JO’YAK

JO’YAK — tuproqning mexanik tarkibi, ekin turi va ekish usuliga ko’ra kuzda yoki baxrrda yer yetilganda olinadigan ekish arig’i; ikki pushta o’rtasidagi ariq. Ko’proq kartoshka va poliz ekinlari Jo’yak olib ekiladi. Jo’yakning “ilon izi”,”dandana”, to’g’ri (egat) xillari bor. Jo’yakning egat xili keng tarqalgan. “Ilon izi” (“aylanma”) shaklida olingan Jo’yakning kengligi 80— 90 santimetr, chuq. 40-50 santimetr, pushtasi (ikki arig’i o’rtasi) poliz ekinlari uchun 1,5—2,5 metr, boshqa ekinlar uchun 60— 80 santimetr kenglikda olinadi. Uning bir burilishi bilan ikkinchi burilishi o’rtasidagi oraliq yer Nishabiga qarab 4-7 metr. Jo’yakga quyilgan suv oyoqlagach, etagidan boshlab, Jo’yak suv bilan (2/3 qismgacha) to’lishiga qarab, quloq bog’lab chiqiladi (har 1-2 ariqning suv bilan to’lgan joyi tuproq tortib bekitiladi). Jo’yakning nam chiqqan yeriga urug’ ekiladi. Ekin butun o’suv davrida Jo’yakdan sug’orib turiladi. Jo’yakning burilgan joyiga chim bosib, suvni oqova qilib quyish ham mumkin. Jo’yakning “dandana” usulida Jo’yak barmoq shaklida olinadi, uzunasiga tortilgan o’q ariqdagi suv boshi berk (barmoq) ariklarga to’ldirib qo’yiladi. Jo’yakning “ilon izi” va “dandana” turlari asosan ketmon bilan ochiladi (mexanizatsiyadan foydalanib bo’lmaydi). Egat — 100-150 metr va undan ortiq uzunlikda bir-biriga parallel olingan Jo’yaklardir. Paxtachilikda markyor tashlab 120 yoki 180 santimetr kenglikda va 25-30 santimetr chuqurlikda olinadi. Ekin Jo’yakning ikki tomoniga yoki ikki qirg’og’iga ekiladi. Gullash fazaida ekilgan qatorlar o’rtasidan egat ochilganda 90 yoki 60 santimetrli qator oralig’i hosil bo’ladi, ekin Pushta o’rtasida qoladi. Tekis dalaga nisbatan Jo’yakdagi tuproqning havo-issiqlik va suv rejimi qulay bo’ladi. Jo’yakda urug’ tushgan atrof va undan pastroqda tuproq harorati boshqa joylarga qaraganda 0,9—3,0° ko’proq isiydi. Abdurahim Ermatov.