JIZZAX VILOYATI
JIZZAX VILOYATI – O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. Respublikaning markaziy qismida. 1973 yil 28 dekabrda tashkil etilgan. Shimoli-Sharqda Qozog’iston Respublikasi va Sirdaryo viloyati, Janubi- g’arbda Samarqand, Navoiy viloyatlari, Janubi-Sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 21,1 ming kilometr kvadrat. Aholisi 991 ming kishi (2001). Jizzax viloyatida 12 qishloq tumani (Arnasoy, Baxmal, Do’stlik, Jizzax, Zarbdor, Zafarobod, Zomin, Mirzacho’l, Paxtakor, Yangiobod, Forish, G’allaorol), 7 shahar (Gagarin, Dashtobod, Do’stlik, Jizzax, Marjonbuloq, Paxtakor, G’allaorol), 8 shaharcha (Bo’ston, Zarbdor, Zafarobod, Zomin, O’smat, Uchquloch, Yangiqishloq, Qo’ytosh), 95 qishloq fuqarolari yig’ini bor (2001). Markazi — Jizzax shahri. Tabiati. Relefi tog’lik, qir va tekisliklardan iborat. Janub qismini Turkiston tizmasining tarmoqlari (Molguzar tizmasi), g’arbini Nurota tizmasining Sharqiy qismi egallagan. Shimol, shimoli-g’arbi va Sharqiy qismi (Mirzacho’l va Qizilqum cho’lining Janubi-sharqi) tekislikdan iborat. Iqlimi keskin Kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi —8 dan -4° gacha, iyulniki 28°. Tog’oldilarida iqlim cho’l va dashtlarga nisbatan yumshoq. Yillik yog’in viloyat Janubda 400-500 millimetr, shimolda 250— 300 millimetr. Vegetatsiya davri 210-240 kun. Yillik quyoshli kunlar 2800-3000 soat. Eng yirik daryolari — Sangzor, Zominsuv. Tog’lardan oqib tushuvchi soy ko’p. Ekinlarni sug’orish uchun Tuyatortar kanali, 1 – va 2-Janubiy Mirzacho’l kanallari, Jizzax, Zomin, Qorovultepa suv omborlari qurilgan. 2001 yilda Arnasoy suv ombori qurila boshlandi. Arnasoy, Aydarko’l va Tuzkon ko’llaridan baliqchilikda foydalaniladi. Tog’yon bag’irlarida yovvoyi jiyda, archa, bodom, yong’oq, na’matak, zira, rovoch, zirk kabilar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan oq tirnoqli ayiq, chiyabo’ri, tulki, quyon, qobon, bo’rsiq, jayra uchraydi; burgut, Lochin, qora turna, bulduruq, tuvaloq, tustovuq, qirg’ovul, yovvoyi o’rdak, kaklik kabi qushlarning 150 dan ortiq turi mavjud. Viloyatda Zomin milliy bog’i, Zomin va Nurota davlat qo’riqxonalari tashkil qilingan. Tarkibida temir, oltingugurt, vodorod, radiy, kremniy kislotasi, karbon gazi, ishqor bo’lgan shifobaxsh mineral suvlar bor. G’allaorol, Forish, Mirzacho’l tumanlarida balneologik sanatoriylar faoliyat ko’rsatadi. Sulfat-xlorid natriyli Chimqo’rg’on balchig’idan fizioterapiya va davolash profilaktika muassasalarida foydalaniladi. Foydali qazilmalardan oltin, kumush, volfram, qo’rg’oshin, rux, temir, molibden, marmar, vollastonit, bazalt, granit, korund, ohak bor. Aholisi 1 kilometr kvadratga 46,9 kishi to’g’ri keladi (2001). Aholining ko’pchiligi o’zbeklar, shuningdek, qozoq, qirg’iz, tojik, rus, tatar, turk, ukrain, nemis, fors, arman va boshqalar. Jami 70 dan ortiq millat vakili yashaydi. Shaharliklar 30%, qishloq aholisi 70% ni tashkil etadi. Xo’jaligi. Jizzax viloyati respublika ishlab chiqarishda va madaniy taraqqiyotida salmoqli o’rin tutadi. Xususan, paxta, g’alla, sabzavot, meva, chorva mahsulotlari yetishtiriladi. Bog’dorchilikni rivojlantirishga e’tibor berilmoqda. Qurilish materiallari, xalq iste’mol mollari ishlab chiqaradigan korxonalar salmog’i oshdi. Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 2,5 milliard so’mdan ziyod kredit mablag’lari ajratildi. Faoliyat ko’rsatayotgan 9400 ga yaqin xo’jalik sub’yektlarining qariyb 8300 tasi nodavlat xo’jaliklaridir. Sanoati . Hozirgi Jizzax viloyati qadimdan Buyuk ipak yo’lida joylashganligi bu hududda savdo madaniyatining tez rivojlanishiga ta’sir etdi. Ilk o’rta asrlarda jahon bozorida Jizzaxda jun va teridan tayyorlangan mahsulotlarga talab katta bo’lgan. 8-9-asrlarda kulollik, zargarlik, aravasozlik kabi mahallalarining mavjudligi milliy hunarmandchilikning o’sha davrlarda rivojlanganligidan darak beradi. Viloyatdagi ishlab chiqarish sanoat tarmoqlarini hududiy jihatdan Jizzax, G’allaorol, Dashtobod, Do’stlik sh.laridagi sanoat tarmoqlariga ajratish mumkin. Bular foydali qazilmalarni qazib chiqarish, paxtachilik va irrigasiya bilan bog’liq bo’lgan tarmoqlar, paxtani qayta ishlash, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo, yengil sanoat (ip yigiruv, paypoq to’qish, ustki trikotaj fabrikalari), oziq-ovqat sanoatidir. Viloyatda qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, xalq iste’moli mollari ishlab chiqaruvchi korxonalarning salmog’i sezilarli. Shulardan Dashtobod qurilish materiallari, Zomin Oniks, Baxmal marmar, g’isht zavodlari, Dashtobod, Do’stlik un kombinatlari, Jizzax mebel fabrikasi ishlab turibdi. Jizzax viloyatida konchilik tarmog’i ham rivojlangan. Marjon buloq oltin koni, Qo’ytoshdagi ohak, vollastonit, volfram, Ko’tarmada ohak, Uchqulochda qo’rg’oshin konlari faoliyat ko’rsatmoqda. 1991 — 2001 yillar davomida Jizzax viloyatida jahon andozasi darajasidagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi zamonaviy qo’shma korxonalar tashkil qilindi. Viloyatda qo’shma, kichik va xususiy korxonalar mavjud. Qo’shma korxonalarda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining salmog’i tobora ortib bormoqda. “Jibri” (O’zbekiston — Buyuk Britaniya) qo’shma korxonasi yiliga 50 ming tonna chigitni qayta ishlab o’simlik yog’i ishlab chiqaradi, “kumush tola” (O’zbekiston— Tojikiston) qo’shma korxonasi yiliga 80 tonnadan ziyod ipak tolasini tayyorlaydi, “Paxta Interneyshnl” (O’zbekiston—Suriya) qo’shma korxonasi yiliga 10 ming tonna lintdan tsellyuloza ishlab chiqarish quvvatiga ega, “Baxmalsharob” (O’zbekiston—Polsha) qo’shma korxonasida mineral suvi qadoqlanadi. Shuningdek, paxta tolasidan eshilgan ip tayyorlovchi “Irjar- tekstil” (O’zbekiston—Pokiston), yog’-moy va sovun ishlab chiqaruvchi “Madina” (O’zbekiston—Xitoy), “Jizzax— Telekom” (O’zbekiston —Indoneziya), Qo’ytosh shaharchasida “vollastonit” ishlab chiqarish tsexi (O’zbekiston—Rossiya), sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Vostok LTD”, “Belogorsk” qo’shma korxonalarining hissasi sezilarlidir. Yiliga 1 million dona akkumulyator tayyorlovchi “O’zEksayd” qo’shma korxonasi faoliyat ko’rsatadi (2002). “Zilolateks” aktsiyadorlik jamiyatida 250 tonna nitron matosi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Qishloq xo’jaligi. Viloyat qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — paxtachilik. Paxta ekini maydoni viloyatdagi sug’oriladigan yer maydonining asosiy qismi (110 ming gektar) ni tashkil etadi. Viloyatning 12 tumanidan 10 tasida paxta ekiladi. 