JIZZAX QO’ZG’OLONI
JIZZAX QO’ZG’OLONI – Jizzax va uning atrofi aholisining chor mustamlakachilariga qarshi olib borgan milliy ozodlik harakati. O’rta Osiyo qo’zg’olonitng tarkibiy qismi. Birinchi jahon urushida Rossiya Germaniya va Turkiyaga qarshi kurashida o’zining no’noqligi, o’quvsizligi tufayli o’rinsiz qurbonlar berib, Rossiyaning urushga taraddudi puxta bo’lmaganini ko’rsatdi. Rus qo’mondonligi urush og’irligini mustamlakalar yelkasiga ortib, ularni ayovsiz ezish siyosatiga o’tdi. Imperator Nikolay II 1916 yil 25 iyunda “Imperiyadagi rus bo’lmagan erkak aholining harakatdagi armiya rayonida mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yo’llari qurish uchun olib boriladigan ishlarga, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo’lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish haqida” farmon chiqardi. Unga ko’ra, Turkiston, Sibir va Kavkaz xalqlaridan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo’lgan erkaklarni safarbar qilish ko’zlangan edi. Bu Farmonning e’lon qilinishi aholi o’rtasida qonli voqealarning vujudga kelishiga sabab bo’ldi. 4 iyulda Xo’jand xalqi qo’zg’olon ko’tardi, ayni paytda, Samarqand, Jizzax va Kattaqo’rg’on tumanlarida ham g’alayonlar boshlandi. Farg’ona, Sirdaryo, Samarqand, Yettisuv, Zakaspiy viloyatlarida avj olgan g’alayonlar keskinlashib xalq qo’zg’oloniga aylandi. Ayniqsa Samarqand viloyatining Jizzax uyezdida bu voqealar uyushgan va oshkora tus oldi. Jizzax qo’zg’oloni aniq maqsadlar — Rossiyadan ajralib, mustaqil bo’lish maqsadi ostida, uyushgan tarzda olib borilgan edi. Qo’zg’olon arafasida Jizzaxda ham butun o’lkadagi kabi zulm-zo’ravonlik, adolatsizlik cheksiz edi. Aholi, asosan, don, g’alla yetishtirish bilan mashg’ul edi. Mahalliy aholi yerlari tortib olinib, temir yo’l, o’rmon xo’jaligida band bo’lgan rus oilalariga berilgan, yaylovlar qisqartirilgan, o’rmonlar qattiq nazoratda bo’lib, hatto o’tin olishga ruxsat berilmasdi, sug’orish inshootlari ham ma’muriyat qo’lida bo’lib, yer, suv soliqlari tobora oshirilmoqda edi. Jizzax uezdi boshlig’ining ma’lumotnomasida qayd etilishicha, “aholining iqtisodiy ahvoli shu darajada og’ir bo’lganki, ular qishdan bahorga chiqquncha, gadoylar darajasiga tushib qolgan, sadaqa bilan kun ko’rib, bir burda non u yoqda tursin, tariqqa ham zor bo’lgan”. Ana shunday aqvolda kun kechirayotgan aholidan 1-jahon urushi yillarida Rossiyaga harbiy ehtiyojlar uchun juda ko’p mahsulot majburan tashib ketildi. Mardikorlikka olish haqidagi farmon e’lon qilingach (3 iyul), norozilik keskin g’alayonlarga aylandi. Ma’muriyat taqsimotiga ko’ra, Jizzax uezdi 11 ming mardikor, butun Samarqand viloyati 38 ming mardikor berishi kerak edi. Busiz ham halokat yoqasiga kelib qolgan aholi orasidan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo’lgan erkaklarni noma’lum muddatga, ayni qishloq xo’jalik ishlari qizigan mavsumda olib ketilishi minglab oilalarning boquvchisidan ayirib, halok etishi turgan ran edi. 5 iyul kuniyoq dastlabki g’alayonlar boshlandi. Aholi farmonni bekor etishni, ro’yxat tuzishni to’xtatishni talab eta boshladi. Jizzax ahli boshqa shaharlardagi ahvoldan xabardor bo’lish uchun Toshkent va Samarqandga o’z vakillarini (Toshkentga jizzaxlik Nazir Hoji, Samarqandga Bog’donlik Xudoyorqul Hoji) jo’natiladi. Nazir Hoji Toshkent aholisi qo’zg’olon ko’targanidan xabar topib, 12 iyul kuni Jizzaxga qaytadi. Shu kuni Jizzaxning eski shahar qismida to’plangan xaloyiq farmonga bo’ysunmaslikka, kurash boshlashga axd qiladi. Tuni bilan shahar aholisi bundan ogoh etiladi. Ertasi kuni — 13 iyulda erta tongda Jizzax ahli qo’zg’aladi. Damin kulol boshchiligida bir necha ming