“JAR”

“JAR” — sport-sog’lomlashtirish majmui. Me’morlar S. F. Xo’jayev, L. A. Muxamedshin rahbarligida T. K. Matyoqubova, S. E. Soy, A. I. Nadirshin va boshqa tomonidan qurilgan (1997). Toshkent shahri Shayxontohur tumani “Chorsu” maydoni yaqinidagi jarlikda bunyod etilgan. Jar ko’p tarmoqli sport inshooti bo’lib, respublika va xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan musobaqalarni o’tkazishga mo’ljallangan. Unda sport zallari va 1000 o’rindiqli suv havzasi va yana 2 ta kichik yopiq suv havzasi, sauna, 10000 o’rindiqli futbol maydoni, ochiq tennis kortlari (5 ta yozgi va 2 ta qishki, 1000 o’rindiqli), yengil atletika maydoni (2000 o’rindiqli), sog’lomlashtirish, tibbiyot, mashq qilish va umumiy ovqatlanish xonalari mavjud. Tomosha zallari: tennis zali, boks zali (760 o’rindiqli), kurash (har xil turlari) zali (850 o’rindiqli), Majlislar zali (200 o’rindiqli) va boshqalar. Kassa, bufet, garderobxona, sanuzellar (pastki qavatda), shuningdek, mehmonlar uchun xonalar, matbuot markazi, ma’muriy xonalar aralash joylashgan. Sport bilan shug’ullanuvchilar uchun 5 ta mashq va trenaj zallari (24×12 metr), kiyim almashtirish xonalari bor. Murabbiylar, hakam, ma’muriyat xonalari turli qavatlarda joylashgan. Usti ochiq, qishda suvi issiq suv havzasiga sakraydigan minora o’rnatilgan. Dzyudo, karate, taekvando, taek-Junri, taek-subxarge kabi 13 ta sport to’garagi ishlab turibdi (2001). Tibbiy nazorat xonalarida turli sohadagi vrachlar qabuli, diagnostika, fizioterapevtik muolajalar o’tkaziladi. Vestibyul va hovli bog’ida umumiy ovqatlanish xonasi, qahvaxona, bufet, bar tashkil qilingan. Tomoshabin o’rindiqlari pog’onali, maydon ikki tomonidan soyabon bilan to’silgan. Minbar ostida qo’shimcha xonalar bor. Majmua maydoni 15 gektar, bog’ zonasi 4 gektarni tashkil qiladi.