Juvayniy, Abulma’oliy Ziyovuddin Abdulmalik ibn Abdulloh Juvayniy

Juvayniy, Abulma’oliy Ziyovuddin Abdulmalik ibn Abdulloh Juvayniy (1027-1086) — nishopurlik mashhur olim, faqih, mudarris. Dastlab fiqh, hadis, tafsir va adab ilmlari bobida o’z zamonasining allomasi bo’lmish otasi Abu Muhammad Abdulloh ibn Yusuf Juvayniy (?-1043) dan tahsil olgan. Otasi vafot etgach, bir muddat uning o’rnida mudarrislik qilgan. So’ng ilm talabida Iroqqa safar qilib, bir oz vaqt Bag’dodda yashagan. Keyin, Hijozga borib, avval Makkai Mukarramada, so’ng Madinai Munavvarada toat-ibodat, tahsili ilm bilan mashg’ul bo’lmoq barobarida muftilik ham qilgan va shu bois “Imom ul-Haramayn” (“ikki Haram — Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara imomi”) degan unvonga sazovor bo’lgan. Saljuqiylar sultoni Alp Arslon hukmdorligi (1063-72)ning dastlabki yillarida Nishopurga qaytgan. Sultonning mashhur vaziri Nizomul-mulk Juvayniy uchun Nishopurda “Nizomiyya madrasasi”ni tashkil qilgan. Juvayniy 30 yil mazkur madrasada mudarrislik qilish bilan birga fatvo, va’z, xutba va vaqf ishlarini ham ado etgan, fiqh, tafsir va hadisga doir ko’plab asarlar yozgan.