Jarqo’ton

Jarqo’ton — qadimgi shahar xarobasi (miloddan avvalgi 2-ming yillikning ikkinchi yarmi). Sherobod tumani (Sherobod Daryo irmog’i Bo’stonsoy o’zanining chap sohili) da joylashgan. Sopolli madaniyatiga mansub qabilalarning jez davri yodgorligi. Jarqo’ton aholisi sug’orma dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya institutining A. Asqarov rahbarligidagi ekspeditsiyasi qazish ishlari olib borgan (1973 yildan). Jarqo’ton (maydoni 100 gektar) mudofaa devori bilan o’ralgan Markaziy qo’rg’on, otashparastlar ibodatxonasi, qabriston (maydoni 20 gektar), bir necha dahalardan iborat bo’lgan. Jarqo’tonda turar joy qoldiqlari, ibodatxona, kulolchilik mahallasi, metall eritiladigan ustaxonalar, 1000 dan ortiq qabrlar ochib o’rganildi. Turar joy binolari katta bichimli xom g’ishtdan (55x29x9 santimetr) bir yoki bir necha xonali qilib qurilgan. Xonalar sahni va devori somonli loy bilan suvalgan. Ko’chalar tor, daha ibodatxonasiga boruvchi yo’lga shag’al yotqizilgan. Erkaklar o’ng yonboshi, ayollar chap yonboshi bilan g’ujanak holda ko’milgan. Jarqo’tondan toshdan yasalgan omoch tishi, ko’plab sopol idish (xumcha, ko’zacha, tog’ora, kosa, piyola, tog’oracha, lagan) lar jez igna, bigiz, xanjar, sopol andava, chaqmoqtoshdan ishlangan paykonlar, jez taqinchoqlar (rangli toshlar qadalgan ko’plab to’g’nog’ich, bilaguzuk, zirak, oyna) qimmatbaho toshlar va suyakdan yasalgan munchoqlar, jez surmadon, qabila muhr tamg’alari, ip mato qoldig’i va boshqalar topilgan. Jarqo’ton ashyolariga o’xshash yodgorliklar Surxondaryo viloyatidan tashqari Janubiy Tojikiston, Turkmaniston va shimoliy Afg’oniston, Eron hududlarida uchraydi.