1994 yildan Jizzax viloyatida g’alla ekiladigan maydon keskin oshirildi. 2000 yilda 317,7 ming tonna g’alla tayyorlandi. G’allachilikni rivojlantirish uchun tabiiy sharoitlar va boshqa imkoniyatlar mavjud, viloyat qishloq xo’jaligida pillachilik xam salmoqli o’rin tutadi. Joylarda yiliga 440-480 tonna pilla yetishtirish imkonini beradigan tabiiy resurslar yaratildi. Qishloq xo’jaligida kartoshka, poliz, sabzavot, uzum, ho’l meva yetishtirish bilan ham shug’ullaniladi. Bir yilda 25-30 ming tonna kartoshka yetishtiriladi. Poliz va sabzavotdan yiliga o’rtacha 70 ming tonnadan hosil olinadi. Jizzax viloyatida 9,4 ming gektardan ortiq, maydon mevali bog’ (olma, behi, shaftoli, o’rik, olcha, gilos, anor), 7,9 ming gektar tokzor, 2,4 ming gektar tutzor, 410 gektar ko’chatzor. 78,7 ming gektar yer qo’riqxonaga aylantirilgan. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlar 1241,4 ming gektar, shu jumladan haydaladigan yerlar 478,5 ming gektar, shundan sug’oriladigan yerlar 266 ming gektar, lalmi yerlar 212,5 ming gektar, yaylovlar 850 ming gektar, pichanzorlar 12,5 ming gektar, ko’p yillik daraxtzorlar 21,5 ming gektar. Don ekinlari 212 ming gektar, paxta ekiladigan maydon 110,8 ming gektar, sabzavot- poliz ekinlari 10 ming gektar, ozuqa ekinlari 12,5 ming gektar, 165 ming gektar o’rmonzor bor. (2001). Jizzax viloyatida jamoa, davlat, shirkat va fermer xo’jaliklari mavjud. Fermer xo’jaliklarining salmog’i ortib bormoqda. Viloyat qishloq xo’jaligida chorvachilik alohida o’rin tutadi. Barcha xo’jaliklarda 280 mingdan ziyod qoramol, 800 mingdan ko’proq qo’y va echki, qariyb 15 ming ot, 410 mingga yaqin parranda boqiladi (2000). Transporti. Temir yo’l viloyatda asosiy transport turlaridan. Umumiy uzunligi 217 kilometr (2001). Avtomobil yo’llari ham salmoqli o’rin tutadi. Havo yo’llari Jizzax shahrini Toshkent va boshqa viloyat markazlari, shuningdek, Kavkaz, Qrim bilan bog’laydi. Jizzax shahri ko’chalarida trolleybus qatnovi yo’lga qo’yilgan. Madaniy-maorif, sog’liqni saqlash va sporti. 2000/01 o’quv yilida viloyatda 530 umumiy ta’lim maktabida 253 ming o’quvchi o’qidi. Gimnaziyalar, 2 akademik litseyda 647 o’quvchi ta’lim oladi (2002). Musiqa va sport maktablari, Gimnaziyalar faoliyat ko’rsatmoqda. Viloyatda 2 oliy o’quv yurti bor: Jizzax pedagogika instituti va Jizzax politexnika instituti. O’zbekiston g’allachilik ilmiy tadqiqot instituti, onalik va bolalikni muxofaza qilish ilmiy markazi faoliyat ko’rsatmoqda. Viloyat shahar va tumanlarida 1998-2001 yillarda 7 kollej va 2 akademik litsey binolari qurilib ishga tushirildi. Ular zamonaviy o’quv qurollari va texnika bilan jihozlandi. 