Jargon
Jargon (Fransuzcha jargon — safsata) — biror ijtimoiy guruhning o’ziga xos leksikasi, fonetikasi va grammatikasi bilan umum so’zlashuv tili va mahalliy dialektlardan farq qiladigan tili. Jargon muayyan ijtimoiy muhitda yuzaga keladi va shular manfaatiga xizmat qiladi (Masalan, talabalar, harbiy xizmatchilar, turli kasb, mashg’ulot egalari orasidagi Jargon). Bunday Jargonlarni kuchli rivojlangan va aniq terminlarga ega biror kasb tili bilan aralashtirmaslik lozim. Jargon ham leksik, ham uslubiy jihatdan turli-tuman, tezda o’zgaruvchan, barqaror bo’lmaydi. Masalan, yoshlar orasida “ketdim” o’rnida “sirpandim”, “pul” o’rnida “soqqa”, “dollar” o’rnida “ko’ki”; san’atkorlar orasida “xizmat uchun haq olmaslik” o’rnida “tom suvoq”, “pul” o’rnida “yakan” va hokazo Jargonlar uchraydi. Jargon badiiy ijodda asar qahramoni xususiyati, tabiatini ochib berish uchun xizmat qiladi. Jargonlar turli tillarda so’zlashuvchi xalqlar vakillarining bir-birlari bilan aloqa qilishida yoki turli xalq vakillari yig’iladigan joylar (Masalan, chegara, portlar)da ham paydo bo’ladi. Jargonlar qaysi ijtimoiy guruh orasida yuzaga kelgan bo’lsa, deyarli faqat shu guruh vakillari uchun tushunarli bo’ladi, shu toifadagilarning vaziyat, sharoit taqozasiga ko’ra boshqalardan yashirin tutiladigan maqsadlariga xizmat qiladi.