Jizzax pedagogika instituti
Jizzax pedagogika instituti, Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti — pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. 1974 yil tashkil etilgan. 1989 yil Abdulla Qodiriy nomi berilgan. Institutda 8 fakultet (o’zbek tili va adabiyoti, tarix va huquq, pedagogika, xorijiy tillar, fizika, matematika, kimyo-biologiya, kasb ta’limi, jismoniy tarbiya), 5 bo’lim (musiqa, pedagogika-psixologiya, geografiya, qozoq, sirtqi), 36 kafedra, 31 o’quv va amaliy laboratoriya, ustaxona, tajriba ishlab chiqarish maydoni, profilaktoriy va sport sog’lomlashtirish muassasalari bor (2002). Institut qoshida iqtidorli bolalar gimnaziyasi va akademik litsey mavjud. Institut o’zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, ingliz tili, pedagogika va boshlang’ich ta’lim uslubi, kimyo-ekologiya, biologiya, matematika-informatika, fizika-astronomiya, kasb ta’limi, tarix, huquqshunoslik, musiqa-pedagogika, geografiya, jismoniy tarbiya, huquq va ma’naviyat asoslari, maktabgacha ta’lim, tasviriy san’at, pedagogika- psixologiya bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydi. 2001/2002 o’quv yili institutda 3573 talaba ta’lim oldi, 295 professor-o’qituvchi, jumladan 14 fan Doktori va professor, 122 fan nomzodi va dotsent ishladi. 2002 yilgacha institutda 6 mingdan ziyod mutaxassis tayyorlandi.