da A. Navoiy nomidagi teatrda o’tkaziladigan Verdi festivalida qatnashish uchun kelgan italyan xonandasi Nuntsii Santodirokko “Rigoletto” operasida jilda rolini ijro etdi. Italiya Tashqi ishlar vazirligi italyan tili va adabiyotini o’rganuvchi o’zbek talabalariga o’quv stipendiyalari ajratgan. O’zbekistonlik 7 talaba Italiya akademiya va konservatoriyalarida ta’lim oldi. Samarqand chet tillar instituti va O’zbekiston jahon tillari untida italyan tilidan limlar kelishdi. 1998 yil 13-27 mayda Toshkent- dagi san’at muzeyida, 2-12 iyunda Samarqanddagi chet tillar intida rassom Karlo Karr asarlari ko’rgazmasi, shu yili 25-26 oktabrda Buxoroda, 31 oktabrda Toshkentda italyan pianinochisi Pomerantsning kontsertlari bo’lib o’tdi. 21— 30 oktabrda Milandagi katolik universitet olimlaridan iborat delegatsiya O’zbekistonda bo’ldi.