kishidan iborat olomon mardikorlikka ro’yxat tuzgan ellikboshi Mirzayor Xudoyorni jazolaydi. Shu yerda qo’zg’olonchilar safi kengayib, Jizzaxni bosqinchilardan ozod qilib, mustaqil beklik tuzish rejasi ilgari suriladi. Nazir Hoji eshon Jizzax beki deb e’lon qilinadi. Eng oddiy qurollar — ketmon, kaltak, pichoq, to’qmoqlar bilan qurollangan xaloyiq Jizzaxning yangi shahar qismiga yo’l oladi. Bundan xabar topgan uezd boshlig’i polkovnik Rukin o’z yordamchilari bilan g’alayonchilar qarshisidan chiqib, ularni aldab, tinchitmoqchi bo’ladi. Biroq, g’alayonchilar unga ishonmay, yonidagi sheriklari bilan qo’shib jazolaydilar, qurollarini tortib oladilar. Bu orada etib kelgan Polkovnik Afanasev boshliq harbiy kuchlar ham qo’zg’olonchilarni qaytara olmadi. O’zaro to’qnashuvdan so’ng g’alayonchilar bir necha o’n kishini yo’qotib chekindilar va shaharning eski qismida g’alayonga tayyorgarlik boshlandi, atrof qishloqlarga choparlar yuborildi. Temirchilar qurol-aslaha tayyorlashga kirishdilar. Toshkentdan Abdurahmon jevachining oldiga vakil kelib, “siz Jizzaxda odamlarni kurashga boshlang, biz Toshkentdan temir yo’lni qirqamiz, rus askarlari kelolmaydi, hamma yoqni egallaymiz”, deb ogohlantirgan. Toshkent temir yo’lga hujum qilish imkoni bo’lmagan, chunki bu yerda harbiy qismlar tayyor turardi. Biroq Jizzaxda bu ish juda epchillik bilan amalga oshirilgan. Qo’zg’olonchilar 13 iyul kuni temir yo’l stansiyalariga, ko’priklarga hujum qilib, yakson qilganlar, telegraf simlarini uzib tashlaganlar. Ular aloqa vositalarini yakson etib, hukumatga yordam kuchi yuborishga imkon bermaslikka uringanlar, natijada 65 km masofadagi temir yo’l buzib tashlangan. Lomakino, Kuropatkino, Obruchevo, Rostovtsevo stansiyalari yakson etilgan. O’sha kuniyoq Nazir Hoji eshon bir necha kishi bilan Bog’donga, Abdurahmon jevachinikiga yetib keladi, uning uyida bo’lib o’tgan kengashda Jizzaxni Rossiyadan ajratib olish, mustaqil beklik tashkil etishga qat’iy kelishiladi. 21 iyul kuni Jizzaxdan 12 chaqirim narida kli (xalq orasida “kuya boshi”) degan joyda to’planishga qaror qilinadi. To’raqul To’rabekov Sangzor beki deb e’lon qilinadi. Sangzor aholisi Jizzax qo’zg’olonchilarini qo’llab-quvvatlashga ahd qiladi. Zominda ham shunday g’alayonlar boshlanib, Qosimhoji eshonbek deb e’lon qilinadi. Abdurahmon jevachi, Nazir hojilar atrof qishloq, ovullarga choparlar yuborib, o’zlari ham borib xalqni kurashga chorlaydilar. Abdurahmon jevachi Buxoro amiriga maktub orqali murojaat etib, yordam so’raydi, biroq maktub mirshablar qo’liga tushib qoladi. Rabot, Bog’don, Xayrobod, Forish, Sintob, Nurota dahalariga choparlar yuborilib, kurashga da’vat etilgan. Nihoyat Jizzax yaqinidagi “kuya boshi” da 4 ming atrofida olomon to’planadi. Shahardagi nonvoyxonalar uzluksiz ishlab, qo’zg’olonchilarga non yopib, aravalarda tashib keltiriladi. Xaloyiq imkon darajasida ketmon, lo’m, oz bo’lsada miltiq bilan qurollanadi. Yuz berayotgan voqealar hukumatni sarosimaga solib qo’yadi. 18 iyul kuni Turkistonda harbiy holat e’lon qilinadi. 15 iyul kuniyoq Jizzaxga polkovnik Ivanov boshchiligidagi jazo otryadi yuboriladi. Butun uezdga polkovnik Ivanov tayyorlagan e’lonlar tarqatiladi. Unda barcha qo’zg’olonchilar qirib tashlanishi, ularning mol-mulki xazinaga (davlat ixtiyoriga) o’tkazilishi ta’kidlanadi. Mustabid hukumat uezdga 13 ta rota soldat, 2 ta artilleriya qismi, kazak otryadlari, sapyorlar qismi yuboradi. Jazo otryadi shafqatsizlik bilan deyarli qurolsiz bo’lgan qo’zg’olonchilarga qarshi jangga kirishadi. Qo’zg’olonchilar “Yo’qolsin oq podshox”, deb hayqirib, kurashga kirishadilar. Bu voqealar shohidi O’zbekiston yozuvchisi Nazir Safarovning ta’kidlashicha, Jizzax shahri 1,5 kun qo’zg’olonchilar qo’lida bo’lgan. Jazo otryadi pulemyotlarni ishga solib, avval Jizzaxni, keyin Zominni egallaydi, so’ngra Sangzorga yurish qiladi. Tengsiz janglarda deyarli qurolsiz g’alayonchilar ommasi tutdek to’kib tashlanadi, omon qolganlar quvg’in etiladi. 