Jizzax “ZILOLATEKS” aktsiyadorlik jamiyati

Jizzax “ZILOLATEKS” aktsiyadorlik jamiyati – trikotaj (ust kiyim, bolalar kiyimi) mahsulotlari ishlab chiqaradigan sanoat korxonasi, “O’zbek yengilsanoat” davlat uyushmasi tizimida faoliyat ko’rsatadi. Korxona 1976 yilda Toshkent “Malika” trikotaj birlashmasi filiali negizida Jizzax shahrida tashkil qilingan. 1982 yilda Jizzax trikotaj birlashmasiga aylantirilgach, uning qoshida Hamroqul Nosirov nomidagi va “Marjonbuloq” tikuv fabrikalari tashkil etilgan. 1994 yilda esa hozirgi nomdagi aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, chegara qo’shinlari, shuningdek, xalq ta’limi tizimidagi korxona hamda muassasalarga yetkazib beriladi. Xom ashyo asosan Navoiy, Toshkent va Namangan viloyatlaridan keltiriladi. Korxona yiliga 3400 ming dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lib, texnologiyalar Germaniya, Yaponiya, Ukraina va Rossiyadan keltirilgan. Jamiyat qoshida 1997 yildan nitron mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona ishlaydi (yillik quvvati 270 tonna nitron). Korxona 2000 yil Frantsiya (Parij)da bo’lib o’tgan yengil sanoatchilar milliy assotsiatsiyasining oltin medali hamda sertifikati bilan taqdirlangan.