Jaynizm

Jaynizm — 1) Hindistonda tarqalgan dinlardan biri (qariyb 3 million kishi e’tiqod qiladi). Miloddan avvalgi 6-asrda paydo bo’lgan. Rivoyatlarga ko’ra, Jaynizm asrlar osha 24 ustoz-payg’ambar orqali yetib kelgan. Bularning eng so’nggisi Jinna (ya’ni g’olib, dinning nomi shundan) va Maxavira taxallusini olgan Vardxamana bo’lib, shu din asoschisi hisoblanadi. Jaynizm qadimgi hind jamiyatidagi qarbiylar (kshatriy) bilan ruhoniy — brahmanlar o’rtasidagi ijtimoiy ziddiyatlarning keskinlashuvi oqibatida vujudga kelgan. Ba’zi tadqiqotchilar fikricha, Jaynizm buddizmnmng bir mazhabidir. Jaynizm buddizm kabi brahmanizmning murakkab rasm-rusumlariga va tashqi shakliga qarshi chiqdi. Vedalarning muqaddasligini, qurbonliklar qilishni, ruhoniylar va xudolarning inson taqdiriga hal qiluvchi ta’sirini inkor etdi. Jaynlar o’z jamoasiga kirish uchun barcha Varna (kasta)dagi erkak va ayollarga yo’l ochdi. Jaynizmda Markaziy o’rinni jon haqidagi ta’limot egallaydi. Bunga ko’ra, inson joni barcha qilmishlari uchun javobgar, chunki bu qilmishlar karma qonuni asosida ro’y beradi, karma qonuni tanni jon bilan bog’laydi, insonni yerdagi ishlarga zanjirband etadi va uning keyingi qayta tug’ilishlarini belgilab beradi. Kishilar “o’z jonini o’zi xalos qilishi”, “qayta tug’ilishlardan ozod bulishi” mumkin. Bunga erishish uchun Jinnaga e’tiqod qilish, Jinna ta’limotiga ishonish, Jinna belgilagan axloq me’yorlariga rioya qilishi kerak. Jaynizmda axloqiy kamolatga etishishning va karma qonunidan qutulishning birdan-bir yo’li zohidlik hisoblanadi. Jaynlar Zohid-rohiblar va fuqarolar (savdo-sudxurlik bilan shug’ullanuvchilar)ga bo’linadi. Jaynizm tarafdorlari hozirgi kunda asosan bankdorlar, sudxo’rlar, sarroflar va zargarlardan iborat. Ular jondorlar bilan savdo qiladilar, boshqa tijorat ishlari bilan ham shug’ullanadilar; 2) falsafiy ta’limotlardan biri. Miloddan avvalgi 2— 1-asrlarda Jaynizm dini asosida shakllangan. Jaynizm falsafasining asosiy manbai “Jayna Sutra” (“Jayna aforizmlari”) hisoblanadi. Jaynizm falsafasiga tattvalar — mohiyatlar haqidagi ta’limot asos qilib olingan. Ikki asosiy tattva bo’lib, biri — mohiyati ong bo’lgan ruh (Jiva), ikkinchisi — ruh bo’lmagan hamma narsa (ajiva). Ruh bo’lmagan narsa (materiya) sezish, eshitish, hid, rang va ta’m sifatlariga egadir. U yaratilmagan, ibtidosi va intihosi yo’q, muayyan holatga ega bo’lishi va o’zgarishi mumkin. Modda dag’al narsa bo’lib, inson a’zolari tomonidan his etiladigan yoki karmaga o’xshab nozik bulishi mumkin. Moddaning zarrasi — atom, u makonning bir nuqtasinigina ishg’ol etadi, og’irlikka ega, katta tezlik bilan harakat qila oladi. Jaynizm falsafasida ikki zamon xususiyati mavjud: ruhning ayni holatda mujassamlashgan muddati (yoki hayot vaqti) va ruhning shu berilgan holatda mujassamlashgan muddati (yoki hayot miqdori, boshqa holatga o’tish uchun ayni shunday hayotda yashashi zarurligi). Masalan, inson bir necha o’n yillar yashaydi, ammo uning yuqoriroq holatga o’tishi bir necha hayotiy muddatni taqozo etadi. Jaynizmning axloqiy ta’limoti yakka shaxsning o’zigagina qaratilgan. Inson faqat o’zini ozod qilishi mumkin; boshqa odamga yordam berish mutlaqo bo’lmagan va iloji yo’q narsa. Jaynizm falsafiy tizimi hozirgi vaqtgacha deyarli ilk ko’rinishida saqlanib qolgan. Muhammadjon Qodirov.