KADENTSIYA

KADENTSIYA, kadans (lotincha cado — tugayapman) — 1) muayyan musiqa tuzilmasini yakunlovchi garmonik yoki oqang iborasi, kuy yoki akkordlar rivojiga yaxlitlikni baxsh etadi. Kadentsiyaning bir nechta turi bo’lib (to’liq, mukammal, o’rta, xotima va boshqalar), ular asar parchalarini bir-biridan ajratib, ayni vaqtda, musiqa tuzilmalarining o’zaro mantiqan bog’lanishiga ham xizmat qiladi; 2) kontsert kabi yirik asarlardan o’rin olgan, yakka ijrochi (solist) uchun mo’ljallangan erkin shaklli virtuoz musiqa lavhasi. Kadentsiya ijrochining yuksak mahoratini namoyish etishga qaratilgan.