Jizzax shahrida madaniy qurilishning eng dolzarb vazifalaridan biri sanalgan xalq ta’limi tizimini shakllantirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi. Shaharda Sovet hukumatining xalq ta’limini amalga oshirishdan ko’zlagan asosiy maqsadi – yangi ta’lim tizimini shakllantirish, yalpisiga xalq savodxonligiga erishish barobarida aholi ongiga, shuuriga kommunistik g’oyalarni singdirish, bu g’oyaga xizmat qiladigan avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishga qaratilgandi.
Sovetlar hokimiyati o’rnatilgan dastlabki yillarda mahalliy xalqning xohish-istaklarini inobatga olib, eski va jadid usulidagi maktab va madrasalar faoliyatiga monelik qilmadi. Biroq, bu hol uzoq davom etmadi. 20-yillarning o’rtalariga kelib, uzoq yillar mobaynida o’zbek xalqi ma’naviy hayotining tarkibiy qismi bo’lib kelgan eski maktablar, madrasalar va ulardagi ta’lim tizimi faoliyati to’xtatildi. Yoshlarga bilim berayotgan ko’p sonli ziyolilarning vakillari, mullalar, mudarrislarning hayoti ta’qib ostiga olinib, og’ir sinovlarga duchor qilindi.
1921 yil 17 noyabrda Turkiston XKS aholi orasida savodsizlikni tugatish to’g’risida dekret chiqardi. Dekretga binoan Jizzaxda 8 yoshdan 40 yoshgacha bo’lgan kishilarni o’qitish va savodxon qilish ishlari boshlandi. Savodsizlikni tugatish kurslarida, asosan, mahalliy xalqni tobora sovetlar siyosati va mafkurasi ta’siriga olish, yangi tuzumga xayrixohligini kuchaytirishga e’tibor qaratildi.
Boshqa joylarda bo’lganidek, Jizzax shahrida ham ko’plab savodsizlikni tugatish kurslari tashkil qilinib, ularda turli yoshdagi kishilar o’z savodlarini chiqardilar. “Jizzaxlik”, “Oqqo’rg’onlik”, “Sovungarlik”, “Zargarlik” va boshqa mahallalarda 36 ta savodsizlikni tugatish kechki kurslari ochilib, turli yoshdagi erkaklar va xotin-qizlar o’qishga jalb etiladi. Jizzaxda o’nlab savodsizlikni tugatish kurslari faoliyat ko’rsatdi. 1920-1940 yillarda Jizzaxlik 9 yoshdan 50 yoshgacha bo’lgan aholining 80 foizdan ortig’i savodsizlikni tugatish kurslaridan o’tib, savodxon bo’ldi.
Katta yoshdagi kishilar uchun jamoatchilik asosida mehnatkashlarga madaniy-oqartuv xizmati ko’rsatadigan klub, choyxona, kutubxona va boshqa muassasalar tashkil etildi.
Jizzax shahrida yangi maktablar qurilishi va ularni malakali o’qituvchi kadrlar, o’quv qurollari bilan ta’minlar tadbirlarining amalga oshirilishi, ta’lim dargohlarida o’quvchilar sonining yil sayin o’sib borishiga olib keldi. Shaharda 1918 yilda Jizzax uyezd xalq maorifi bo’limi tashkil qilinib, unga o’z davrining o’qimishli kadrlaridan biri A.Haqberdiyev mudir etib tayinlandi. Maktablar va boshqa o’quv dargohlariga xo’jalik va tashkilotlarning otaliq yordamlari uyushtirilib, maktablarda o’quv jarayonlari amalga oshirildi. Darsdan tashqari olib boriladigan tarbiyaviy ishlar yo’lga qo’yildi.
Jizzax shahrida 1922-1923 o’quv yillarida 4 ta umumta’lim maktabida 325 o’quvchi tahsil olgan bo’lsa, 1924-1925 o’quv yilida 15 ta maktabda 1176 o’quvchi bilim oldi. 1931-1932 o’quv yilida esa o’quvchilar soni 3127 nafarga yetdi.
