Jubron, Xalil Jubron
Jubron, Xalil Jubron (1883.6.1, Livan, Bshirro qishlog’i — 1931) — Arab yozuvchisi, faylasuf, rassom. Arab, ingliz tillarida ijod qilgan. Ilk ijodi romantik ruhda (“Halil-kofir”, “isyonkor ruhlar” hikoyalar to’plamlari). “Singan qanotlar” (1912) qissasi mashhur. “Ko’z yoshlari va tabassum” (1914) to’plami 60 ga yaqin saj (qofiyalangan Nasr) bilan yozilgan kichik she’riy parchalardan iborat bo’lib, unga “mening tug’ilgan kunim”, “shoir avlodi” kabi romantik asarlari kiritilgan. “Namoyishkorona yurish” (1918) falsafiy-she’riy asari yozuvchi dunyoqarashini aks ettirsa, “bo’ron” (1920) to’plamida hayotda uchraydigan loqaydlik, boqimandalik, ikkiyuzlamachilik (munofiqlik) kabi illatlar tanqid qilinadi. “Aqldan ozgan” (1918), “oldinda yuruvchi” (1920), “Payg’ambar” (1923), “qum va ko’pik” (1926), “Iso — inson o’g’li” (1928), “Yer xudolari” va boshqa asarlari G’arb kitobxonlariga mo’ljallangan. Jubron ijodida o’z falsafiy qarashlarini targ’ib qilishga harakat qilgan. Uningcha, faqat ma’naviyat eng yuksak qadriyat namunasi bo’la oladi va ruhning buyukligini aks ettiradi. YUNESKO qarori bilan 1983 yilda butun jahonda Jubron tavalludining 100 yilligi nishonlangan.