IVANOV SERGEY NIKOLAYEVICH

IVANOV SERGEY NIKOLAYEVICH (1922.11.4— Sankt-Peterburg -1999.20.3) — rus turkiyshunosi, tarjimon. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1981), Filologiya fanlari Doktori (1970), professor (1971). Leningrad universitetining Sharq fakultetini tugatgan (1951). Buxoro pedagogika institutida o’qituvchi, rektor o’rinbosari (1951-53), Leningrad universitetida o’qituvchi (1953-71), kafedra mudiri (1972 yildan). Ivanovning ilmiy ishlari turkiy tillar grammatikasi, o’zbek adabiy tili va tarjima nazariyasi masalalariga bag’ishlangan (“O’zbek tili sintaksisidan ocherklar”, 1959; “Abulg’ozixonning “Shajarai turk”i. Grammatik ocherk”, 1969; “turk tili grammatikasi kursi”, 1-2 qism, 1975, 1977 va boshqalar). Ivanov Alisher Navoiyning yuzlab g’azal, ruboiy, fard, qit’a, tuyuqlarini rus tiliga tarjima qilgan. Shoirning rus tilida chiqqan 10 jildli (1968-70) asarlarida muharrir sifatida ishtirok etgan. Bundan tashqari, Ivanov Lutfiy, Gadoiy, Sakkokiy, Nodira, Muqimiy kabi mumtoz shoirlar bilan bir qatorda yangi adabiyotimiz vakillari Hamza, G’afur G’ulom, Oybek, Usmon Nosir, Uygun, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va b. shoirlar she’riyatidan namunalarni xam rus tiliga tarjima qilgan. Ivanov tarjimalari orasida ikki asar tarjimasi alohida diqqatga sazovor. Ulardan biri 11 -asrning bukj madaniy yodgorligi hisoblanadigan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” (1990 y. da tarjima qilingan) asari bo’lsa, ikkinchisi Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” (1970 yilda tarjima qilingan) dostonidir. Har ikki tarjima ham ilmiy jamoatchilik tomonidan yuksak baholangan.