Jezqazg’an
Jezqazg’an (qozoqcha — mis qazimoq) — Qozog’iston Respublikasi Karaganda viloyatidagi shaqar (1954 yilgacha shaharcha). Kengir suv omborining o’ng sohilida joylashgan. Qarag’anda shahridan 520 kilometr. 1997 yildan Jezqazg’anga ma’muriy jihatdan Satpaev shahri bo’ysunadi. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 148,7 ming kishi (Satpev shahri bilan birga, 1999). Jezqazg’anda mis rudasi borligi mahalliy aholiga qadimdan ma’lum bo’lgan. 1771 yil Markaziy Qozog’istonga baron Traunberg ekspeditsiyasi kelgan va Ulugtov Janubiy etaklarida mis rudalari borligini aniqlagan. 1847 yil Yekaterinburglik savdogar Nikolay Ushakov chorvador Botir Bakasindan mis zaxiralari bor deb taxmin qilingan maydonni ijaraga olgan. 1890 yil Jezqazg’an konini inglizlar sotib olgan va 1913 yil bahorida mis eritish zavodi va Qarsaqpayda boyitish fabrikasini qurish uchun tayyorgarlik ko’rgan. Mis rudasi 20-asr boshidan oz miqdorda qazib olina boshlagan. 1925 yil Otbosar rangli metallar tresti tashkil etilib, uning tarkibida Qarsaqpay kombinati bo’lgan. 1928 yil Qarsaqpay mis eritish zavodi birinchi mahsulotini berdi. 1947 yil Jezqazg’an boyitish fabrikasi qurila boshladi, 1954 yil foydalanishga topshirildi. Jezqazg’an regionida marganes kontsentrati ishlab chiqariladigan va oltin rudasi qazib olinadigan konlar va fabrikalar, mis zavodi va sim ishlab chiqarish tsexi joylashgan. Jezqazg’an rudasi tarkibida qo’rg’oshin, rux, kumush, oltingugurt, oltin va nodir hamda tarqoq elementlar mavjud. Gidrometallurgiya, quyish mexanika zavodlari, trikotaj fabrikasi, go’sht kombinati, sut zavodi, emal tsexi ishlab turibdi. Jezqazg’an koni asosida misdan tashqari rangli metallurgiya rivojlangan bo’lib, “Qazaqmyu” korporatsiyasining “Jezkazgantsvetmet” aktsiyadorlik jamiyati korxonalari faoliyat ko’rsatmoqda. Jezqazg’an mis koni aniqlangan zaxirasi bo’yicha dunyodagi yirik konlardan biri. Jezqazg’an hududida kompleks rudalar, mis, qo’rg’oshin, kumush, oltin, volfram, molibden, temir, marganes, optik kvarsning katta zaxiralari bor. Undan tashqari ko’mir, neft, gaz, tabiiy qurilish materiallari, qoplama va ziynat toshlari konlari mavjud. Jezqazg’anda 2 oliy o’quv yurti, o’rta maxsus o’quv yurtlari, tarix o’lkashunoslik muzeyi faoliyat ko’rsatadi.