32 kasb-hunar kollejida 17293 o’quvchi ta’lim oladi. Akademik litseylarda tayyorlov, asosan, 4 yo’nalishda olib borilayotgan bo’lsa, kasb-hunar kollejlarida 33 mutaxassislik bo’yicha o’qitiladi (2002). Viloyatda 5 muzey (Jizzax viloyat o’lkashunoslik muzeyi, Sharof Rashidov muzeyi, Zomin tarixi muzeyi, Hamid Olimjon muzeyi, mehnat qahramoni X. Nosirov muzeyi), 289 jamoat kutubxonasi (8 million nusxadan ortiq asar), 126 klub, 12 tuman Markaziy, 73 qishloq va shahar madaniyat uylari, 77 badiiy havaskorlik, 54 folklor-etnografik jamoalar, 12 maqomchilar guruhi, 60 xoreografik raqs dastalari, vokal va estrada guruhlari faoliyat ko’rsatadi. Jizzax viloyatida 3 teatr: Yunus Rajabiy nomidagi viloyat musiqali drama teatri, viloyat qo’g’irchoq teatri, Gagarin shahrida qozoq milliy teatri bor. Viloyatda 1996 yilda tashkil etilgan “O’zbeknavo” gastrol kontsert birlashmasi bo’limining yosh iqtidorli san’atkorlaridan L. Moskalyova, F. Ibragimova, G. Sultonova, O. Malikovlar “O’zbekiston —Vatanim manim”, “yangi taronalar”, “sado—99” ko’rik tanlovlarining g’olibi bo’lishdi. Jizzax viloyatida 5 madaniyat va istirohat bog’i, 2 bolalar bog’i, “Sangzor ko’li” istirohat bog’i, H. Olimjon nomidagi shoirlar bog’i, “O’rda” oromgohi, Jizzax, Zomin, G’allaorol, Paxtakor shaharlarida Xotira bog’lari, “Ma’naviyat va ma’rifat”, “salomatlik va go’zallik”, mahalla va yoshlar markazlari, “Istiqlol” yoshlar forumi, Baxt uylari bor. Viloyatda Parpiota, Navkatota, Avliyoota Malikajdarota, Sa’d ibn Vaqqos, Sayfinota, Savrikota, Qavsota ziyoratgohlari, Temur darvoza, Xuttot, Quyosh taqvimi obidalari, qadimgi Jizzax, Hoshim qo’rg’on, Abdullaxon qo’rg’oni, Ko’krabot, Sabat kabi arxeologik yodgorliklar mavjud. Jizzax viloyatida 67 kasalxona, 47 ta hududiy va 13 Markaziy kasalxona, 1 davolash markazi, 16 maxsus dispanser, 2,3 ming vrach, shu jumladan stomatologlar, 9,9 ming o’rta ma’lumotli tibbiy xodim bor. Viloyat tez yordam markazi, onalar va bolalarni muhofaza qilish ilmiy markazi, Markaziy bolalar shifoxonasi, viloyat tug’ruqxonasi, reabilitatsiya markazi, o’smirlar dispanseri kabi muassasalar tashkil etildi, 34 ta xususiy shifoxona, 170 dorixona, 7 ta fitobar ishlab turibdi. Sanatoriy bor (2002). Jizzax viloyatida sportning kurash, boks, Moto poyga, engil atletika, karate kabi turlarida respublika va xalqaro musobaqalar o’tkazish odatga aylandi. 2001 yilda Jizzaxda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimidagi o’quv yurtlari talabalarining “Barkamol avlod” sport o’yinlari o’tkazildi. Sportning 8 turi bo’yicha 2000 ga yaqin sportchi yoshlar Jizzax shahri, Paxtakor, G’allaorol, Baxmal tumanlaridagi stadion va sport zallarida bellashdilar. Viloyatda jami 28 stadion, 2 ta suv sporti saroyi, 18 tennis korti, 136 sport zali mavjud. Jizzax shahrida Olimpiya zaxiralari kolleji ishga tushirildi. Kollejda umumiy maydoni 9 gektar (72×102 metr yopiq sport maneji) sport majmuida bir vaqtda 11 turdagi sport mashg’ulotlari olib boriladi. Kollej 4 tennis korti, 1 suzish havzasi, 200 o’rinli yotoqxonaga ega. Shuningdek, 2 futbol maktabi faoliyat ko’rsatadi. Viloyat yosh sportchilari orasida boks bo’yicha Osiyo chempioni Lazizbek Zokirov, bir necha yillardan buyon shaxmat bo’yicha xalqaro musobaqalar sovrindori, respublika chempioni, o’quvchi Yulduz Hamroqulovalar