JO’RAYEVLAR
JO’RAYEVLAR — Samarkandlik aka- uka toshtarosh ustalar: 1) Jalil Jo’rayev (1892-1977) toshtaroshlikni tog’asi Abdurayim Obidovdan o’rgangan. O’rta Osiyo davlat universiteti (ishchilar fakulteti)da ta’lim olgan (1923-25). Samarqanddagi “Marmar” (1927-35), “Gornyak” (1936-43) artellarida ishlagan; 2) Bolta Jurayev (1893-1973) me’morlikni otasi usta Jo’radan o’rgangan. “Marmar” (1929— 35), “Gornyak” (1937-43) artellarida ishlagan. Jo’rayevlar Samarqand, Toshkentda ko’pgina binolarni bezashda qatnashgan: Toshkent temir yo’l vokzalining eski binosi, Toshkent kuranti, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumi binosi, hozirgi “Bahor” kontsert zali; Navoiy teatri binosining marmar zinalari bezagi uchun Davlat mukofotiga sazovor bo’lgan (1948). Asarlaridan namunalar respublika muzeylarida saqlanadi.