Jizzaxda 1921/22 o’quv yilidan tashkil etila boshlangan maktablar dastlab o’qituvchilarga boshlang’ich ta’lim (o’qish, yozish, hisoblash) berardi. 20-yillar o’rtalarida 7 yillik maktablar tashkil etiladi. 1934 yilda esa umumiy o’rta ta’lim maktablari 10 yillik maktablar sifatida shakllantirildi. Maktablar boshlang’ich (4 yillik), to’liqsiz o’rta (7 yillik) va o’rta (10 yillik) maktab turlariga ajratildi, boshlang’ich ta’lim olish majuriy qilib qo’yildi. 1938 yildan esa umumiy yetti yillik majburiy ta’lim joriy etildi.
Maktablar va ularda ta’lim oluvchi o’quvchilar sonining ortib borishi bilan malakali o’qituvchilarga bo’lgan ehtiyoj kuchaydi. Shu boisdan 1929 yilda Jizzax davlat pedagogika bilim yurti tashkil etildi va 1929/30 o’quv yilida unga 351 o’quvchi qabul qilindi. Zomin, G’allaorol, Forish tumanlarida ped-bilim yurtining maslahat punktlari tashkil etilib, sirtqi ta’lim ham yo’lga qo’yildi. Jizzax pedagogika bilim yurtiga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi Ahmad Imomnazarov, G’anijon Daminov, Mamatqul Hasanov, Olimjon Karimov, Ahmadjon Mustafoqulov, Sayyora Abdulahatovalar rahbarlik qildilar. A.Imomnazarov davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov, shoir Qodirjon Imomov, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida rahbarlik lavozimida ishlagan Sindor Hamroqulov, Ibrohim Qo’chqorovlarga ustozlik qildi.
Jizzax pedagogika bilim yurtida ta’lim olgan yoshlar orasida taniqli huquqshunos Sahob Rashidov, O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi, Respublika Oliy ta’lim a’lochisi, tarix fanlari doktori, professor Qamariddin Usmonov, tarix fanlari doktorlari, professorlar Donaqul Allamurodov, Qudrat Mamaqtulov, kimyo fanlari doktori, professor To’rabek Sirliboyev, iqtisod fanlari doktori, professor Norboy Beknazarov kabi respublikamizda taniqli olimlar yetishib chiqdi. Shoir, olim Orifjon Ikromov, Shamilbek Bolabekov, Akbar Ahmedov, Isxoq Hakimov, Vahob Egamov, Shukur Nosirov, Asil Rashidov, Ikrom Suyarov, Nizom Qo’shoqov, Vahob Jalilov, Ergash G’ulomov, O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi Dilbar Qurbonova, Qanoat Bozoov, O’ktam Eshonqobilov, O’ktam Bekmurodov kabi ustoz-murabbiylar – Ahmad Imomnazarov va pedagogika bilim yurtining boshqa hurmatli domlalarining munosib shogirdlaridir.
Rus-tuzem maktabi negizida tashkil topgan Narimonov nomli (hozirgi Sh.Rashidov nomli) boshlang’ich maktab 1926 yili to’liqsiz o’rta, keyinroq o’rta maktabga aylantirilib, shahar atrofidagi qishloq bolalari ham o’qishga jalb etildi. 1928-1929 o’quv yiliga kelib maktab o’quvchilari soni 271 nafarga yetib, ular orasida mahalliy qizlar soni ko’payib bordi. Ziyo maskaniga xalq maorifining jonkuyari, tajribali pedagog Yo’ldosh Hoshimov 1953 yilgacha direktorlik qilib, ta’lim-tarbiya ishlarini yaxshi yo’lga qo’yishda jonbozlik ko’rsatdi. Samarali mehnatlari evaziga Yo’ldosh Hoshimov ikki marta “Mehnat qizil bayroq” ordeni va medallar bilan mukofotlanib, “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi” unvoni bilan taqdirlandi. 1928 yil kuz oylarida O’zbekiston Xalq Komissarlari Sovetining raisi Fayzulla Xo’jayev Jizzaxga kelganda, Narimonov nomli maktab ta’lim-tarbiya ishlari bilan tanishdi. Fayzulla Xo’jayevning topshirig’iga ko’ra, maktabga o’quv qurollari sotib olish uchun 10 ming so’m mablag’ ajratildi. Bu mablag’ hisobiga qo’shimcha sinf xonalari, laboratoriya xonalari qurildi. Ko’rgazmali qurollar, adabiyotlar, musiqa asboblari sotib olindi.
