“Jeneral Motors”

“Jeneral Motors” (General Motors) — jahondagi avtomobil ishlab chiqaruvchi eng yirik korporatsiya. 1908 yilda tashkil etilgan. “Jeneral Motors” yengil va yuk mashinalari, avtomobil sistemalari, og’ir yuk mashinalari uchun transmissiyalar, harbiy jihozlar va temir yo’l lokomativlari loyihalarini yaratadi, ularni ishlab chiqaradi va sotadi. Kompaniya korxonalari AQShdan tashqari jahondagi 50 dan ortiq mamlakatda joylashgan. Uning mahsulotlari 190 dan ortiq davlatda sotiladi. AQShda avtomobil ishlab chiqarishning salkam 50%ni, boshqa mamlakatlardagi avtomobillar ishlab chiqarishning 20%ni nazorat qiladi. Yillik savdo hajmi 121,1 milliard dollar (jahondagi sanoat kompaniyalari orasida birinchi o’rinda), sof foydasi 4,9 milliard dollar, AQShning o’zida 5,1 million dona avtomobil ishlab chiqaradi. 766 ming ishchi-xizmatchi band (1980-yillar oxiri). “Jeneral Motors” rivojlanish va kengayish dasturini davom ettirib, 1990-yillar boshidan boshlab kompaniyaning Yevropa bo’limi Turkiya, Vengriya, Polsha va Tatariston (Rossiya)da avtomobil yig’uv korxonalarini ishga tushirdi.