Jonibek

Jonibek (7-1357) – Oltin O’rda xoni (1342-57), O’zbekxonning ikkinchi o’g’li. Rus va Litva knyazlarining ichki ishlariga aralashgan. Moskvaning ulug’ knyazlari Semyon Ivanovich Gordiy va Ivan II Ivanovich Krasniy Jonibekga qaram bo’lishgan. Jonibek o’z hukmronligi davrida Janubiy Ozarbayjonni Oltin O’rdaga qo’shish uchun kurashib Tabrizni egallagan (1356) va u yerda o’g’li Berdibekni hokim qilib qoldirgan. Jonibek o’z hokimiyatini mustahkamlash uchun Oltin O’rdada Islom dinini tarqata boshlagan (masjid va madrasalar qurdirgan, ulamolarni saroyga jalb etgan). Toj-taxt uchun bo’lgan kurashda bir guruh fitnachilar tarafidan o’ldirilgan. Jonibek o’limidan sal avval Tabrizda qo’zg’olon bo’lib, xalq Oltin O’rda noibini haydab chiqargan. Jaloyiriylar bu voqeadan foydalanganlar va hokimiyat Amir Uvays qo’liga (1356-74) o’tgan. ld.-Grekov B. D.,Yakubovskiy A. Yu., Oltin O’rda va uning qulashi, T., 1956.