Izolyator

Izolyator — 1) elektr kuchlanishi ostida bo’lgan elektr qurilmalarini elektrdan ajratish (izolyasiyalash) va mexanik bog’lash uchun mo’ljallangan qurilma. Izolyator dielektrik va uni mahkamlash detallaridan iborat. Tokni yomon o’tkazadigan materiallar (masalan, chinni, ebonit, shisha, steatit, ultrachinni va boshqalar) dan yasaladi. Izolyatorning tuzilishi va o’lchamlari ularga qo’yiladigan mexanik yuk (nagruzka) lar va qurilmadagi elektr kuchlanishga, ishlatish sharoitlariga qarab tanlanadi. Elektr uzatish liniyalaridagi ochiq elektr stansiyalari hamda kichik stansiyalardagi Izolyatorga atmosfera, yog’ingarchiliklar kuchli ta’sir etadi. Bunday hollarda Izolyatorning tashki yuzasi murakkab shakllarda yasaladi, 6-35 kv kuchlanishli elektr uzatish liniyalarida shtirli Izolyator, undan yuqori kuchlanishli liniyalarda Izolyator shodalari, ichiga transformator moyi to’ldirilgan chinni korpusli Izolyator qo’llaniladi; 2) solishtirma elektr qarshiligi katta bo’lgan modda (Dielektrik); 3) radiotexnikada — elektr qarshiligi katta bo’lgan 2 simli yoki koaksial liniyaning qisqa tutashtirilgan bo’lagi.