Jurjon, Jurjoniya

Jurjon, Jurjoniya (forscha Go’rgon) — o’rta asrlardagi viloyat va shahar. Kaspiy dengizining Janubi-sharqida, Eronning shimolida joylashgan. Arablar Jurjon viloyatini Xurosonga nisbatan kech zabt etganlar (717 yil). Jurjon shahri arablar davrida bunyod etilgan. 10— 11-asrlarda Jurjon shahri mahalliy Ziyoriylar sulolasi poytaxti bo’lgan. Jurjonning siyosiy mavqei pasaygan bo’lsa ham, Arab geograflarining ta’kidlashlariga qaraganda, kaspiy bo’yi viloyatlarida eng katta shahar hisoblangan. Jurjon viloyati hosildorligi, turli xildagi madaniy o’simliklari, o’zining ipagi bilan Shuhrat qozongan. Jurjon shahridan o’tgan daryo uni 2 qismga: Shahriston va Bakrobodga ajratgan, ular o’zaro ko’prik bilan bog’langan. Shaxriston o’ng qirg’oqda, Bakrobod so’l qirg’oqda joylashgan. 10-asrdayoq shahar Somoniylar va Buvayhiylar o’rtasidagi urushlar natijasida tanazzulga uchragan, Ziyoriylar kim g’olib bo’lsa o’sha tomonga o’tib turishgan. Ziyoriylar davrida qurilgan Qobus ibn Vashmgir maqbarasi (1007-07) hozirgacha saqlanib qolgan. Jurjonning dengiz porti bo’lib Go’rgon daryosi quyi oqimida, hozirgi Kumushtepa qishlog’i o’rnida joylashgan Abeskun gavani xizmat qilgan. Uning yonida sanoat shahri sifatida Astrobod ham qayd etib o’tilgan. Amir Temur va Temuriylar davrida Astrobod shahri yuksalib, viloyat ham uning nomi bilan mashhur bo’lgan. O’rta asrlarda ilm-fan taraqqiy etgan Jurjondan ko’plab olimu fuzalolar yetishib chiqqan. Ad.: Bartold V. V., Sochineniya, t. 7, M” 1971.