Javdar, qora bug’doy

Javdar, qora bug’doy (Secale) — g’alladoshlar oilasiga mansub bir yillik va ko’p yillik o’simliklar turkumi, don ekini. 13 turidan 11 tasi yovvoyi bo’lib, kichik va O’rta Osiyoda, Eron, Afg’oniston, Zakavkaze, Janubiy Afrikada o’sadi, qolgan 2 turidan biri — dalalarda begona o’t tariqasida uchraydi (S. segetale), biri asosan shim. yarim shar mamlakatlarida yetishtiriladigan madaniy yoki ekiladigan Javdar (S. cereale) dir. Javdarning vatani Kavkaz, Kichik va O’rta Osiyoning tog’oldi mintaqalari. Kuzgi va bahorgi shakllari bor, asosan kuzgisi ekiladi. Jahon bo’yicha ekin maydoni 9,9 million gektar o’rtacha hosildorlik 20,3 ts/ga, yalpi hosili 20,1 million tonna (1999). Asosan Yevropa mamlakatlarida ko’p ekiladi (Polshada — 2,2, Rossiyada 3,5, Ukrainada 0,6 million gektar). O’zbekistonda Javdar kam ekiladi (8 ming gektar, 1999). Javdar ildiz tizimi popuk ildiz, baquvvat, yerga asosan 120 santimetr (ayrim ildizlari 2 metr) gacha kirib boradi. Poyasi poxol, 5-6 bo’g’imdan iborat, bo’yi 60 santimetrdan 2-2,5 metrgacha. Bitta o’simlikda 4-8 ta poya bo’ladi. Bargi barg qini va xanjarsimon uchli barg plastinkasidan iborat: to’pguli — boshoq, gullari ikki jinsli, mevasi don, yalang’och, cho’zinchoq, asosan kulrang. Javdar chetdan changlanadigan o’simlik. Javdardan oziq-ovqat, yem-xashak va texnika maqsadlarida foydalaniladi. Javdar non (bug’doy non bilan birgalikda) eng muhim oziq-ovqat mahsulotidir. Yormasi va ko’k massasi, uni chorva mollari uchun qimmatli ozuqa; donidan aralash ozuqa, spirt va kraxmal, patoka ishlab chiqariladi, somonidan qog’oz, tsellyuloza, lignin va boshqalar olinadi, shuningdek, mollarga yediriladi va to’shama o’rnida foydalaniladi. Kuzgi Javdarning faol vegetatsiya davri (120-150 sutka) ikkiga bo’linadi: vegetativ organlari rivojlanib boradigan kuzgi davr (40-50 sutka) va generativ organlari shakllanadigan va o’simlik hosil beradigan bahorgi- yozgi davr (75-100 sutka). Urug’i 1-2° issiqda unib chiqadi, maysalari sovuqqa chidamli. Javdar aprelning oxiri — mayning boshlarida boshoq chiqaradi, iyun oyida pishadi. Sug’oriladigan mintaqalarda kuzgi Javdarni makkajo’xori, g’o’za, kartoshka va boshqa dala ekinlaridan bo’shagan unumdor erlarga ekish tavsiya etiladi. O’zbekistonda sug’oriladigan yerlarda, asosan, kuzda 4-6 santimetr chuqurlikda ekiladi (gektariga 2-2,5 ts urug’ sarflanadi). Sug’oriladigan yerlarda hosildorligi 20-50 ts/ga, bahorikor yerlarda 10-20 ts/ ga boradi. Ba’zi joylarda Javdarni oraliq ekin tariqasida ko’katini mollarga berish uchun ham ekiladi. Navlari. Javdarning Vyatka, Kozon, duragay 2, Vaxsh 116 (bahori) va boshqalar ekiladi. Zararkunandalari: shved pashshasi, Gessen pashshasi, kuzgi pashshalar, xasva va boshqalar. Kasalliklari: ildiz chirish, qorakuya, qorako’sov va boshqalar. Ad.: Yormatova D., Dala ekinlari biologiyasi va yetishtirish texnologiyasi, T., 2000. Qo’ziboy Dushamov.