Jahonshoh Bahodur
Jahonshoh Bahodur (14 asr oxiri — 15-asr boshi) Amir Temurning lashkarboshilaridan; Jakubek barlosning o’g’li, 1384 yil boshida otasi vafot etganidan so’ng Kobuliston viloyati unga xos mulk qilib beriladi. 1392 yil bahorida butun Afg’oniston va G’arbiy Hindiston yerlari Pirmuhammad Jahongirga mulk qilib berilganidan so’ng Jahonshoh Bahodur Qunduz va Bag’lonning hokimi etib tayinlanadi va mazkur amirzodaning xos Amirlari qatoriga kiritiladi. Shu bilan birga u Sohibqironning deyarli barcha katta harbiy yurishlarida ishtirok etgan. Jumladan, u 1391, 1395 yillardagi To’xtamishxon bilan bo’lgan janglarda katta harbiy mahorat va idrokni namoyish qilgan. 1404 yil bahorida g’arbga qilingan “yetti yillik yurish”dan qaytayotib, Amir Temur Mirzo Umar ibn Mironshohga Hulokuxonta taalluugi ulusni (“Rum va Istanbulgacha, shomu Misrgacha, Iroq va Forsgacha”) meros qilib beradi va Jahonshoh Bahodurni uning maslahatchisi etib, “Jahonshohbek so’zidan chiqmag’aysen va har nekim ul maslahat ko’rsa, aning birla amal qilg’aysen” deb ta’kidlaydi. Ashraf Ahmedov.