KADASTR

KADASTR (Fransuzcha cadastre) — muayyan ob’ektlar to’g’risida tartiblashtirilgan aniq, va zaruriy ma’lumotlar majmui, ro’yxati, reestri (masalan, yer kadastri, suv kadastri kabilar). Rasmiy davlat organi yoki muassasasi tomonidan tuziladi va yuritiladi. Boshqa davlatlardagi kabi O’zbekiston Respublikasida tabiat resurslari, noyob o’simlik va hayvonlar Kadastrlari ham bor (masalan, 1960-2001 yillarda Jizzax viloyati Zomin tekisligida o’tkazilgan 40 yillik Kadastr tadqiqotlari 1965 yilda 1 m2 maydonda urg’ochi qoraqurtning o’rtacha zichligi 2,5 dona bo’lganligini, 2001 yilda bu ko’rsatkich 0,05 donani tashkil etganligini ko’rsatdi, insonning tabiatga salbiy ta’siri oqibatida qoraqurt soni kamayib ketganligi aniqlandi). O’zbekiston Respublikasida davlat Kadastrlari yagona tizimiga kiruvchi davlat va tarmoq tabiat resurslari Kadastrlarini tuzish va yuritish O’zbekiston Respublikasining “Davlat kadastrlari to’g’risida” qonuni (2000 yil 15 dekabr)ga muvofiq olib boriladi.