JADIDCHILIK

JADIDCHILIK (arab, jadid – yangi) — XIX asr oxiri – XX asr boshida Turkiston, Buxoro, Xiva, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, ma‘rifiy harakat. Jadidchilik dastlab XIX asrning 80-yillarida Qrimda Ismoilbek Gasprinskiy rahbarligida qrim tatarlari o’rtasida vujudga keldi. Jadidchilik harakati namoyandalari ko’pincha o’zlarini taraqqiyparvarlar, keyinchalik jadidlar deb atashgan. O’sha davrning ilg’or taraqqiyparvar kuchlari, birinchi navbatda, ziyolilar mahalliy aholining umumjahon taraqqiyotidan orqada qolayotganligini his etib, jamiyatni isloh qilish zaruriyatini tushunib yetgandilar. Jadidchilik mohiyat e‘tibori bilan avvalo siyosiy harakat edi. Uning shakllanish va mag’lubiyatga uchrash davrlari bo’lib, ularni shartli ravishda to’rtga bo’lish mumkin. Turkiston, Buxoro va Xiva hududida bu davrlar 1895-1905; 1906-16; 1917-20; 1921-29-yillarni o’z ichiga oladi. Jadidlar orasidan yetuk olimlar, sanoat va ziroatchilik sohalarining zamonaviy bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod va Vatanni mustaqil ko’rishni orzu qildilar va shu yo’lda fidoyilarcha kurashdilar. Jadidlarning Turkiston mustaqilligi uchun kurashida asosan quyidagi yo‗nalishlar ustuvor edi: yangi usul maktablari tarmog’ini kengaytirish; qobiliyatli yoshlarni chet elga o’qishga yuborish; turli ma‘rifiy jamiyatlar va teatr truppalari tuzish; gazeta va jurnallar chop qilish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini yuksaltirish bilan Turkistonda milliy demokratik davlat qurish. Jadidchilikning asosiy g’oya va maqsadlari quyidagilar edi: Turkistonni o’rta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa ma‘rifat tarqatish, Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsion monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini o’rnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qo’shin tuzish.