Juvayniy, Xoja Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad Juvayniy
Juvayniy, Xoja Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad Juvayniy (?— 1284) — Xulokuiylar davlati arbobi. Tarixchi Alouddin Juvayniyning birodari. Xulokuiylar (elxonlar)dan Huloku (1256-82) hukmronligi davrida qariyb 30 yil sohibi devon (vazir) bo’lgan. Ahmad bilan Shahzoda Arg’un (1284-91 yillarda hukmdorlik qilgan) o’rtasidagi taxt uchun kurashda Arg’un yengib chiqqach, Juvayniy va uning to’rt o’g’li tabrizda qatl qilingan. Juvayniy raiyatparvar, halol kishi bo’lib, xalq va davlat ravnaqiga katta hissa qo’shgan. U o’zi olim, adib va shoir bo’lish bilan birga ilm va san’at ahli homiysi edi. Mantiqqa oid “Shamsiyya” nomli risola uning qalamiga mansub bo’lib, Sa’diy o’zining “Sohibiyya” nomli hikmatli turkum she’rlarida Juvayniy va uning faoliyatini nazarda tutgan.