Jersi qoramol zoti
Jersi qoramol zoti – suti uchun boqiladigan zot. Eng qadimgi madaniy zotlardan biri. Angliya tasarrufidagi Jersi orolida chiqarilgan. Ajdodi Normandiya va Bretanning jaydari zotlaridan. Inbridingni ko’p qo’llash orqali gavda tuzilishining nozik bo’lishiga erishilgan. Rangi malla, sarg’imtir, to’q qo’ng’ir. Sigirlarida qornining pastki qismi va oyoqlarida ola (oq) joylari bor. Buqalarining tirik vazni 600— 700, sigirlariniki 360— 400 kilogramm, sog’im davrida 3000-3500 kilogramm sut beradi. Sutining yog’lilik darajasi 5-6%, ba’zida 8%ga boradi. Jersi qoramol zoti suti yog’liligi eng yuqori bo’lgan zot hisoblanadi. Yevropaning ko’pgina mamlakatlari, AQSh, Kanada, Avstraliya va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Jersi qoramol zoti buqalaridan sut yo’nalishidagi zotlarda sut yog’liligini oshirish yunalishidagi chatishtirish ishlarida foydalaniladi. Jersi qoramol zoti buqalari 1968 yilda O’zbekistonga keltirildi, 1979-85 yillarda mavjud zotlar suti yog’liligini oshirish yo’lida qisman foydalanildi. Lekin bu ishlar yaxshi natija bermadi, olingan duragay mollarda sutning yog’ miqdori ko’tarilgan bo’lsada, ularning sersutligi va tirik vazni nisbatan kamaydi.