Jahon pochta Ittifoqi
Jahon pochta Ittifoqi – xalqaro davlatlararo tashkilot; BMTning ixtisoslashgan muassasasi (1947 yildan). I xalqaro pochta Kongressida tashkil etilgan (1875). 1878 yilgacha umumiy pochta Ittifoqi deb atalgan. Vazifasi pochta xizmatini yaxshilash, shu sohada hamkorlikni taraqqiy ettirish, rivojlanayotgan mamlakatlarda pochta xizmatini tashkil etish va takomillashtirishda texnika yordami ko’rsatishdan iborat. 2002 yil 1 yanvarda unda 189 davlat a’zo bo’lgan. O’zbekiston Respublikasi 1994 yildan a’zo. Asosiy organlari: Jahon pochta Kongressi, Ijroiya kengashi, Pochta ekspluatatsiyasi kengashi va xalqaro byuro. Oliy organi — Kongress, 5 yilda 1 marta chaqiriladi. Jahon pochta Ittifoqining rasmiy tili frantsuz tili, ish jarayonida- gi tili — ingliz, ispan, rus tillari. “Pochta Ittifoqi” jurnali, kongresslar hisoboti va boshqalarni nashr qiladi. O’zbekiston vakillari 21-Kongress (1994 yil Seul shahri), 22-Kongress (1999 yil Pekin shahri) da qatnashgan. Jahon pochta Ittifoqi idorasi Bern shahrida joylashgan.