Maktab o’qituvchilari soni oliy ma’lumotli va o’rta maxsus ma’lumotga ega bo’lgan o’qituvchilar hisobiga mustahkamlandi. Kimyo, biologiyadan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi Ibrohim Mustafoqulov, tabiatshunoslikdan Zaynulla Shafiyev, o’zbek tili va adabiyotidan Shahriniso Mirsoliyeva, rus tilidan N.Shishurina, boshlang’ich sinflarda To’laboy Yoqubov, Mamat Ahmedov, Asadulla Rahmatullayev, Maya Sulaymonova, Robiya Mingaliyeva, Rofi Zohidovlar yoshlarga saboq berdilar. 1932 yilda maktabni ilk qaldirg’ochlari bitirib chiqdi. Maktabni bitirganlar orasida Hamid Olimjon, Shukur Sa’dulla, Sharof Rashidov, O’ktam Oripov, Nazir Safarov, Yo’ldosh Toshpo’latov, Orif Saidov, Nasrulla Oxundiy, Polvon Azizov, Obloqul Murodov, Rizoqul Bobojonov, Qodir Hakimov, Sarvar Azimov, Fayzioy Ortiqova, Xursanoy Rashidovalar bor edi. Ularning aksariyati keyinchalik Jizzax pedagogika bilim yurtiga va boshqa shaharlardagi oliy o’quv yurtlariga kirib o’qishni davom ettirdilar. 1933-1939 yillarda shu maktabni bitirganlar orasida Mamat Ahmedov, Zokir Sanaqulov, Abdulahad Ahmadjonov, Qayum Shodiyev, Toshpo’lat Sharipov, Qodir Karimov, Ubaydulla To’raqulov, Nizom Qo’shoqov, Orifjon Ikromov, Muhammad Sharipov, G’affor Abdurazzoqovlar bor edi. XX asr jahonning 500 nafar buyuk jarrohi deb e’tirof etilganlar orasida akademik O’ktam Oripov ham mana shu maktabda tahsil ko’rgan edi. Maktab taraqqiyotiga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi, filologiya fanlari nomzodi Nizom Qo’shoqov, ilm-fan fidoyilari Zoirjon Qobilov, Tursunoy Xolmatov kabi faxriylar Dilorom Hamroqulova, To’lqin Yunusov, Mirzo Zoirjonovlar katta hissa qo’shdilar.
1980 yilda shahardagi eng keksa bilim maskani sobiq Narimonov nomli maktab bazasi tarkibida bir yo’la ikkita yangi maktab tashkil topdi. Bu maktablardan biri Hamroqul Nosirov nomli 16-umumta’lim o’rta maktabiga “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi” Tursunboy Xolmatov uzoq yillar direktorlik qilib maktabda ta’lim-tarbiya ishlarini yaxshilashga katta hissa qo’shdi. Ikkinchisi Sh.Rashidov nomli 10-o’rta umumta’lim maktabi bo’lib, unga Burxon Ahmedov, keyinchalik Dilorom Hamroqulova rahbarlik qildi.
Narimonov nomli maktabning sobiq o’zbek tili va adabiyot o’qituvchisi, ilmiy bo’lim mudiri lavozimida ishlab, ta’lim-tarbiya ishiga munosib hissa qo’shgan marhum Ubaydulla To’raqulov ish faoliyati haqida to’xtalishni lozim topdik.
