Jigar qurti
Jigar qurti (Fasciola hepatica) – so’rg’ichlilar sinfiga mansub parazit chuvalchang turi. Tanasining rangi oqish yoki jigarrang, shakli yaproqsimon. Uzunligi 20-30 millimetr, eni 8-13 millimetr; oldingi uchki qismi konussimon toraygan. So’rg’ichlari ikkita. Oldingi og’iz so’rg’ichi o’rtasida og’iz teshigi bo’ladi. Og’iz so’rg’ichidan orqaroqda ikkinchi qo’shimcha qorin so’rg’ichi joylashgan. 1 – va 2-so’rg’ichlar o’rtasida jinsiy teshigi, tanasining orqa uchida ayirish organi teshigi bor. Jigar qurti, asosan, tuyoqli sut emizuvchilar (qoramol, qo’y, echki, tuya, ot, cho’chqa va boshqalar) hamda odam jigari o’t suyuqligi yo’llarida parazitlik qiladi; o’t va o’t yo’lidagi yemirilgan hujayralarning parchalanish mahsulotlari bilan oziqlanadi, Jigar qurti bilan zararlanish fastsiolyoz deyiladi. Jigar qurti 2 xo’jayinda rivojlanadi. Tuxumlari axlat bilan suvga tushganida ulardan kiprikli mirasidiy lichinkasi chiqadi. Lichinka suvda suzib yurib, o’zining oraliq xo’jayini — kichik suv shillig’i (Galba truncatula)ni topib, uning ichiga kirib oladi. Mirasidiydan sporosistalar; rediyalar va tserkariyalar rivojlanadi. Tserkariyalar shilliq qurt tanasidan tashqariga chiqadi va navbatdagi lichinkalik davri — adoleskariyaga aylanadi. Jigar qurtining asosiy xo’jayinlari — chorva mollari suv ichganda yoki suv ichida o’sgan o’tlarni eganda tsistaga o’ralgan adoleskariyani ham yutib yuboradi. Chorva mollari ichagida tsista yorilib, yosh jigar qurti chiqadi. Qurt ichak devorini teshib qonga o’tadi; qon orqali jigarning o’t suyuqligi yo’liga o’tib, bu yerda voyaga yetadi. Odamlar ham ko’lmak suv havzalaridan suv ichganida Jigar qurti bilan zararlanishi mumkin.