Jinsiy tsikl
Jinsiy tsikl – jinsiy voyaga yetgan urg’ochi hayvonlarda ko’payish bilan bog’liq holda takrorlanib turadigan morfofiziologik jarayon. Yil davomida ko’payadigan hayvonlarda bu jarayon ko’p marta va to’xtovsiz takrorlanib turadi (polisiklik hayvonlar). Polisiklik Jinsiy tsikl mavsumiy ko’payadigan va ko’payish davrida bir Jinsiy tsikl hosil qiladigan turlar uchun xos (Masalan, qon so’ruvchi pashshalarning gonadotrofik tsikli). Mo’tadil va o’rta mintaqalarda tarqalgan hayvonlarning bitta gonotrofik tsikli bo’ladi (monosiklik hayvonlar). Har xil hayvon turlari va hatto ayrim individlarning Jinsiy tsikl davri bir xil bo’lmaydi. Eng oddiy holda Jinsiy tsikl faqat follikulyar davrdan iborat. Bu davr mobaynida tuxum o’sib rivojlanadi va tashqi muhitga chiqariladi (baliqlar va suvda hamda quruqlikda yashovchilarning uvildiriq tashlashi, sudralib yuruvchilarning tuxum qo’yishi). Qushlar Jinsiy tsikl 3 davr: follikulyar (o’sish, etilish, tuxumdondagi ovulyatsiya), tuxum bosish va jo’ja boqish davrlaridan iborat. To’liq Jinsiy tsikl yo’ldoshli sut emizuvchilar uchun xos bo’lib, 4 davrdan iborat. Follikulyar davrida tuxumdonlarda estrogen gormon ajratib chiqaradigan follikulalar etiladi. Estrogen urg’ochi hayvonlarda ma’lum sharoitda jinsiy qo’zg’alish paydo qiladi va jinsiy organlarga qon oqib kelishini keskin kuchaytiradi. Follikulalar etilgan sayin eriladi (ovulyasiya sodir bo’ladi), hosil bo’lgan tuxumlar tuxumdonga tushadi. Tuxum yo’lida tuxum urug’lanishi mumkin. Tuxum yo’lidan tuxum bachadonga o’tadi. Lyutein, ya’ni sariq tana davrida bo’shab qolgan tuxum follikulalari qonga Progesteron ajratib chiqaradigan sariq tanaga aylanadi. Progesteron ta’sirida follikulalarning rivojlanishi to’xtaydi, bachadon devori qalinlashib, sut bezlari yiriklashadi. Urug’langan tuxumning bachadon devoriga implantatsiyasi (yopishishi)dan so’ng homilalik davri, undan so’ng laktasiya davri boshlanadi. Sariq tana funktsiyasi so’nggi 2 davr mobaynida davom etadi. Tuxum hujayra urug’lanmay qolsa, u holda Jinsiy tsikl dastlabki 2 davr bilan cheklanadi. Tuxum ichida kechadigan jarayonlarning ritmik almashinuvi (ovarialtsikl) bachadon va jinsiy qindagi tsiklik o’zgarishlarga, bachadondagi tinch davr tuxumdagi follikulyar fazaga mos keladi. Undan keyingi proliferativ davrida bachadonni va uning devorini qoplab turgan epiteliyning qalinlashuvi kuzatiladi. Ovulyatsiyadan keyingi sekretorlik davrida Progesteron ta’sirida bachadon zigotani implantasiya qilishga tayyor bo’ladi. Agar tuxum hujayra urug’lanmasa, involyutsiya davri boshlanadi; sariq, tana yo’qoladi va tuxumdon tinch davrga qaytadi. Jinsiy qindagi tsiklik davr (estral tsikl) ham 4 davrdan, xususan kuyikishdan oldingi (proestrus), follikulyar faza va ovulyasiyaga mos keladigan kuyikish (estrus), lyutein fazaga mos bo’lgan metaestrus va tinch davr (diestrus)dan iborat. Ko’pchilik sut emizuvchilarning Jinsiy tsikl estral, primatlar va odamlarda esa menstrual bo’ladi. Muayyan faelda ko’payadigan hayvonlarning erkagida kuyikish davri boshlanishi bilan jinsiy bezlarida urug’ hujayralari o’sib etila boshlaydi. Bu jarayon urg’ochisining kuyikish boshlanishi bilan bir vaqtda oxiriga etadi. Polisiklik hayvonlarning erkagi doimiy potentsiyaga ega. Ularda potentsiya urg’ochisining otalanishga tayyorligiga qarab realizatsiya qilinadi. Jinsiy tsikl nerv va endokrin sistemasi orqali boshqariladi. Umurtqalilarda bu jarayon jinsiy gormonlar orqali amalga oshadi. Jinsiy gormonlar sekresiyasi Markaziy nerv sistemasining nazorati ostida gipotalamusdan keladigan signallar orqali gipofizning gonadotrop gormonlari yordamida boshqariladi. Ochil Mavlonov.