21 iyul kuni jazo otryadi “kuya boshi”da to’plangan qo’zg’olonchilar hujumiga uchraydi. Jangda qo’zg’olonchilar bir soat davomida pulemyotdan o’qqa tutiladi. Qo’zg’olonchilar bu jangda yengiladilar, ularning sardorlari Abdurahmon jevachi, Nazir Hoji eshonlar qo’lga olinadi, mustabid hukumat qo’zg’olon ko’targan xalqdan vahshiyona o’ch olishga kirishadi. Qo’zg’olonni uyushtirgan rahbarlar: Abdurahmon jevachi, Nazir Hoji eshon, aka-uka To’raqul va Eshonqul To’rabekovlar, Qosim Hoji eshonlar o’lim jazosiga hukm etiladi. Jizzax shahri va yana bir necha qishloqqa o’t qo’yilib, yakson etiladi. Minglab kishilar boshpanasiz, uy-joysiz qoladi. Jizzax qo’zg’oloni mustabid hukumatni qattiq sarosimaga soldi, mazlum Turkistonning mag’rur xalqlari hali ko’p narsalarga qodir ekanligidan, ular uchun erk, ozodlik hamisha muqaddas ekanligidan ogohlantirdi. Hatto rus ma’murlari ham Turkistonda 1916 yil qo’zg’oloni davomida Jizzax g’alayoni alohida o’rin tutishi, oshkora kurash tusini olganini qayta- qayta ta’kidlaydilar. Alamzada hukumat bunday voqeaning qaytarilishiga yo’l qo’ymaslik uchun aholini “adabini berish”, ularni shafqatsiz jazolashni buyurdi. 3 avgust kuni Jizzaxda 3 kun ichida g’alayon aybdorlarini topish, agar tutib berilmasa, aholisi va uy-joylarini yo’q qilib tashlash buyurildi. G’alayon Sardorlari tutilgan, o’lim jazosiga hukm etilgan bo’lsada, aholi orasidagi hukumatga qarshi kayfiyatdagi odamlarni yo’q qilish uchun shunday chora belgilandi. 3 kun o’tgach, 7 avgust kuni buyruq bajarildi. Jazo otryadlari shahar aholisini bir joyga to’pgladilar. Pulemyot o’qlari ostida shahardan quvib, cho’lga haydadilar. Ularni ko’pchiligi ayollar, qariyalar, bolalar bo’lib, beayov jazolandi. Bu fojialar haqida Turkistondagi jadidlardan Mustafo Cho’qayev, Ubaydullo Xo’ja Asadullaxo’jayevlar Peterburgga borib Rossiya Dumasiga arz qildilar. Aholi nomidan murojaat etib, zo’ravonlikni to’xtatish, farmonni bekor etish, Turkistondagi ahvolni o’rganish uchun vakil yuborishni talab qildilar. Rossiya Dumasi bu talablar asosida Maxsus komissiya tuzib, o’lkaga yubordi. Komissiya Jizzaxda ham bo’ldi. Keyinchalik Dumaning yopiq kengashida bo’lib o’tgan muhokamada (1916 yil, 13-15 dekabr) bu haqda deputat A. Kerenskiy shunday degan edi: “men Jizzax vayronalarini borib ko’rdim, janoblar, men ikki frontda — Kavkaz va G’arbiy frontda bo’lganman, lekin bunaqasini hali ko’rmaganman”. Jizzax qo’zg’olonchilaridan 50 kishi o’lim jazosiga hukm etildi, qolganlariga turma, surgun belgilandi. Hammasi bo’lib 3 ming kishi hibsga olindi. Jizzax aholisi qirilib, omon qolganlari quvildi. Jizzax qo’zg’oloni tarixda “Jizzax fojiasi” degan nom qoldirdi. U Fozil Yo’ldosh o’g’lining “Jizzax qo’zg’oloni” nomli dostonida o’zining to’liq aksini topgan. Jizzax qo’zg’oloni o’zbek xalqining mustaqillik uchun kurashi tarixining eng qonli, unutilmas sahifasi bo’lib qoldi. Ad.: Safarov N ., Unutilmas kun [ 1916 yilgi Jizzax qo’zg’olonidan xotiralarim], T., Boku, 1932; Haydarov X., Jizzax viloyati tarixi, T., 1996; Ziyaeva D., Turkiston milliy ozodlik harakati, T., 2000; Ziyoev H ., Turkistonda mustaqillik uchun kurashlar tarixi, T., 2001; O’zbekistonning yangi tarixi, 1-kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Choriev Z ., Turkiston mardikorlari: safarbarlik va uning oqibatlari (1916-17), T., 1999. Dono Ziyayeva.