Joul (Joule) Jeyms Preskott

Joul (Joule) Jeyms Preskott (1818.24.12, Solford, Lankashir — 1889.11.10, Seyl, Cheshir) — ingliz fizigi. London Qirollik jamiyati a’zosi (1850 yildan). Ilmiy ishlari elektromagnetizm va issiqlikka oid. Energiyaning saqlanish qonunini tajribada asoslagan. Issiqlikning mexanik ekvivalentini topgan. Joul o’tkazgichdan tok o’tganda ajralib chiqadigan issiqlik miqdori tok miqdori kvadratiga va elektr qarshiligiga to’g’ri mutanosib ekanligini (Joul—Lents qonunini, E. X. Lentsdan mustaqil ravishda) asoslagan (1841), issiqlikning mexanik ekvivalentini aniqlagan (1843). Joul ingliz fizigi U. Tomson bilan birga gaz g’ovak to’siqlardan o’tganida uning temperaturasi o’zgarishini tajribada ko’rsatib bergan (1854). Bu hodisa Joul — Tomson effekti deb ataladi va u gazlarni suyultirishda muhim o’rin egallaydi. Joul termodinamik temperatura shkalasini hisobladi, temperatura T tushunchasini fanga kiritdi, magnitning to’yinishini payqadi va boshqa ishlar bilan shug’ullandi.