IYQO

IYQO (Arabcha— tuzmoq, sozlamoq, belgilamoq) — O’rta asr musulmon sharqi musiqa ilmining asosiy tushunchalaridan biri. Maxsus atama sifatida aruz va musiqa ilmining asoschisi hisoblanmish Xalil ibn Ahmadning (768 yilda vafot etgan) “Kitobul iyqo” va “Kitobunnag’am” asarlarida ilk bor qo’llanganligi taxmin qilinadi. Qadimgi risolalarda Iyqo atamasining 10 dan ortiq ta’riflari keltiriladi. Shulardan asosiylari: 1) musiqiy harakat (intiqol) ning vaqt (yoki izchillik, takroriylik) jihatidan namoyon bo’lishi; 2) musiqiy vaqt o’lchami, faraz qilinuvchi eng kichik zamon birligi (“miqyol ul-avval”, forobiy). Ushbu ma’noda zamonaviy G’arb musiqa ilmidagi metr va Sharq aruz nazariyasidagi vazn tushunchalariga mos keladi; 3) musiqiy vaqt o’lchamlarining sifat ko’rsatgichi, ya’ni turli o’lcham (metr) larning o’zaro nisbatlari, musiqiy ritm tushunchasiga mos keladi. Agar “iyqo-metr” musiqiy vaqt jarayonini nazariy anglashning dastlabki bosqichi bo’lsa, “iyqo-ritm” ushbu ilmiy mavhumlashtirishning oliy darajasidir. Abdumannon Nazarov.