Jebe no’yon, Jaba, jeba, Jebe, Chjebe
Jebe no’yon, Jaba, jeba, Jebe, Chjebe (12-asr oxiri — 13-asr 1-yarmi) — Chingizxonning atoqli sarkarda — nuenlaridan biri. Nirun qabilasining yisut urug’idan. Chingizxonga qo’shilguncha tayjiut qabilasi boshliqlaridan sanalgan Qadan tayjining o’g’li Tudaning xos yigiti bo’lgan. Jebe no’yonning lashkarboshilik salohiyatini yuqori baholagan Chingizxon uni o’ta mas’uliyatli harbiy amaliyotlarga tayinlagan, jumladan, 1216 yilning ko’klamida naymanlar xoni Kuchluqga qarshi o’g’li Jo’ji va Jebe no’yon boshchiligida 20 ming kishilik qo’shin jo’natgan. Bu qo’shin zafar bilan qaytayotganda Irg’iz daryosi bo’yidagi jangda Muhammad Xorazmshohning 60 ming kishilik qo’shiniga ro’baro’ kelgan. Chingizxonning Shimoliy Xitoyga yurishi (1211) paytida Jebe no’yon Jurja viloyatining yirik shahri Tunkinni egallash uchun jo’natilgan. Jebe no’yon o’ziga xos harbiy taktik usul qo’llab shaharni egallaydi. Shu yili Chamchil darasiga kirish yo’lini qo’riqlash topshirilgan Jebe no’yon xitoyliklarning Udun qo’mondonligidagi askariy qismlariga qo’qqisdan hujum qilib, ularni tor-mor keltiradi. 1220 yil Movarounnahrni istilo qilish chog’ida Chingizxon 20 ming kishilik qo’shin bilan Jebe no’yon va Subutoy Bahodirni yurtni tark etgan Muhammad Xorazmshohni ta’qib etish va uning tasarrufidagi Arron, Ozarbayjon, Eron va Shirvon yerlarini zabt etishga jo’natgan. Ular dastavval Iroqi ajamning har, Simnon, Ray, Qum, Hamadon, Qazvin, Ozarbayjonning Tabriz, Marog’a, Naxichevan, Sarob, Ganja, Baylakon kabi shaharlarini egallashgan. Gurjilar (Gruzinlar)ning 30 ming kishilik qo’shinini harbiy hiyla bilan yakson etgan Jebe no’yon va Subutoy Bahodir qo’shini Shirvonshoxlar sulolasining bosh shahri Shamoxiy (Shemaxa)ni g’orat qiladi va Darbanddan o’tib, shimoliy Kavkazga alanlar yurtiga bosib kiradi, ularning qarshiligini sindirib, qo’qqisdan qipchoqlarga hujum qiladi. Omon qolgan qipchoqlar rus yerlariga qochishga majbur bo’lishgan. Qish mavsumini qipchoqlarning sersuv yaylovlarida o’tkazgan Jebe no’yon va Subutoy Bahodir Qrimning Janubdagi Sug’daqni zabt etadi. Kalka jangida rus knyazlari va qipchoqlarning Birlashgan qo’shinini yenggan mo’g’ullar ruslarning ko’pdan ko’p shaharlarini g’orat qilganlar, so’ngra Volga-Kama Bulg’oriyasish qattiq qarshilikka duch kelgach, orqaga qaytib, Qoraqurumga qaytayotgan Chingizxonga kelib qo’shilganlar. Ad.: Rashidad-din , Sbornik Letopisey, t.1, Kniga vtoraya, M. — L., 1952; Shixabad-din Muhammadan-Nasav i , Jizneopisanie Sultana Djalalad-Dina Mankburni, Baku, 1973; Bartold V. V., Turkestan v epoxu mongolskogo nashestviya, soch., t. 1, M., 1963. Hamidulla Dadaboyev.