Ubaydulla To’raqulov 1926 yilda Jizzax shahrining “Sovungarlik” mahallasida xizmatchi oilasida tavallud topdi. U 1954 yili Samarqand davlat universietini tugallagach, ish faoliyatini o’qituvchilikdan boshladi. 1952-1955 yillarda O’zbekiston Fanlar akademiyasining til va adabiyot instituti aspirantrasini tugatgandan so’ng, Narimonov nomli (hozirda Sh.Rashidov nomli) maktabda o’quv ishlari bo’yicha bo’lim mudiri, Jizzax tuman Xalq ta’limi bo’limining mudiri, tuman partiya qo’mitasining raisi, shahar partiya qo’mitasining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi. Shaharda obodonchilik va keng ko’lamdagi qurilish ishlarini amalga oshirishga katta hissa qo’shdi.
U.To’raqulov qaysi lavozimda ishlamasin, xalq ta’limi hayotiga aralashib keldi. O’zining samimiy maslahatlari bilan o’quv-tarbiya ishlariga ko’maklashdi. U bir necha bor qishloq, shahar, viloyat, 1980 yilda esa Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylangan, “Hurmat belgisi”, “Mehnat qizil bayroq” ordenlari, bir necha medallar, ko’plab faxriy yorliqlar bilan mukofotlangan edi. Bugungi kunda Jizzaxdagi bitta ko’cha, ustki trikotaj buyumlari korxonasi U.To’raqulov nomi bilan atalmoqda.
Maktabning sobiq o’quvchilari orasidan Sirdaryo viloyati prokurori, huquqshunoslik fanlari doktori F.Rahimov, qishloq xo’jaligi fanlari nomzodi I.Ochilov, shahar moliya bo’limi mudiri Ya.To’raqulov, Jizzax tuman sudyasi D.O’rolov, viloyat hokimligi mas’ul xodimlari B.Muzaffarov, K.Hamroqulov, “Jizzax ovozi” gazetasining bosh muharriri, Respublikada xizmat ko’rsatgan jurnalist A.Inomov va boshqalar yetishib chiqdi.
1979 yili maktabning 60 yillik yubileyi bo’lib o’tdi. Yubiley munosabati bilan maktab O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiuminin faxriy yorlig’i, o’quv ishlari bo’yicha director muovini B.Ahmedov, rus tili fani o’qituvchisi P.Ye.Filimonova, matematika o’qituvchisi R.Bobojonov, o’zbek tili fani o’qituvchisi P.Sobirovlar “Respublikada xizmat ko’rsatgan o’qituvchi” degan yuksak unvon bilan taqdirlandilar.
O’zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi Muqaddas Jo’rayeva rahbarlik qilayotgan hozirgi Shukur Sa’dulla nomli maktab 1918 yilda tashkil topgan ilm maskanlaridan biri. Maktabda tahsil olgan o’quvchilar orasidan o’tgan yillar mobaynida xalq xo’jaligining turli sohalarida xizmat qilayotgan ko’plab ilm sohiblari va rahbar xodimlar yetishib chiqdi. Ular orasida Jizzax davlat pedagogika instituti kafedra mudiri, biologiya fanlari doktori, professor Umarqul Rahmonqulov, Samarqand tibbiyot instituti prorektori tibbiyot fanlari doktori, professor Hamid Mamatqulov, militsiya general-mayyori, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan huquqshunos Otamurod Muhammadiyev, Sirdaryo viloyat Tez tibbiy yordam ko’rsatish markazining bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori, professor Hotam Umirov, taniqli shoir, Nazirjon Barakayev, O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Oqiljon Husanov, No’mon Mirzayev, O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vaziri mas’ul xodimi Dehqonboy Husanov, mehnat faxriysi Rahmatilla Muhammadiyev, shoira Sayyora To’ychiyeca va boshqa ko’plab taniqli shaxslar bilan maktab jamoasi faxrlanadi. Maktabning sobiq o’qituvchilari orasida O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, Abror Azimov, bir umr pedagog kasbini sharaflagan Ochil Qobilov, Normurod Ahmedov, No’mon To’rayev, Azimjon Badalov, Qoraqul Sayfullayev, Egam Shomansurov, Mustafoqul Muqimov, Damin Muhammadiyev kabi ko’plab fidoyi muallimlarning nomlari zo’r hurmat bilan tilga olinadi.
