KAGOR

KAGOR (Frantsiyaning Kagor shahri nomidan) — qizil rangli uzum navlari (Kaberne-Sovinon, Kaxeti, Saperavi, Takveri, Morastel va boshqalar) dan tayyorlanadigan desert vino turi. Kagor quyuq to’q qizil rangi bilan ajralib turadi. Tarkibida 16-17% spirt, 16-25 g/sm3 qand bor. Kagor turidagi vinolar texnologiyasining muhim xususiyati: shirasi 20% dan kam bo’lmagan uzum g’ujumlari eziladi va sharbat turpi bilan birga 55— 75° ga qadar qizdiriladi (ba’zan g’ujumlar qaynab turgan suvga 2-3 minut botirib olinadi, so’ngra eziladi). Bu usul vinoga o’ziga xos ta’m beradi va bo’yoq, fenol va boshqa ekstraktiv moddalarning sharbatga o’tishini ta’minlaydi. So’ngra 1,5—2 soat davomida tindiriladi, bu jarayonda sharbat bot-bot aralashtirib turiladi, so’ngra 25° gacha sovitilib 2-3% sof drojji undirmasi qo’shiladi. Qand bo’yicha (kamida 2 g/100 sm3) yetarli konditsiyaga qadar achigandan keyin sharbat ajratib olinadi, turpi 2 marta presslanib sharbati ajratiladi. Ularga spirt qo’shiladi va olingan vino materiallar bochka yoki butlarda 3 yil saqlab yetiltiriladi, so’ngra shishalarga quyiladi.