Kamol Xo’jandiy
Kamol Xo’jandiy (taxallusi; ismi Kamoliddin Mas’ud, 1321, Xo’jand — 1401, Tabriz) — fors-tojik shoiri. Toshkent, Turkiston, Samarqandda ma’lum muddat yashab, tahsil ko’rgan. Mo’g’ul istilosi tufayli o’z vatanini tark etgan. Xorazm, Sheroz Arab mamlakatlariga borgan, Makkada bo’lgan. Qaytishda Tabrizda yashab qolgan. 1385 yilda Oltin O’rda hukmdori To’xtamish Tabrizni bosib olgach, Kamol Xo’jandiyni saroy shahriga olib ketgan. Kamol Xo’jandiy 1389 yilda Tabrizga qaytgan. U umr bo’yi vataniga qaytishni orzu qilgan. She’rlarida g’ariblikdan shikoyat, Vatanni qumsash motivlari aks etgan, insoniy sevgi ulug’langan. U, asosan, g’azallari bilan shuhrat qozongan. Navoiy Kamol Xo’jandiy ijodiga yuksak baho berib, uni Sa’diy, Xusrav Dehlaviy, Salmon Sojaviylar bilan bir qatorga qo’ygan (“Nasoyim ul-muhabbat”). As: Devon, T., 1962.