bor. Adabiyoti. Jizzax viloyati qadimdan ilm-fan va ijodkorlar o’sib ulg’aygan yurt. Bu zaminda o’rta asrlarda Shayx Abulhasan Xarakoniy (950-1034), Shayx Aba Ali Fayumardiy (1084), Abu tala ibn Nasr ibn Jundabek al-Usrushoniy, Poyanda zaminiy, soki zaminiy kabi islom ma’rifati va fiqh ilmiga ulkan hissa qo’shgan allomalar yashab o’tgan. Keyinroq 19-20-asrlarda Maxmur Koriziy, Ubaydulloh Alamkash, Narzullo Narziy, Inomxon Maxjur singari ijodkorlar boy adabiy meros qoldirgan. 20- asr o’zbek adabiyoti rivojida Jizzaxda tug’ilib o’sgan Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Shukur Sa’dulla, Sarvar Azimov kabi adiblarning munosib hissasi bor. 20-asrning oxirlarida Jizzaxdan keldi qodir, Jonibek Quvnoq, Ergash Muhammad, Sa’dulla Hakim, Rustam G’aniev, Asror Mo’minov, Oqiljon Husanov, Sharofat Botirova, Ibrohim Donish, Sayyora To’ychieva, Venera Ibrohimova, Sattor Qoraboev, Meli Normatov, Farog’at Kamolova kabi ijodkorlar o’z mahoratlari bilan adabiy jamoatchilikka tanildi. Gulchehra Shahobiddin qizi, Shahlo Ahrorovalar she’riyati, qo’shiqchilik mahorati bilan ajralib turdi. Matbuoti, radio va televideniyesi. Jizzax viloyatida 2 viloyat gazetasi (“Jizzax haqiqati”, “Djizakskaya Pravda”), tuman va shahar gazetalari chiqadi. Viloyatda, shuningdek, tarmoq gazetalari, jurnallar ham nashr etiladi. Viloyat radiosi o’z eshittirishlari bilan viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotida o’z o’rni va mavqeiga ega. 1990 yilda Jizzax viloyati televideniesi tashkil etilib, uning birinchi ko’rsatuvlari efirga uzatildi. Jizzax shahrida “Baxtiyor — Shahboz” firmasining telestudiyasi ko’rsatuvlar olib boradi. Viloyat teleradiokompaniyasi haftasiga 4 soat, Jizzax sh. televideniesi 7 soat hajmdagi eshittirish va ko’rsatuvlar olib boradi. Jizzax shahrida kabelli televidenie ham ishlayapti. Teletomoshabinlar respublika televideniesi va Rossiyaning ORT, RTR kanallarini tomosha qilishlari uchun imkoniyatlar mavjud. Me’moriy va tarixiy yodgorliklari. Qadimgi va o’rta asrlarda bunyod etilgan me’moriy yodgorliklar bizgacha etib kelmagan. O’rta asrlarga oid ko’pgina qal’a- qo’rg’on va karvonsaroylar tepa va qo’rg’on (Ko’ltepa, Oqtepa, Rabot, Qo’rg’ontepa, Xonimqo’rg’on, Kaliyatepa) kabi nomlar bilan ataladi. Bularning soni 100 dan ortiq. Jizzax va G’allaorol tumanlari hududidagi Takalisoydagi qoyatoshlarda ibtidoiy chorvachilik, ovchilik davriga oid mingdan ortiq rasm, Baxmal, G’allaorol, Jizzax tumanlarida juda ko’p yer osti yo’llari saqlangan. 1956 yilda Baxmal tumani hududidan Budda ibodatxonasi qoldig’i topilgan. Parpiota, Malik Girkushoq, avliyoi serob, Nuriddin masjidlarining qoldiqlari saqlangan. Forish tumanida qadimgi “Band” to’g’oni qoldig’i hozir ham mavjud. Jizzax tumanida Uzunota qabri bor. Bu yerda Sohibqiron Amir Temur 1404 yil dekabrning so’nggi kunida bir kecha tunagan. Jizzax ruslar tomonidan bosib olingandan so’ng rus harbiy ish boshchilari nazoratida mahalliy aholi kuchi bilan barpo etilgan bir qancha imoratlar (uezd hokimi binosi, rus askarlari qarorgohi, qamoqxona, cherkov) saqlanib qolgan. O’rol Nosirov, Raya Nurqulova.