KABO-VERDE

KABO-VERDE (savo Verde), kabo-Verde Respublikasi (Republica de Cabo Verde) — Atlantika okeanida, G’arbiy Afrika sohili yaqinidagi Yashil burun orollarida joylashgan davlat. 10 ta yirik va 5 ta mayda Orolni o’z ichiga oladi. Maydoni 4,033 ming kilometr kvadrat. Aholisi 405 ming kishi (2001). Ma’muriy jihatdan 14 tuman (conselho) ga bo’linadi. Poytaxti — Praya shahri. Davlat tuzumi. Kabo-Verde — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1992 yilda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident (2001 yildan P. V. Piresh). U umumiy, to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi oliy organi — umumiy saylov yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadigan Milliy assambleya (bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni prezident va bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Orollar, asosan, vulkanlardan hosil bo’lgan. Qirg’oqlari tik va qoyali; qulay tabiiy gavanlari kam. Relefi — asosan, tog’li. Eng baland cho’qqisi 2829 metr (Fogu orolida). Iqlimi — tropik, passat. O’rtacha oylik temperatura 22°— 27°. Yillik yog’in 100 — 250 millimetr. Bot-bot qurg’oqchilik bo’lib turadi. Daryolari kam. O’simligi cho’l va chala cho’lga xos. Hayvonot turlari oz. Dengiz qushlari ko’p. Qirg’oq atrofi suvlari baliqqa boy. Fosforit, binokorlik materiallari, jumladan, gips konlari bor. Aholisining 62% mulatlar, 35% Afrikaliklar (fulbe, balante, manjaklar); shahar aholisi 30%. Rasmiy tili — portugal tili. Aholining 98% — katoliklar. Tarixi. Kabo-Verde joylashgan yashil burun orollarini Portugaliya ekspeditsiyalari 1456 va 1460 yillar orasida kashf etgan. O’sha paytgacha bu yerda odam yashamagan. Afrikadan qullar, Portugaliyadan dehqonlar ko’chirib keltirildi. 1495 yil Portugaliya mustamlakasi deb e’lon qilindi. 15-16-asrlarda bu hudud Afrikaning Gvineya soqili yonidagi qul savdosi markazlaridan biriga aylandi. Qul savdosi tanazzulga uchrashi bilan (1876 yil tamoman man etildi) bu yerdan AQSh va boshqa mamlakatlarga ko’chib ketish ommaviy tus oldi. 2-jahon urushi (1939-45)dan keyin Portugaliya va uning ittifoqdoshlari Kabo-Verdening port va aerodromlaridan Gvineya-Bisau, Angola va Mozambikdagi milliy ozodlik kuchlariga qarshi kurashda oraliq baza sifatida foydalandi. 1951 yilda Portugaliyaning “dengiz ortidagi viloyati” maqomini oldi. 50-yillardan Kabo-Verdeda milliy ozodlik harakati kuchaydi. Bu harakat portugaliya mustamlakasi Gvineya-Bisau xalqlarining ozodlik kurashi bilan chambarchas bog’liq bo’ldi. Bu kurashga Gvineya va Kabo-Verde mustaqilligi afrikaliklar partiyasi (PAIGK, 1956 yil tashkil topgan) rahbarlik qildi. 1972 yilda Portugaliya Kabo-Verdega “mahalliy muxtoriyat” huquqini berdi. 1974 yil 24 aprelda Portugaliyadagi fashizm rejimi ag’darib tashlangach, PaIGK bilan Portugaliya muvaqqat hukumati o’rtasida Kabo-Verdega 1975 yil 5 iyuldan mustaqillik berilishi haqida bitim imzolandi. 1974 yil dekabr oxirida o’tish davri hukumati tuzildi. 1975 yil 30 iyunda Xalq milliy Majlisiga birinchi saylov o’tkazildi. Kabo-Verde o’sha yili iyulda Afrika birligi tashkilotiga, sentabrda BMT ga qabul qilindi. 1975 yil oxiriga kelib, Kabo-Verde 60 davlat bilan diplomatiya munosabatlari o’rnatdi. 1986 yil 6 Fevralgacha mamlakatning nomi portugalchadan tarjima qilinib, yashil burun orollari deb atab kelindi. Kabo-Verde 1992 yil 16 yanvarda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami — 5 iyul — Mustaqillik kuni (1975). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Kabo-Verde mustaqilligi afrikaliklar partiyasi (PAIKV), 1956 yilda tuzilgan; 1981 yildan hozirgi nomda; demokratiya uchun harakat, 1990 yilda asos solingan. Kabo-Verde mehnatkashlari milliy birlashmasi — kasaba markazi, 1978 yilda tashkil toptan. Xo’jaligi. Iqtisodiy jihatdan zaif agrar mamlakat. Xo’jaligining asosini qishloq xo’jaligi tashkil etadi. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligining ulushi 11%, sanoatning ulushi 10%. Iqtisodiy faol aholining 80% qishloq xo’jaligida band. Tez-tez bo’lib turadigan qurg’oqchilik qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi. Aholining oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojlarini qoplamaydi. Mustaqillik e’lon qilingach, mustamlakachilik oqibatlarini tugatish choralari ko’rildi; milliy taraqqiyot jamg’arasi tuzildi, qishloq xo’jaligini rivojlantirish favqulodda dasturi ishlab chiqildi, kooperatsiyaning turli shakllarini rivojlantirishga, sanoat korxonalari barpo etishga kirishildi. Qishloq xo’jaligi. Aholining an’anaviy mashg’ulotlari — dehqonchilik va baliqchilik. Ichki ehtiyoj uchun makkajo’xori, kartoshka, dukkakli don ekinlari, maniok, no’xat, qizil qalampir, pomidor ekiladi. Eksport uchun kakao, banan, shakarqamish, yer yong’oq, tamaki, kanakunjut, indigo yetishtiriladi. Chorvachiligida qoramol, echki, qo’y boqiladi. Baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. Sanoati dengiz maxsulotlarini qayta ishlash, tuz qazib olish va boshqa korxonalardan iborat. Spirt (shakarqamishdan), sovun, o’simlik moyi va tsement ishlab chiqaradigan korxonalari bor. Eksport uchun tuz va pussolan qazib olinadi. Hunarmandchilik rivojlangan. Temir yo’l yo’q. Avtomobil yo’llarining uzunligi 5,6 ming kilometr. Yiliga o’rtacha 36 million kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Asosiy porti — Mindelu (San-Visenti orolida). Sal orolida yirik aerodrom bor. Asosan, Portugaliya, Niderlandiya, Ispaniya, Frantsiya bilan savdo qiladi. Chetga baliq, banan, qand- shakar, tuz sotadi. Chetdan oziq-ovqat, mashina-uskunalar, neft mahsulotlari keltiradi. Pul birligi — Kabo-Verde eskudosi. Xalq ta’limi. 1960-yillarning oxirida aholining 90% dan ko’prog’i savodsiz bo’lgan. Maktab tizimi Portugaliya ta’sirida shakllandi. Maktablarda ta’lim portugal tilida olib boriladi. Mustaqillikka erishilgandan keyin (1975), 6 yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun bepul majburiy ta’lim joriy etildi. Boshlang’ich maktabda o’qish muddati 4 yil, o’rta maktabda 5 yil qilib belgilandi. O’rta maktab ikki bosqich: 2 yillik tayyorlov sinflari va 3 yillik katta o’rta maktab (litsey) dan iborat bo’ldi. 1980-yillarning boshidan maktab tizimi yangidan tuzildi. Maktabda o’qish muddati 11 yil, 6 yil asosiy maktabda, 3 yil to’liqsiz o’rta maktabda va 2 yil to’liq o’rta maktabda o’qiladi. To’liq o’rta maktabda gumanitar, tabiiy-ilmiy, texnika bo’limlari bor. Mamlakatda 3 pedagogika bilim yurti va industrial maktab ishlaydi. Oliy o’quv yurti yo’q. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Kabo-Verdeda bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Asosiylari: “Boletin informativu” (“Informatsion byulleten”, haftanoma, 1976 yildan), “Boletin ofisialda Republika Di Kabo-Verde” (“Kabo-Verde Respublikasi rasmiy byulleteni”, hukumat haftanomasi), “voj Di povu” (“Xalq ovozi”, hukumatning portugal tilida chiqadigan haftalik gazeta, 1975 yildan),”Raizesh” (“ildizlar”, Portugal tilida har chorakda chiqadigan adabiy jurnal, 1977 yildan), “tribuna” (“minbar”, haftada 2 marta chiqadigan gazeta, 1984 yildan), “Unidadi i Luta” (“birlik va kurash”, oylik jurnal, 1976 yildan). Kabopress agentligi hukumat axborot agentligidir. Kabo-Verde radiotelevideniesi hukumat ixtiyorida. “San-Visenti ovozi” hukumat radiostansiyasi 1975 yil tashkil etilgan. Adabiyoti portugal va kreol tillarida. Mahalliy kreol tilida boy og’zaki adabiyot shakllangan. Xalq she’riy va qo’shiq ijodiyotining shakllaridan biri — mornlar (muhabbat va ayriliq haqidagi mungli qo’shiqlar) ayniqsa keng tarqalgan. Bu mavzular Kabo-Verde adabiyotida an’anaga aylandi. E. Tavarish, P. Kardozu va boshqa shu janrda ijod qildilar. Jorji Barboza madaniy-ma’rifiy va adabiy jurnallar tashkilotchilaridan biri bo’ldi. O. Alkantar “Shikino” va M. Lopish “Sharqiy shamol fosh etadi” romanlarida ijtimoiy motivlar, birinchi marta ijtimoiy tengsizlik mavzui qalamga olindi. A. Fonseka she’rlarida Portugal “mustamlaka jannati”ni fosh etdi. Shoir Kabverdiano Dambara kreol tilida ijod qilib, xalqlarning mustaqillik uchun kurashini kuyladi. A. A. Gonsalvishning qissalari, M. Ferreyraning romanlari 60-70-yillarda Kabo-Verde adabiyotida salmoqli asarlar bo’ldi. 80-90-yillar adabiyotida eskilikni inkor etish va buzish bilan cheklanmay, yangilik yaratishga intilish tamoyillari bo’rtib ko’rindi. Romanu Di Meluning portugal va kreol tillarida nashr etilgan “qopqora” romani bunga misol bo’la oladi.