Juvonmard Alixon, Juvonmard Sulton, Muiniddin Javonmardali Sulton bin Abu Saidxon

Juvonmard Alixon, Juvonmard Sulton, Muiniddin Javonmardali Sulton bin Abu Saidxon (?-1578.6.10) — Samarqand hokimi (1572-78). Shay- boniylardan. Ko’nkunchixonning nabirasi. Xorazmdagi o’zaro ichki nizolardan foydalanib Movarounnaxrdagi shayboniylardan Ubaydullaxon, Baroqxon (Navro’z Ahmadxon) va Hisor sultonlari bilan birgalikda 1532/33 yillarda Xorazmga qilingan yurishda qatnashgan. Baroqxon davrida akasi Gadoyxon bilan Farg’onada hokim bo’lgan, so’ngra ular Abdullaxon II bilan ittifoq bo’lib Baroqxon vafotidan so’ng Samarqandni egallagan Boboxondan shaharni tortib olishadi (1557). Samarqand Juvonmard Alixonning akasi Sulton Sa’idga topshiriladi (1557-72). Uning vafotidan so’ng Juvonmard Alixon taxtga o’tiradi. Juvonmard Alixon Abdullaxonning Toshkent va Turkiston xonlari Boboxon va Darveshxonlarga qarshi kurashida faol ishtirok etgan, jumladan qo’shinning o’ng qanotiga o’g’illari Abulxayr Sulton va Muzaffar sultonlar bilan birga bosh bo’lgan. 1578 yil bahorida ota-bolalar o’rtasida nizo chiqadi. Abdullaxon 2 oylik qamaldan so’ng (12 aprel-13 iyun) shaharni egallaydi. Juvonmard Alixon oila a’zolari bilan Navqo qal’asiga qamalgan. 1578 yil 6 oktabrda Abulxayr Sulton Abdullaxonning inisi Ibodulla Sulton o’rdugohida o’ldirilgach, Hofiz tanish Buxoriyning yozishicha, “qutli hukmga muvofiq Eshimbiy Jaloir Navqoga bostirib kirib… Juvonmard(xon)ni ikki bolasi bilan (birga) nobud qildi…”(“Abdullanoma”, 1-j., 314 b.). Juvonmard Alixon Samarqand obodonchiligiga katta e’tibor bergan, jumladan uni katta hammom soldirgani (1574) ma’lum. Juvonmard Alixon she’riyatga ixlosmand bo’lib, o’zi ham she’rlar yozgan. “Tazkirat ush-shuaro” muallifi Mutribiy uning saroyida (70-yillar) xizmat qilgan. Jo’ybor Xojalari Muhammad Islom uning piri bo’lib, Juvonmard Alixon u bilan xat yozishib turgan. Ad.: Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993; hofi z tanish al- Buxoriy, Abdullanoma, 1-kitob, T., 1999; Ahmedov B. A., Istorikogeograficheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv, T., 1985.