Shahardagi A.S.Pushkin nomli o’rta maktab 1918 yili tashkil topib, unga turli yillarda R.Salmina, M.Kochergin, Ye.Kartashov, V.Ximonidi va boshqalar rahbarlik qilgan edilar. Uzoq yillar davomida bu yerda G’.Usmonov, F.Usmonov, V.Tkachev, A.Mazalova singari pedagoglar o’quvchilarga puxta bilim berishda o’zlarining munosib hissalarini qo’shdilar. 1965 yili maktabga uch qavatli hashamatli bino qurib berilishi o’quv-tarbiyaviy ishlarning har tomonlama yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi.
Shaharda faoliyat ko’rsatayotgan barcha maktablarning o’z tarixi, yuksalish yo’li bor. Haydarbek Abdujabborov nomli 9-umumta’lim maktabi ham ana shunday ziyo maskanlaridan biri hisoblanadi. 1918 yili 25 avgustda maktabga birinchi marta 20 nafar o’quvchi jalb qilindi. Muzaffar Azimov, Muzaffar Yusupov, Ibrohim Shokirov, Imomqul G’ofurov, Ibrohim Ochilov, Murtazoqul Haydarov, Murtazoqul Ochilovlar maktabning ilk qaldirg’ochlari bo’ldilar.
Alisher Abdujabborov, Murtazoqul Haydarov, G’ulomjon Haydarov, Begim Hazratqulov, Azim Olimjonovlar birinchi o’qituvchilar bo’lib, ular o’quv-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishga juda katta hissa qo’shdilar. Ilm maskaniga turli yillarda Ismoil Qurbonov, Eshbekova, O’razboy G’afurov, Jasur Abdulahadov, Ergash G’ulomov, Said Qodirov, Abdulla Eshonqulov va boshqalar rahbarlik qilishdi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi Bahrom Rizayev rahbarlik qilgan yillari o’quv-tarbiyaviy ishlarni yaxshilash, maktabni shahardagi peshqadam ziyo maskanlaridan biriga aylantirishga munosib hissa qo’shdi.
Yangi maktablarni ochish va yoshlarni o’qishga jalb qilish uchun birinchi navbatda mahalliy aholidan o’qituvchilar tayyorlash lozim edi. 1920 yil may oyida Jizzax tumanidan bir guruh yoshlar Samarqanddagi uch oylik o’qituvchilar tayyorlash kursiga o’qishga yuborildi. Bular orasida Azim va Qosim Olimjonovlar, Mamajon Fayzulin, Xidir Shokirova, Umarxo’ja Sultonxo’jayev, Mustafoqul Tursunmuhammedovlar bor edi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlab qaytgach, “Cho’lmo’lkanlik” va “Toshkentlik” mahallalaridagi maktablarga o’qituvchi etib tayinlandilar. 1920 yil sentabrda Nasriddin Muhammedov “Cho’lmo’lkanlik” mahallasida ochilgan maktabga mudir, Umarxo’ja Sultonxo’jayev o’qituvchi qilib tayinlandi. O’sha yillari maktabda o’qigan birinchi qaldirg’ochlar: Mamajon Komilov, Zokirjon Normatov, Inom Sodiqov, Rasulxo’ja Daminov, Saidkarim Fayzullayevlar Jizzaxda o’z davrining tanilgan, yetakchi rahbarlari bo’lib yetishishdi.
1927 yilga kelib shaharda xotin-qizlar “Hujum” kompaniyasi munosabati bilan paranji tashlagan ayollar uchun “Cho’lmo’lkanlik”, “Toshkentlik” mahallalarida ham alohida maktab ochildi. Maktabning birinchi o’qituvchisi tatar ayoli Hanifa Usmonova bo’ldi. Birinchi xotin-qizlar maktabida Zebi Nazarova, Shahri Valixo’jayeva, Muhabbat Sirojiddinova kabi o’nlab o’zbek ayollari savod chiqardilar. 1929-1930 yillardan keyin shu qishloqning o’zidan yetishib chiqqan o’qituvchi ayollar savodsizlikni tugatishga juda katta hissa qo’shdilar. Qurbonoy Azizova, Tursunoy Nosirova, Adolat Olimjonova, Sohiba G’ozixonovalarning bu borada olib borgan xizmatlari katta bo’ldi.
