JAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI

JAHON INTELLEKTUAL MULK TASHKILOTI — xalqaro hukumatlararo tashkilot, BMTning ixtisoslashgan muassasasi (1974-yildan). Sanoat mulkini muhofaza qilish Parij uyushmasiga a‘zo davlatlar, Adabiyot va san‘at asarlarini muhofaza qilish Bern uyushmasi va boshqa ayrim ixtisoslashgan uyushmalarning diplomatik konferensiyasi (Stokgolm, 1967)da qabul qilingan konvensiyaga muvofiq tuzilgan. Jahon intellektual mulk tashkilotining maqsadi davlatlar va xalqaro tashkilotlarning hamkorligi orqali intellektual mulkini muxofaza qilishga ko’maklashish, yuqoridagi uyushmalarning samarali faoliyat olib borishini ta‘minlashdan iborat. Jahon intellektual mulk tashkilotiga 148 mamlakat (2015 yil), shu jum. O’zbekiston Respublikasi (1991-yil 25 dekabrdan) a‘zo. Tashkilotning oliy organi – Bosh assambleya; ma‘muriy organi – Xalqaro byuro. Qarorgohi – Jeneva shahrida joylashgan.