Janubiy O’zbekiston tajriba stantsiyasi

Janubiy O’zbekiston tajriba stantsiyasi — bog’dorchilik, uzumchilik va subtropik ekinlar bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boradigan muassasa. Surxondaryo viloyatining Denov shahrida joylashgan. Stansiya Butunittifoq selektsiya ilmiy tadqiqot institutining Denov tayanch punkti (1932) asosida 1945 yili tashkil etilgan. 1956 yildan R. R. Shreder nomidagi Bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti tarkibida. Asosiy vazifasi bog’dorchilik, uzumchilik va subtropik mevalar (anor, anjir, xurmo)ning Agrotexnikasi uslublarini ishlab chiqish, eng yaxshi mahalliy va chetdan keltirilgan meva, uzum, subtropik ekinlar navlarini o’rganish va ishlab chiqarishga joriy qilishdan iborat. Stansiyada uzumchilik va bog’dorchilik, subtropik ekinlar bo’limlari, agrokimyo laboratoriya bor. Stansiya hududida Davlat nav sinash tarmog’ining subtropik ekinlar nav uchastkasi, O’zbekistonda yaagona bo’lgan subtropik va o’rmon daraxtlarining 200 dan ortiq turini o’z ichiga olgan noyob dendrariy bor. Eksperimental bazasining umumiy maydoni 136 gektar, shu jumladan bog’va uzumzorlarning eksperimental va kollektsion ekinlari maydoni 42,1 gektar. Stansiya kollektsiyasida anorning 140, anjirning 92, Sharq xurmosining 62, urug’li (olma, nok, behi va boshqalar) mevalarning 46, danakli (o’rik, olxo’ri, shaftoli va boshqalar) mevalarning 55, uzumning 125 navi to’plangan. Stansiya ko’chatzorlarida har yili eng yaxshi subtropik mevali ekinlar va uzum navlarining 500 mingdan ortiq ko’chatlari yetishtiriladi. Yuqori hosildor anor (Desert), xurmo (Denov qandagi, O’zbekiston pioneri) navlari yaratilgan, anjirning istiqbolli navlari ajratib olingan.