KAMAR
KAMAR — kiyim ustidan belga taqiladigan to’qali belbog’, enli tasma. O’rta Osiyo xalqlarida qadimdan mavjud bo’lib, ko’pincha aslzodalarning hashamdor kiyimlarining tarkibiy qismiga kirgan, shuningdek, harbiylar va ovchilar ham taqqan. Kamar uzun kiyim (to’n, chopon) ustidan belga taqilgan hamda qilich, xanjar va boshqa qurollarni osishga xizmat qilgan. Charm, Baxmal va boshqa matodan tayyorlangan Kamarlarga kashtalar tikib, zargar ustalar chizma, kandakori, shabaka, bosma, sovotkori usulida ziynatlagan yirik shaklli (dumaloq, guldasta, yarim yoy, bodom va boshqalar) to’g’nog’ichlar qadab bezalgan. Bunday hashamdor Kamarlar urfdan qolgan. Hozir Kamar, asosan, charm, zarbof va boshqa matolardan tayyorlanadi.