Shahardagi maktablarda o’quvchilar soni yildan yilga ko’payib, maktablar soni kengayib bordi, 1-8 sinf hajmida bilim berila boshlandi.
1923 yilda “G’iyos qozi” mehmonxonasidagi mavjud sinflar bazasida “Namuna” boshlang’ich maktabi ochilib, Nasriddin Muhammedov mudir, Zaynulla Shafiyev, Ahmadjon Toshmuhammedovlar o’qituvchilik qilishdi. Ko’plab o’zbek qizlari o’qishga jalb etildi. Maktabning sobiq o’qituvchilari orasidan Xosiyat Qo’shnazarova, Buvrajab Begimova, Suymaxol Pardayeva, Xayri To’raqulova, Qumri Mansurova, Shahlo Nazarova kabi qishloq xo’jaligining peshqadam rahbarlari yetishib chiqdilar. Shaharda o’qituvchilik qilayotganlar orasida Xayriniso Yo’lchiboyeva, Ibodat Jumaboyeva, Xursanoy Yo’lchiboyeva, Adolat Olimjonova, Fotima Qodirova, Toifa Fayzulinalar bor edi. Jizzaxning bu ilk ma’rifat tarqatuvchi xotin-qizlari Kunduz kunlari maktabda o’qituvchilik qilib kech paytlari esa “Ko’nchilik”, “Jizzaxlik”, “Oqqo’rg’onlik”, “Zargarlik” mahallalarida katta yoshdagi kishilarga saboq berganlar.
1929 yilda ming yildan ortiq davr davomida foydalanib kelingan arab imlosi asosidagi o’zbek yozuvidan lotin grafikasiga o’tilishi, 1940 yilga kelib esa kirill-rus grafikasi asosidagi o’zbek alifbosiga o’tilishi Jizzax xalq ta’limida ko’plab qiyinchiliklar tug’dirdi. Natijada xalq ta’limida ko’plab qiyinchiliklar tug’dirdi. Natijada necha asrlar davomida xalq dahosi, o’zbek bobokalonlarimizning aql-zakovati bilan yaratilgan bebaho manbalar, asarlar, risolalarni o’qish va o’rganish mushkullashdi. Buning ustiga 1930 yildan e’tiboran maktablarda o’qish jarayonida qo’llanilayotgan o’quv qurollari, darsliklardan foydalanish cheklanib, bu sohaning jilovi markaz mutasaddilari qo’liga o’tdi. Moskvadan tayyorlab yuborilgan darsliklar, o’quv qurollari asosidan mashg’ulotlar olib borilishi milliy xalq ta’limi mazmuni va tabiatiga sezilarli salbiy ta’sir ko’rsatdi.
1930 yili shaharda katta yoshdagi bolalar savodsizligi asosan tugallandi. Katta yoshdagi chalasavod kishilarni o’qitish borasida bir qancha ishlar olib borildi.
Shaharda xalq ta’limini rivojlantirish uchun mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablag’lar 1934 yili 103 ming so’m, yangi maktablar ochish uchun 50 ming so’m va ta’mirlash ishlari uchun 10 ming so’m, o’quv qurollari, turli xil jihozlar sotib olish uchun 3500 so’m mablag’ ajratildi.
Shaharda klublar ishini yaxshilash, aholi o’rtasida targ’ibot ishlariga e’tibor berildi. O’sha yillari shaharda 2 ta klub, 4 ta kutubxona, 2000 dan ortiq badiiy va ilmiy adabiyotlar mavjud edi.
