Jag’

Jag’ — 1) hayvonlarda oziqni tutib turish va maydalash funktsiyasini bajaradigan a’zo. Bo’g’imoyoqlilarda Jag’ funktsiyasini shaklan o’zgargan bosh o’simtalari: oyoqjag’lar, mandibulalar, maksillalar, xemiseralar, pedipalpalar (oyoqpaypaslagichlar) bajaradi. 2) Jag’og’izli hayvonlar va odamda — yuz skeletining bir qismi. Jag’ evolyutsiya jarayonida dastlab baliqlarda hosil bo’lgan. Tog’ayli baliqlarning tog’aydan iborat birlamchi Jag’i plakoid tangachalardan vujudga keladi. Suyakli baliqlar, suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar hamda qushlarda yuqori va pastki Jag’ning keyingi qismida ikkilamchi Jag’ hosil bo’ladi. Suyakli baliqlardan boshlab yuqori Jag’ ikkilamchi hisoblanadi. Birlamchi yuqori Jag’ bosh skeletining tanglay qismiga siljiydi; sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilarda tishlarini yo’qotadi. Ayrim hayvonlar Jag’ida tishlar bo’lmaydi; ular o’rniga muguz tumshuq hosil bo’ladi (qushlar). Odamda yuz skeletidagi eng yirik suyak. Yuqori va pastki Jag’larga bo’linadi. Yuqori Jag’ning alveolyar o’sig’ida va pastki Jag’ tanasining tepa qirralarida tishlar turadigan katakchalar bor. Yuqori Jag’ (bir juft) murakkab tuzilgan burun, ko’z kosasi va og’iz bo’shliqlarini hosil qilishda faol qatnashadi. Uning tanasi va 4 ta o’sig’i bor, chakka osti va qanottanglay chuqurlarining tuzilishida ishtirok etib, yuzning hamma suyaklari bilan birlashadi. Pastki Jag’ (toq) — juda qattiq va yo’g’on suyak. U chakka suyagi bilan bo’g’im tuzib birlashadi, og’izni ochib-yumish va yon tomonga harakat shu bo’g’imda bajariladi. Pastki Jag’ suyagi bag’rida kanal bo’lib, undan tomir va nervlar o’tadi. Yuqori Jag’ kasalliklaridan gaymorit, pastki Jag’da esa osteomielit va suyak sinishi ko’proq uchraydi.