Jelatina

Jelatina (lotincha gelatus — muzlagan, sovigan) — hayvon terisi, payi va suyaklarini suvda qaynatish yo’li bilan olinadigan oqsil moddalar aralashmasi. Bunda to’qimalar tarkibiga kiradigan kollagen glyutinga aylanadi. Olingan eritma haydaladi, tindiriladi, iviq hosil bo’lguncha sovitiladi, so’ngra bo’lak-bo’lak qilib kesiladi va quritiladi. Tayyor holdagi quruq Jelatina — ta’msiz, hidsiz, shaffof, rangsiz yoki och sarg’ish bo’ladi; sovuq suvda va suyultirilgan kislotalarda shishadi. Qizdirilgan kolloid eritma soviganda iviqqa aylanadi. Jelatina qandolatchilikda (marmelad va boshqalar tayyorlashda), fotoplyonkalar, plastinkalar, fotoqog’oz va karton tayyorlashda, gemofiliya kasalligini davolashda hamda me’da, ichak va o’pkadan qon ketishini to’xtatishda (5-10% li eritmasi, maz va shamchalar tarkibida) ishlatiladi, shuningdek, mikrobiologiyada (oziqli muhit olishda) qo’llaniladi.