KALININ MIXAIL IVANOVICH
KALININ MIXAIL IVANOVICH [ 1875.7(19). 11, hozirgi Kalinin viloyati Kashino tumani — 1946.3.6, Moskva] — 1917 yilgi Fevral inqilobi va Oktabr to’ntarishi qatnashchisi. Butun Rossiya MIK raisi (1919 yildan), SSSR MIK raisi (1922 yildan), SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1938 yildan). 1926 yildan partiya MK Siyosiy byurosi a’zosi (1919 yildan a’zolikka nomzod). I. V. Stalin siyosatini qo’llab-quvvatlab, 1930-40 yillardagi ommaviy qatag’onlarga sanktsiya bergan. 1925 yil Fevralda milliy davlat chegaralanishi o’tkazilishi munosabati bilan O’rta Osiyo (Toshkent)ga kelgan va milliy davlat chegaralanishi bo’yicha markaz nomidan tegishli yo’l-yo’riqlar bergan. Oqibatda Turkiston xalqlari birga yashab kelgan o’lkalarni sun’iy ravishda chegaralash vositasida ajratib-bo’lib yuborish siyosati yuritila boshlangan.