KALEYDOSKOP

KALEYDOSKOP (Yunoncha kalos — chiroyli, eidos — ko’rinish va skopeo — ko’raman, kuzataman) — ichiga bir- biriga nisbatan 60° burchak ostida joylashtirilgan 3 ta ko’zgu plastinkalari o’rnatilgan trubka. Ingliz fizigi D.Bryuster 1817 yilda kashf qilgan. Trubkaning bir tomoni xira shisha bilan berkitilib, turli rangdagi shisha siniqlari solinadi, ikkinchi tomoniga kuzatish uchun shaffof shisha o’rnatiladi. Trubka aylantirilganda xira shisha qo’yilgan uchida dam-badam o’zgarib turadigan turli shakllar ko’rinadi. Kaleydoskopdan me’morlik, to’qimachilik va boshqa sohalarda nusxalar olishda foydalaniladi; u bolalar o’yinchog’i sifatida ham ishlatiladi.