KAMERLING-ONNES (KAMERLINGH ONNES) XEYKE

KAMERLING-ONNES (KAMERLINGH ONNES) XEYKE (1853.21.9, Groningen — 1926.21.2, Leyden) — golland fizigi va kimyogari. Gollandiya Fanlar Akademiyasi a’zosi. Past temperaturalar fizikasi asoschilaridan biri. Gazlarni suyultirish mumkin bo’lgan yuqori unumli qurilmani ishlab chiqqan. Suyuq vodorodni olgan (1906). Birinchi bo’lib mutlaq nolga yaqin temperatura hosil qilgan va bir nechta moddaning xossalarini tekshirgan. Suyuq geliy hosil qilish usulini ishlab chiqqan va birinchi bo’lib uni olgan (1908). Kamerling-Onnes 1,04 K past temperaturani olishga muvaffaq bo’lgan va jismlarning past temperatura sharoitidagi xossalarini o’rganib chiqqan. Suyuq geliyning qovushqoqligi, zichligi, solishtirma issiqlik sig’imi va temperaturasini o’lchagan. U simob, qalay va boshqa ba’zi elementlarning o’ta o’tkazuvchanligini kashf qilgan (1911), kuchli magnit maydoni ta’sirida o’ta o’tkazuvchanlikning buzilishini kuzatgan (1913), o’ta o’tkazuvchanlikdan juda kuchli magnit maydonni hosil qilishda foydalanishni taklif qilgan. Nobel mukofoti laureati (1913).