Jiyak, zeh

Jiyak, zeh — ensiz tasma. Kiyimlarning oldiga, yoqa, yeng, cho’ntak, etak chetlariga, do’ppining kizagiga, kashtali bezak buyumlariga tikiladi. O’rta Osiyo, jumladan O’zbekiston hududida keng tarqalgan. Buxoro, Samarqandda zeh, Surxondaryoda Sherozi va boshqa nomlar bilan yuritiladi. Tayyorlash usuliga ko’ra bir necha turlarga bo’linadi: qo’lda to’qiladigan sodsa Jiyak, bir necha kishi tomonidan to’qiladigan rangdor, gulli murakkab Jiyak, maxsus dastgoh (jiyak do’kon) da to’qiladigan Jiyak, matoga kashta tikib tayyorlanadigan Jiyak va boshqalar. Jiyak kashtasi an’anaviy handasiy, Islomiy naqshlar va ularning uyg’unligidan iborat bo’lib, ba’zan naqsh mujassamotiga ro’zg’or buyumlari, asbob va boshqa buyumlarning shakllari, yozuvlar kiritiladi. Hozir ham Jiyak tayyorlash va tikish keng tarqalgan.