Javohirlar, qimmatbaho toshlar
Javohirlar, qimmatbaho toshlar — qimmatbaho bezak buyumlari tayyorlash uchun ishlatiladigan o’ziga xos xususiyatli minerallar. Javohirlar chiroyliligi, rangining tiniqligi va bir xilligi, yaltiroqligi, jilolanishi, qattiqligi, qirralash mumkinligi kabi xususiyatlari bilan qadrlanadi. Sun’iy usulda qirralangan, tarashlangan va sayqal berilgan olmosga gavhar deyiladi. Javohirlar shartli ravishda 4 sinfga bo’linadi: 1-sinf — olmos, yoqut, sapfir, Zumrad; 2-sinf — aleksandrit, sapfirning turli ranglilari, asl qora opal, asl Jadeit; 3-sinf — demantoid, shpinel, asl oq va olov rang opal, akvamarin, topaz, turmalin; 4-sinf — xrizolit, tsirkon, kuntsit, oytosh, quyosh toshi, sariq, yashil va pushti rang berill, pirop, almandin, Feruza, ametist (safsar), xrizopraz, tsitrin. Javohirlarning ba’zilari, Masalan, olmos, zumrad, yoqut va boshqa sun’iy yo’l bilan ham olinadi. Shpinel va korundning tarkibiga boshqa kimyoviy elementlar aralashmalari (xrom, titan, vanadiy, temir va boshqalar)ni qo’shish yo’li bilan “ametist”, “Aleksandrit”, “akvamarin” olinadi. Deyarli barcha Javohirlarni sun’iy yo’l bilan olish mumkin. Javohirlar odamzodga juda qadim zamonlardan ma’lum. Qadimda tabiiy olmosni qirralash bilan birinchi marta Sharq mamlakatlarida, asosan Hindistonda shug’ullanilgan. Bundan 4000 yil ilgari Xitoyda nefritdan har xil buyum (pichoq, bolta va boshqalar) va bezaklar yasashgan. Yoqut, la’l, Feruza, nefrit, aqiq, zumrad, Gavhar kabi Javohirlar O’rta Osiyoda uzoq, tarixga ega. Ular Samarqand, Buxoro, Xorazm va boshqa shahar bozorlarida 6-7-asrlardayoq ko’plab sotilgan. O’rta asr Sharq me’morligida devor va maqbaralarni qimmatbaho tosh bo’laklari va taxtachalari bilan bezash urf bo’lgan. Buyuk olim Beruniy ham Javohirlarning paydo bo’lishi, ularning fizik, kimyoviy xossalari hamda ishlatilish tarixiga oid tadqiqotlar o’tkazgan. Tekshirish natijalarini o’zining “kitob ul-jamohir Fi ma’rifat al-Javohir” (“Mineralogiya”) kitobida bayon qilgan. Yevropada ilk o’rta asrlarda qimmatbaho va ziynat toshlariga sayqal berish faqatgina Javohirlarni qayta ishlash jarayonida ularning tabiiy qirralarini saqlab qolish va tozalash, kristallarni tog’ jinslaridan ajratib olishdan iborat bo’lgan. 1456 yilda gollandiyalik Lodeveyk van Berkem olmosni qirralashda olmos kukunidan foydalangan, shundan keyin bu usul boshqa qattiq toshlarni qirralashda keng qo’llanila boshlagan. 1725 yilda Sankt-Peterburgda Pyotr I ko’rsatmasiga binoan birinchi marta “olmos tegirmoni” — jilolash fabrikasi ochilgan. Unda dastlab faqat qimmatbaho toshlar qirralangan, keyinchalik bezak toshlariga ham jilo bera boshlaganlar. Javohirlar tabiatda turli jarayonlarda: 1) magniy va temirga boy magmalarning kristallanishi jarayonida (olmos va pirop); 2) granitli pegmatitlarning kristallanishi natijasida (Zumrad, akvamarin, tsirkon, topaz, turmalin, amazonit); 3) minerallashgan eritmalarning kristallanishidan (opal, billur, ametist, Feruza, agat, malaxit); 4) metamorfizm jarayonida (yoqut, sapfir, shpinel, lojuvard, granatlar) hosil bo’ladi. Javohirlar konlari dunyoda ko’p, ammo konlar bir xil tarqalmagan. Janubiy Afrika va Madagaskar orolida (olmos, Zumrad, berill, akvamarin, turmalin, billur, topaz, pirop va boshqalar), Janubiy Amerika, asosan Braziliya va Kolumbiyada (Zumrad, berill, olmos, turmalin va boshqalar) ko’plab qazib olinadi. Osiyo mamlakatlarida nefrit (Xitoy), Feruza va lazurit (Eron, Afg’oniston), yoqut, shpinel, tsirkon, jadeit, almandin (Hindiston, Shri Lanka, Tailand), olmos, Zumrad, malaxit, topaz, ametist, turmalin (Rossiya Federatsiyasi) konlari mavjud. O’rta Osiyo qadimdan o’zining Feruza, yoqut, billur, marmar oniksi bilan mashhur. O’zbekistonda malaxit (Piskom togi), Feruza (Qizilqum, Sulton Uvays, Qurama togi), rodonit (Qurama, Sulton Uvays), ametist (Piskom, Qurama toga) mavjud, ayniqsa Feruza kadimdan qazib olinadi.