Jizzaxda yangi maktablar ochish va bolalarni o’qishga jalb qilish, ularga ta’lim berishda Zokir Normatov ham faol qatnashganligini alohida ta’kidlash joizdir. U Zokir Normatov qishloq maktabida yettinchi sinfni tugatgach, Samarqanddagi ikki yillik o’qituvchilar tayyorlash bilim yurtida tahsil oldi. 1932-1935 yillarda Zomin tumanidagi Jontut va Yosh qishloqlaridagi maktablarda o’qituvchilik qilib, yosh avlodga puxta bilim berishga munosib hissa qo’shdi.
Z.Normatov 1935-1941 yillari Jizzax tumanidagi sobiq “Oktabr” nomli maktabda o’qituvchi, mudir lavozimlarida faoliyat ko’rsatib, boshlang’ich maktabni to’liqsiz o’rta maktabga aylantirish, yoshlarning puxta bilim olishlari uchun har tomonlama sharoit yaratishda juda ko’p kuch va mehnat sarfladi.
Butun umrini xalq xizmatiga, yosh avlod tarbiyasiga baxshida etgan o’qituvchilar orasida O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi, ko’plab orden va medallar sohibi Nabi O’rolov ham bor edi.
1957 yili Toshkent chet tillar institutini imtiyozli diplom bilan tamomlagan Nabi O’rolov o’z mehnat faoliyatini Jizzax tumanidagi 17-umumta’lim maktabida boshlab, so’ngra 11 yil mobaynida Respublika Xalq ta’limi vazirligida muovin lavozimida ishladi. 1974 yilda Jizzax viloyati tashkil etilishi munosabati bilan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig’i, 1978-1985 yillarda Jizzax viloyati Ijroiya qo’mitasi muovini lavozimida ishlab, viloyat va Jizzax shahrida xalq ta’limi, madaniyati taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi.
Nabi O’rolov qaysi lavozimda ishlamasin, o’z bilimi, mehnati, talabchanligi bilan ajralib turardi. U 1985-1991 yillari viloyat Xalq ta’limi kasaba uyushmasida rahbarlik lavozimida ishlaganda butun e’tiborni ushbu soha xodimlari, talab ava faxriylarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash, huquqiy manfaatlarini himoyalash va sog’liqlarini mustahkamlashga qarati.
A.Navoiy nomli umumta’lim o’rta maktabi shahardagi ko’hna, ko’zga ko’ringan ilm maskani bo’lib, 1934 yili sobiq Kirov nomli maktab binosida filial tarzida tashkil topadi. Maktabga birinchi bo’lib Shaykul Qodirov mudir etib tayinlanadi. Maktabda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi Mamatqul Hasanov direktorlik qilgan 1950-1951 o’quv yilida ilk bor 17 nafar o’quvchi 10 sinfni bitiradi. Maktabga 1951 yildan to 1977 yilgacha O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi Ahmad Imomnazarov uzluksiz rahbarlik qilib, ta’lim-tarbiya ishlarini yaxshilashda juda katta xizmat qildi. 1977-1995 yillarda o’z kasbiga mehr qo’ygan O’zbekiston xalq maorifi a’lochisi Ostanaqul Bekboyev direktorlik qilib, ta’lim-tarbiyaviy ishlarni yaxshilashga munosib hissa qo’shdi. O’quvchilar soni yil sayin o’sib borishi munosabati bilan mazkur maktab bazasidan 2 ta maktab: 1962-1963 o’quv yilida Ulug’bek nomli 4-son, 1972-1973 o’quv yilida esa Otaulla Oxunboboyev nomli 6-son maktablari ajralib chiqdi. A.Navoiy nomli maktabning o’quv bazasi mustahkamlanib, qo’shimcha 940 o’rinli yangi o’quv binosi qurib bitkazildi. Bu esa o’quv-tarbiya ishlarini yangi bosqichga ko’tarishda muhim rol o’ynadi. O’tgan yillar mobaynida A.Navoiy nomli maktabni qariyb 5,5 mingdan ko’proq yoshlar tamomlab hayotga yo’llanma oldilar. Sobiq o’quvchilar orasidan ko’plab ko’zga ko’ringan fan doktorlari, professorlar, xalq xo’jaligining turli sohalarida barakali mehnat qilayotgan rahbar xodimlar, muhandislar, aholi sog’lig’ini saqlashda beminnat xizmat ko’rsatayotgan tibbiyot xodimlari yetishib chiqdi. Jumladan, Samarqand tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Bahodir Sobirov, ko’zga ko’ringan olimlar Ismoil Yusupov, Mahmud Bolabekov, Qahhor Hojimetov, Ortiqboy Eshonbov kabilar bilan maktab jamoasi haqli ravishda faxrlanadi.
