Jomboy tumani

Jomboy tumani – Samarqand viloyatidagi tuman. 1935 yil 9 Fevrlda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Bulung’ur tumani bilan birlashtirilgan, 1970 yil 7 dekabrda qayta tuzilgan). Shimolda viloyatning Payariq tumani, Jizzax viloyati, g’arbda Oqdaryo, Samarqand tumanlari, Sharqda Bulung’ur tumani, Janubda Toyloq tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,55 ming km2. Aholisi 114,3 ming kishi (2000). Jomboy tumanida 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Dehqonobod, Jomboy, Jo’riyat, Xolvoyi, Sherqo’rg’on, Qangli, Qoramo’yin, Qo’ng’irot), 1 shahar (Jomboy) bor. Markazi — Jomboy shahri. Tabiati. Jomboy tumani viloyatning Janubiy- Sharqiy qismida joylashgan, yer yuzasi past-tekislik va qirlardan iborat. Shimolda G’ubdin tog’i va tog’oldi tekisligi joylashgan. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27°, yanvarniki -2,6°. Yiliga 317 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 240 kun. Tipik bo’z tuproq, allyuvial o’tloqi, o’tloqi, o’tloqi-botqoq tuproqlar tarqalgan. Tuman Janubda Zarafshon daryosi oqib o’tadi. Sarisuv, Polvon, O’rta, Bulung’ur, Mirza va boshqa kanallari bor. Tog’oldi qismida cho’l o’simliklari, tekislikda esa beshbarmoq, qirqbo’g’im, qo’g’a, qamish va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, chiyabo’ri, quyon, yumronqoziq, qushlardan ko’kqarg’a, bulbul, kakku, laylak va boshqalar uchraydi. Jomboy tumani hududida Zarafshon qo’riqxonasi joylashgan. O’rta asrlarda tuman hududida Bedana qo’rig’i deb atalgan mavze bo’lgan. Aholisi, asosan o’zbeklar; shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga 208 kishi to’g’ri keladi. Qishloq aholisi 100,6 ming, shaharliklar 13,7 ming. Xo’jaligi. Jomboy tumanida 11 sanoat korxonasi, jumladan paxta tozalash zavodi, 3 ta qo’shma korxona, (eng muhimi “Samjinteks” O’zbekiston-Turkiya qo’shma to’qimachilik fabrikasi), qariyb 150 ta kichik korxona bor. Qishloq xo’jaligida paxtachilik, gallachilik, sabzavotchilik, chorvachilik bilan shug’ullaniladi. Jami yer fondi 55,9 ming gektar, shu jumladan sug’oriladigan yerlar 28,1 ming gektar. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar 46,9 ming gektar, o’rmon fondi yerlari 2,4 ming gektar. Paxta 6,2 ming gektar, g’alla 12,3 ming gektar, sabzavot 350 gektar yerga ekiladi. Tumanda 13 jamoa, 5 shirkat, 1 o’rmon, 1 chorva xo’jaligi mavjud. Tuman jamoa xo’jaliklari va shaxsiy xo’jaliklarda qariyb 42 ming qoramol, 20 mingga yaqin qo’y-echki bor. O’rmon maydoni 277 gektar. O’rmon xo’jaligida asosan, terak o’stiriladi. Tuman hududidan Toshkent—Samarqand temir yo’l o’tgan (17 kilometr). Xalqaro avtomobil yo’li 20 kilometr. Jami 56 umumiy ta’lim maktabida 31 mingdan ziyod o’quvchi, hunar litseyida 600 ga yaqin o’quvchi ta’lim olmoqda. Markaziy kutubxona, Markaziy bolalar kutubxonasi, 43 qishloq kutubxonasi, Markaziy madaniyat uyi, 18 qishloq madaniyat uyi, klub, maishiy xizmat ko’rsatish punktlari bor. 446 o’rinli 3 kasalxonada 198 vrach bo’lib, har 10 ming kishiga 17,3 vrach to’g’ri keladi. 1935 yildan “Jomboy tongi” gazeta nashr etiladi (adadi 1310).