Kalamushlar

Kalamushlar (Rattus) — kemiruvchilar turkumining bir urug’i. Sichqonsimonlar oilasiga mansub. Tanasi cho’ziq, dumi uzun va tangachalar bilan qoplangan. Kalta oyog’ida siyrak jun bor. Qulog’i katta, juni siyrak (ayrim turlariniki junsiz). 60 turi ma’lum. Yer yuzida keng tarqalgan. O’zbekistonda ombor, ya’ni kulrang kalamush va Turkiston kalamushi, Turkmanistonda qora kalamush tarqalgan. Ombor Kalamushlarining bo’yi 25 santimetrcha, dumi nisbatan kaltaroq, kam jun, ko’pincha tangachalar bilan qoplangan, malla yoki jigarrang aralash ko’ng’ir tusli, korni xira oq. Yer yuzida keng tarqalgan. Vatani — Sharqiy Xitoy. O’zbekistonda 2-jahon urushi davrida paydo bo’lgan. Urushdan keyingi yillarda Toshkentda ariq bo’yi, molxona, omborlarda kulrang Kalamushlar keng tarqalib, Turkiston Kalamushlarini siqib chiqardi. Ombor Kalamushlar juda serpusht. Urg’ochisi yilda 3 marta, har gal 1 — 15 tadan bolalaydi. Bolasi 3-4 oyda voyaga yetadi. Kalamushlar hayvonlar murdasi, o’simliklar va ularning qoldiqlari bilan oziqlanadi. Oziq-ovqat, donlarga, ba’zan mo’yna, gazmollarga zarar yetkazadi. Albinos formasi (oq Kalamushlar)laboratoriya hayvoni hisoblanadi. Turkiston kalamushining bo’yi 12-23 santimetr, dumi bo’yiga teng. Rangi ombor Kalamushlarga o’xshaydi, ammo korni ancha oq. Shimoliy Hindiston va O’rta Osiyo tog’larida yashab, ko’pincha yong’oqzorlarda daraxt ildizlari ostida va turli kovaklarda uya yasaydi. Juda serpusht. Bir yilda 4— 5 marta 2-13 tadan bolalaydi. Har xil o’simlik va mayda jonivorlar bilan oziqlanadi. Tog’da mevalarga zarar yetkazadi. Kalamushlar o’lat kabi yuqumli kasalliklarni tarqatadi. Qora Kalamushlar gavdasining uzunligi 13-19 santimetr, dumi 13,5—23 santimetr, vatani — Hindiston. Bu yerdan hamma qit’alarga o’tgan. O’rta Osiyoda faqat Turkmanistonda uchraydi. Yilda 3-5 martadan 4-13 tagacha bolalaydi. Kalamushlarga qarshi kurashish uchun mexanik, kimyoviy va biologik vositalardan foydalaniladi.