Maktabning sobiq o’quvchilari bugungi kunda shahar, respublika miqyosida mas’ul lavozimlarda, ijodiy jamoalarda mehnat qilmoqdalar. Ular orasida Jizzax shahar hokimi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi Hakimjon Inomjonov, Zafarobod tumani hokimi Olimjon Mamatqulov, viloyat, “Mahalla” xayriya jamg’armasi raisi, qishloq xo’jaligi fanlari nomzodi Muqim Hasanov, dongdor paxtakor, Paxtakor tumanidagi fermer xo’jaligi boshlig’i Xolbuxi Rustamova, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, shoir Ibrohim Donish, tibbiyot fanlari nomzodi Islom Subhonqulovlar bor.
1973 yil 29 dekabrda Jizzax cho’lini o’zlashtirishni tezlashtirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumining qaroriga muvofiq Sirdaryo viloyatining Jizzax, Forish, Do’stlik, Zomin, Paxtakor, Mirzacho’l, Oktabr (hozirgi Zafarobod), Samarqand viloyatining Baxmal, G’allaorol tumanlari bazasida Jizzax viloyati tashkil qilinishi munosabati bilan ko’plab qishloq xo’jaligi va sanoat korxonalarining ishga tushirilishi, aholi sonining o’sishi natijasida maktab va maktabgacha ta’lim-tarbiya muassalarining soni oshib, malakali o’qituvchi kadrlarga bo’lgan talab kuchaydi.
Jizzax viloyatida malakali o’qituvchilarga bo’lgan ehtiyojning o’sib borishi inobatga olinib, sobiq Ittifoq Oliy Soveti Prezidiumining 1974 yil avgustdagi qaroriga muvofiq Jizzax davlat pedagogika institutining tashkil topishi viloyat uchun hamda ta’lim sohasida juda katta voqea bo’ldi.
Jizzax davlat pedagogika institutini tashkil etish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, malakali professor-o’qituvchilar bilan ta’minlashda o’sha paytdagi sobiq O’zbekiston Respublikasi rahbarlari Sh.Rashidov, N.Xudoyberdiyev, Jizzax viloyati rahbarlari S.Toirov, S.Nishonov, E.Islomovlarning xizmatini alohida ta’kidlash lozim.
Jizzax davlat pedagogika instituti rektori lavozimiga S.Ayniy nomli Samarqand davlat pedagogika instituti rektorining o’quv ishlari bo’yicha prorektori bo’lib ishlab kelgan filologiya fanlari nomzodi, dotsent (hozirda filologiya fanlari doktori, professor) B.O’rinboyev, o’quv-tarbiyaviy ishlar prorektori etib falsafa fanlari nomzodi, dotsent Z.Ubaydullayev tayinlandi. Dastavval o’z faoliyatini 2 ta fakultet, 4 bo’lim, 425 talaba va 19 professor o’qituvchilar bilan boshlagan institutning qisqa muddat ichida moddiy-texnika ta’minoti mustahkamlanib, o’quv-tarbiyaviy, ilmiy ishlarni yaxshilashda juda katta tashkiliy ishlar amalga oshirildi. 1989 yilda Jizzax pedagogika institutiga Abdulla Qodiriy nomi berildi. Institutda 1986-1990 yillarda pedagogika fanlari doktori, professor U.Nishonaliyev rektor bo’lib ishladi. Bu yillarda ham institutda yangi fakultet va bo’limlar ochilib, o’quv-tarbiyaviy va ilmiy ishlar zamon talablari darajasida olib borildi.