Jigar tsirrozi
Jigar tsirrozi jigarning surunkali rivojlanib boradigan kasalligi; bunda jigar to’qimasi yallig’lanib, uning bir qismi biriktiruvchi to’qima bilan almashinadi. Jigarning o’tkir yallig’lanishi — gepatitda, uning V, S, D shakllarida, o’tkir gepatit surunkali gepatitga aylanayotganda, bezgak, sil, zaxm, brusellyoz kabi yuqumli kasalliklarda, o’t pufagi va o’t yo’llarining surunkali yallig’lanishida, turli kimyoviy moddalardan muntazam zaharlanishda, shuningdek, alkogolizmda va boshqa sabablarga ko’ra paydo bo’ladi. Jigar tsirrozi — sekin rivojlanadigan surunkali kasallik. Jigar tsirrozi turlicha namoyon bo’ladi va u xastalikning qaysi shaklida kechishi hamda davriga bog’liq; tekshirganda jigarning qattiqlashgani va funktsiyasining buzilganligiga qaramay, kishi uzoq vaqt hech qanday xastalik alomatini sezmay yurishi mumkin. Kasallik zo’rayganda bemor darmonsizlanadi, ozib ketadi, ishtahadan qoladi, kekiradi, ko’ngli ayniydi, ba’zan qusadi, ichi ketadi yoki qotadi, qorni dam bo’ladi, temperaturasi ko’tariladi, qorin bo’shlig’ida suyuqlik to’planishi natijasida u ko’tariladi (istisqo), burni qonaydi, badani qichishadi, ba’zan sarg’ayadi; kamqonlik avjiga chiqadi; Jigari va ayniqsa talog’i kattalashadi va qattiqlashadi. Davoni vrach tayinlaydi. Jigar tsirrozi uzoq vaqt davolanadi, kasallik zo’rayganda bemorni darhol kasalxonaga yotqizish kerak. Parhezga qat’iy rioya qilishning ahamiyati katta. Bemorga, asosan, yengil hazm bo’ladigan, qand, oqsil va vitaminlar (ayniqsa, S vitamin va V gruppa)ga boy sutli va o’simlik ovqatlar beriladi. Tvorog (oson hazm bo’ladigan oqsillarga ega), yog’siz go’sht, baliq, shuningdek, ozgina sariyog’ bilan qaymoq yoki smetana iste’mol qilish mumkin; spirtli ichimliklar ichish qat’iy taqiqlanadi. Jigar tsirrozining avj olishiga yo’l qo’ymaydigan dorilar buyuriladi. Jigar tsirrozini davolashda avvalo unga sabab bo’ladigan omillarni bartaraf etish muhim. Jigar tsirroziga olib kelgan infektsiya aniqlansa, uni tugatish choralari ko’riladi. Jigar tsirrozining oldini olish uchun mehnat va turmush sharoitini sog’lomlashtirish, alkogolizmga qarshi kurash olib borish kerak. Ad.: Podimova S. D., Bolezni pecheni, M., 1990. Erkin Qosimov.